Aholining turmushi sifati, farovonligi va daromadini oshirish mamlakatdagi islohotlarning asosiy maqsadidir. Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar sezilarli natija koʻrsatmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat organlari faoliyatidagi ustuvor tamoyil inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan. Bunday boshqaruv fuqarolarning yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarini qisqa muddatda manzilli hal etish uchun yaxlit tizimni shakllantirish imkonini berdi. Natijada eng olis va borish qiyin hududlar infratuzilmasi ham yaxshilandi. Sanoat tarmoqlari kengaydi. Zamonaviy texnologiyalarga asoslangan korxonalar soni ortmoqda.

Muhimi, aholi bandligini taʼminlash, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarni egallash uchun zarur sharoitlar shahar va tuman markazlari bilan birga eng chekka hududlarda ham yaratilmoqda.

Barqaror rivojlanishni taʼminlash zamonaviy iqtisodiy oʻzgarishlar sharoitida ustuvor yoʻnalishlardan. Shu bois, jarayonda strategik rejalashtirish alohida ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida ilgari surilgan taklifga muvofiq, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan konseptual hujjat “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi qayta koʻrib chiqildi.

Uning maqsadli koʻrsatkichlari, hozirgi oʻsish surʼatlari chuqur tahlil qilindi va jahondagi vaziyatni inobatga olgan holda yangilandi. Hujjat loyihasining jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgani, ayniqsa, alohida ahamiyat kasb etdi. Uni takomillashtirishda fuqarolardan kelib tushgan takliflar ham inobatga olindi. Bu esa strategiyani tom maʼnoda xalqchil hujjat, deb atash imkonini beradi. Hujjatning Prezidentimiz tomonidan tasdiqlanishi yakunlovchi bosqich boʻldi. Aynan shu voqea 16-fevral kuni oʻtkazilgan taqdimotning markaziy nuqtasi boʻldi.

Shu kuni davlatimiz rahbariga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi. Mazkur loyihalar ilgʻor xorijiy tajribaga tayanib, mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqildi. Ularda davlat siyosatining joriy yildagi asosiy yoʻnalishlari va maqsadli koʻrsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda. Dasturlar davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan.

Ahamiyatlisi, bu jarayonda “hujjat ishlab chiqishdan natijaga erishish” tamoyiliga oʻtilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari, yil yakunida ijro natijalari boʻyicha KPI belgilangan. Dasturlar toʻgʻridan toʻgʻri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar boʻyicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturi ijrosi uchun shaxsan javobgar boʻlgan masʼul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti belgilanmoqda.

Tegishli farmon bilan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi, 337 banddan iborat amaliy tadbirlar rejasi, ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy va strategik normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati ham tasdiqlandi.

2026-yilda sohalar boʻyicha eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida eʼtibor qaratiladi.

– Jamoatchilik muhokamasi natijalariga eʼtibor bersak, avvalo, farmon loyihasiga fuqarolar qoʻshimcha takliflar bildirganini alohida taʼkidlash kerak, – deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Eng asosiysi, jamoatchilik muhokamalarida aholining faolligi oshdi. Buni yurtdoshlarimizning deyarli barcha sohada oʻz takliflari bilan ishtirok etganida ham koʻrish mumkin.

Davlat dasturi 23-yanvar — 1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targʻib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, davlat dasturi loyihasiga kiritildi. Bundan tashqari, AQSH, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozogʻistonda vatandoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qoʻshimcha taklif olindi.

Dasturlar ijrosini moliyalashtirishga 250,5 trillion soʻm ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablagʻ jalb qilinishi koʻzda tutilgan. Davlat dasturi ijrosi boʻyicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring yuritadi. Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi. Har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oyda Prezidentimizga axborot kiritib boradi. Biriktirilgan masʼullar har chorakda ijro holati yuzasidan Prezidentimizga axborot berib boradi.

Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi. Tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi.

