Yaqinda bir tadbirkor bilan suhbatlashganimda, qoʻlda toʻqilgan hunarmandlik mahsulotlarini deyarli bozorga olib chiqmasligi, asosiy xaridorlarni xalqaro koʻrgazmalardan topishini aytib qoldi. Oʻtgan yili shunday yirik koʻrgazmalarning birida Nyu-Yorkda chop etiladigan mashhur jurnaldan buyurtmalar olgani, yigirmadan ortiq mahsulot yetkazib berganini aytganida uncha ishonmadim. Oʻsha jurnalni varaqlagach, har bir sahifada aynan shu hunarmand toʻqigan sumkalarning suratini koʻrgach, hayratimni yashirmadim.

Nazarimda, xalqaro koʻrgazmalar mahsulotlarni bir burchakka joylashtirib, bir necha kun davomida odamlar uchun namoyish etadigan joy, degan tasavvurim hali ham saqlanib qolgan. Ammo bunday emasligiga yana bir bor amin boʻldim. Hozir yurtimiz tadbirkorlari mahalliy va xorijdagi koʻrgazmalarda faol ishtirok etish ortidan koʻplab hamkorlar topib, yangi bozorlarga chiqmoqda. Koʻrgazma maydonining oʻzidayoq yirik shartnomalar imzolanyapti. Bu milliy brendimiz ostidagi mahsulotlarimiz jahon bozorida tanilishi, xaridorlar ishonchiga kirishi hamda eksport koʻrsatkichlari karrasiga oshishiga xizmat qilmoqda.

2030-yilgacha mamlakatimiz eksporti hajmini 45 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu marraga erishish uchun anʼanaviy bozorlar bilan cheklanib qolmasdan, yangilariga chiqish zarurligi qayta-qayta taʼkidlanyapti. Yurtimizning dunyo davlatlariga ochiqlik siyosati bunga katta imkoniyat bermoqda. Ammo jarayonda mahalliy tadbirkorlar ishtirokini doimiy oshirib borish uchun amaliy harakatlar zarur. Keyingi yillarda mahalliy ishbilarmonlarimizning xalqaro koʻrgazmalardagi ishtirokini oshirishga qaratilgan ishlar shularning bir qismi.

Ammo bitta koʻrgazmada qatnashish qanchalik qimmatga tushishi, u yerdan joy olishning oʻzi katta xarajat talab etishi, natija esa kafolatlanmaganini biznes vakillari yaxshi biladi. Shuning uchun hamma tadbirkor ham bunga jazm qilavermaydi. Oxirgi yillarda esa bu xarajatlarni davlatimiz oʻz zimmasiga olyapti. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar faqat koʻrgazmaga borib, mahsulotini namoyish etishi kifoya.

Yaʼni tadbirkorlarimizning chet mamlakatlarda oʻtayotgan yarmarkalardagi ishtiroki davlatimiz tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanib, borish-kelish xarajatlaridan tortib koʻrgazma maydonida qatnashishigacha bepul tashkil etilmoqda. Ahamiyatlisi, har gal delegatsiya tarkibidan oʻnlab, yuzlab ishbilarmon joy olyapti. Har biri koʻrgazma davomida bitta xaridor topib, bir necha million dollarlik shartnoma imzolaganda ham yaxshigina natijaga erishish mumkin. Shunday boʻlyapti ham, ishbilarmonlarimizdan iborat delegatsiya vakillari xalqaro koʻrgazmadan aniq natijalar bilan qaytmoqda. Ayniqsa, bu yangi tadbirkorlar uchun katta imkoniyat boʻlib, qisqa vaqtda eksportga chiqishiga yoʻl ochyapti. Natijada eksportyor korxonalar soni tobora koʻpayib boryapti. Hozir kichik biznes egasi ham eksportga chiqishga intilyapti, chunki buning uchun imkoniyat ham, koʻmak ham yetarli.

Amerika bozoriga yoʻl

Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil dekabr oyida Oʻzbekiston xalqi va Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida eksport hajmini oshirish, yangi bozorlarga kirib borish hamda milliy brendimizni yanada tanitish borasida aniq vazifalar belgilangan. Shu bois, yil boshidanoq bu boradagi harakatlar boshlab yuborildi. Savdo-sanoat palatasi boshchiligida tadbirkorlarimizdan iborat delegatsiya bugunga qadar qator yirik xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etdi.

Ular shunchaki koʻrgazma emas, global savdo bozorining bir qismi. Ularda katta shartnomalar tuziladi, bozorlar taqsimlanadi, iqtisodiy sheriklar topiladi. Mahalliy tadbirkorlarimiz esa eng rivojlangan mamlakatlar qatorida ana shu maydonlardan joy egallab, milliy mahsulotlarimizni namoyish etmoqda. Yangi hamkorlar, biznes sheriklar topyapti.

Dastlabki biznes safari AQSHning Nyu-York shahrida joylashgan “Texworld New York City” xalqaro koʻrgazmasi boʻldi. U jahon toʻqimachilik