Barcha islohot va chora-tadbirlar, avvalo, odamlar hayotida aniq natija berishi, yangi ish oʻrinlari koʻpayishi, daromadlar oʻsishi va aholi roziligida oʻz aksini topishi zarurligi qayd etildi.

Mahallalarga yangi Oʻzbekiston qiyofasi kirib boradi

Mazkur farmon Oʻzbekistonda davlat va jamiyat boshqaruvining eng quyi boʻgʻini boʻlgan mahalla institutining rolini yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida belgilangan vazifalar mahallani shunchaki maʼmuriy tuzilma emas, balki ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarning oʻsish nuqtasiga aylantirishga qaratilgan.

Bu yoʻnalishdagi islohotlarning asosiy mohiyati quyidagi muhim jihatlarda aks etadi.

Iqtisodiy faollik va bandlik. Mahallalarda 10 mingta ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalari amalga oshirilishi orqali joriy yilda 100 mingta yangi ish oʻrni ochiladi. Bu aholi bandligini taʼminlash bilan birga, mahallabay ishlash tizimining samaradorligini oshiradi.

Kambagʻallikka qarshi kurash. 3500 ta mahallani kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish maqsadi davlatning ijtimoiy siyosati manzilli va natijador boʻlishini taʼminlaydi.

Infratuzilmani modernizatsiya qilish. Sohaga yoʻnaltirilayotgan 20 trillion soʻm mablagʻ mahallalarning qiyofasini tubdan oʻzgartirish, yaʼni ichki yoʻllarni tartibga solish, ichimlik suv va energiya taʼminoti kabi eng dolzarb muammolarni hal etishga xizmat qiladi.

Zamonaviy boshqaruv va nazorat. Ijroni 24/7 rejimda onlayn nazorat qilish tizimi davlat organlarining mahalla oldidagi masʼuliyatini oshirib, muammolarning byurokratiyasiz, tezkor yechilishiga imkon beradi.

Umuman olganda, ushbu islohotlar mahallani xalq bilan davlat oʻrtasidagi ishonchli koʻprikka va “farovonlik manzili”ga aylantirishni maqsad qilgan.

Mahalla raislari mahalladagi mablagʻlar xarajatlari boʻyicha har chorak yakuni boʻyicha xalqqa ochiq hisobot berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi, – deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev. – Mahalladagi ichki yoʻllar, piyodalar va velosiped yoʻlaklarini tashkil etish boʻyicha ham alohida yoʻnalishlar ishlab chiqildi.

Mahallalarda biznes-inkubatorlarni tashkil etish, daraxtlarni kesish holatlari boʻyicha javobgarlik choralarini yanada kuchaytirishda maqsadida yigirmaga yaqin yoʻnalishda takliflar bildirilgan. Jami 1 million 300 mingga yaqin kishining bandligini taʼminlash va 181 ming oilani kambagʻalikkdan chiqarish masalalari belgilab olingan. Mol-mulk va yer soligʻining 15 foizi, ayrim jarimalarning 10 foizi mahallalar jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladi.

Texnologik va innovatsion oʻsish modeli

Davlat dasturida iqtisodiy islohotlarning aniq yoʻnalishlari va aniq natijaga yoʻnaltirilgan koʻsatkichlari belgilab berildi. Yaʼni soha va tarmoqlarni texnologik oʻsish modeliga oʻtkazish orqali joriy yilda YAIM hajmini 167 milliard dollar, iqtisodiy oʻsishni 6,6 foiz darajasida taʼminlash ustuvor vazifa boʻladi. Shu bilan birga, inflyatsiya darajasini 6-6,5 foizga tushirish, byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash, ishsizlikni 4,5 foizgacha, kambagʻallikni esa 2,8 foizgacha tushirish koʻzda tutilgan. Bu koʻrsatkichlar iqtisodiy islohotlarning bevosita inson manfaatlariga xizmat qilishini anglatadi.

Investitsiya va xizmatlar bozori. Iqtisodiyotga 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi va xizmatlar bozori hajmining 100 milliard dollardan oshirilishi yangi texnologiyalar va innovatsiyalar oqimini tezlashtiradi.

Qurilish va infratuzilma. Qurilish hajmini 30 milliard dollarga yetkazish va 3500 dan ziyod yangi xizmat koʻrsatish obyektlarini ishga tushirish hududlardagi urbanizatsiya va infratuzilma rivojiga kuchli turtki beradi.

Kasblarni rivojlantirish boʻyicha ustuvor islohotlar

Kasblarni rivojlantirish dasturi mehnat bozorini tubdan yangilash va aholini ommaviy kasbiy tayyorlashga qaratilgan. Dastur doirasida ishsiz va kam taʼminlangan 400 ming kishi kasb-hunar, xorijiy til va tadbirkorlikka oʻqitiladi, 200 mingga yaqin maktab bitiruvchisining texnikumlarda kasb egallashi taʼminlanadi.

– Joriy yilda Toshkent shahri va viloyati, Buxoro va Fargʻona viloyatlarida toʻrtta data-markaz, ikkita superkompyuter va 15 ta OTMda sunʼiy intellekt labaoratoriyasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, – deydi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov. – Bu orqali 100 dan ortiq sunʼiy intelekt loyihalari amalga oshiriladi. Shu bilan birga toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi tashkil etiladi. Natijada mamlakatimizda oʻrta va yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmini 5-7 foiz oshirishga erishiladi.

Davlat dasturida ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyot tarmoqlariga kengroq joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsad qilingan. Tadqiqotchilar salohiyatini kuchaytirish orqali mamlakatimizda intellektual resurslar koʻlamini kengaytirish va ilmiy-texnologik rivojlanishni jadallashtirish koʻzda tutilmoqda.

– Kabiy taʼlim sohasidagi yangiliklardan biri sifatida dual taʼlim ishtirokchilariga stipendiya toʻlash tartibi belgilanmoqda. Joriy yilning oʻzida 100 mingdan ortiq oʻquvchi stipendiya bilan taʼminlanadi. Shuningdek, hududlarda Xitoy ustaxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi, – deydi Kasbiy taʼlim agentligi direktori Azimjon Husanov. – Shuningdek, kasbiy taʼlim sohasida oʻquvchilarning xalqaro koʻrik-tanlovlardagi ishtirokini munosib ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy etilmoqda.

Mustaqil taʼlimni rivojlantirish uchun 100 dan ortiq kasbni oʻrgatuvchi milliy platforma ishga tushiriladi va 24 ta malaka baholash markazi tashkil etiladi. Taʼlimdan ishga oʻtishni taʼminlash maqsadida “Karyera” elektron platformasi orqali 1,6 million talaba va bitiruvchi, hamda 50 mingdan ziyod ish beruvchi yagona mehnat bozoriga ulanadi.

Texnikum tizimi kengaytirilib, 100 mingdan ziyod oʻquvchiga stipendiya tayinlanadi. Xalqaro taʼlim dasturlari asosida 8000 oʻquvchi tayyorlanadi. Shuningdek, 20 ta Oʻzbekiston – Xitoy ustaxonasi tashkil etiladi. Umuman, dastur ommaviy kasbga oʻqitish, malaka sertifikatlash va raqamli mehnat bozori orqali iqtisodiyot uchun zamonaviy, raqobatbardosh kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan.

Ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanish

Ekologik muvozanatni taʼminlash va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha islohotlar mamlakatda “yashil” iqtisodiyotni shakllantirish hamda tabiiy resurslarni tejashga qaratilgan ustuvor choralarni qamrab oladi. Ushbu yoʻnalish doirasida ilgʻor texnologiyalarni joriy etish hisobiga 7 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishi, atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olinishi koʻzda tutilgan.

– Aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlib kelayotgan kunlik ekologik muammolar ushbu dasturda eʼtiborsiz qoldirilmagan, – deydi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov. – Masalan, aholining ekologik transport, yaʼni elektromobildan foydalanishini ragʻbatlantirish nazarda tutilmoqda. Bunda imtiyozli avtokreditlar berish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat korxonalari atmosferaga chiqarayotgan tashlanmalarni kamaytirish borasida ham qator vazifalar belgilangan.

Mamlakatimizning ayrim hududi subtropik iqlimga ega. U yerda issiqxonalar faoliyat yuritsa, ularga gaz, koʻmir kerak boʻlmaydi. Buni inobatga olgan holda Tashkent shahri va viloyati hududida faoliyat yuritayotgan issiqxonalar subtropik hududlarga koʻchirilsa, ularga qoʻshimcha soliq imtiyozlari, subsidiya qoʻllanishi koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, 504 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali 5 milliard kub metr suv iqtisod qilinadi. Kadrlar tayyorlash va ekologik madaniyatni kuchaytirish maqsadida 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab har bir hududda 14 ta “yashil” texnikum dual taʼlim asosida tashkil etiladi. Shu bilan birga, ekspluatatsiya muddati oʻtgan avtomobillarni utilizatsiya qilish va ularni qayta ishlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Elektromobillardan foydalanish koʻlamini kengaytirish uchun aholiga 16 foizgacha imtiyozli kredit ajratish tartibi joriy etiladi.

Suv resurslarini tejash va infratuzilmani modernizatsiya qilish ham asosiy yoʻnalishlardan. Eng asosiysi, yaqin yillarda suv tejovchi texnologiyalar koʻlami 60 foizdan 80 foizga kengaytiriladi. Xususan, ochiq drenaj, kollektor va kanallarni yopiq tizimga oʻtkazish, 1300 kilometr kanal va sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish orqali yiliga qoʻshimcha 500 million kub metr suv tejash rejalashtirilgan.

Umuman, mazkur choralar ekologik xavflarni kamaytirish, resurslardan samarali foydalanish va aholi uchun barqaror hamda sogʻlom yashash muhitini shakllantirishga qaratilgan.

Davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish

Hujjatda aks etganidek, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish maqsadida Oliy Majlis palatalarining tashqi qarzni boshqarish sohasidagi, deputatlarning mahallalarda yashil bogʻlar, yashil jamoat parklarini tashkil etishdagi vakolatlari kengaytiriladi.

Sud-huquq tizimida adolat va shaffoflikni taʼminlash maqsadida oʻta ogʻir jinoyat ishlarini sudda jamoatchilik vakillaridan iborat xalq vakillari hayʼati ishtirokida koʻrib chiqish amaliyoti joriy etiladi. Shuningdek, jinoyat protsessida majburlov choralari qoʻllanishi ustidan sud nazorati kuchaytirilib, tergov sudyalari vakolati kengaytiriladi.

Bundan tashqari, korrupsiya, giyohvandlik, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik kabi jamiyat uchun dolzarb tahdidlarga qarshi kurashishning samarali tizimi yoʻlga qoʻyilib, huquqiy tartibot va jamoat xavfsizligini taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etiladi.

Dastur xalq muhokamalari asosida shakllanib, tasdiqlandi. Maqsad va unga erishish yoʻllari belgilab berildi. Moliyalashtirish manbalari aniq. Farmon bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar)lar hokimlariga islohotlar dasturlarini hududlar kesimida amalga oshirish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklatilmoqda.

Davlat dasturi bilan tanishar ekanmiz, har bir band, har bir boʻlim aniq maqsad va natijaga asoslanganiga guvoh boʻlamiz. Asosiysi, davlat dasturi ijrosiga nafaqat davlat idoralari, balki jamoatchilik va nodavlat tashkilotlar ham keng jalb etilyapti. Shuningdek, parlament va jamoatchilik nazoratiga tayanilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, hujjat har tomonlama puxta ishlangan, maqsadi esa ezgu. Eng asosiysi, bu jarayonda har birimiz daxldorlik va masʼuliyatni his etmogʻimiz muhim ahamiyatga ega.

Lutfulla SUVONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri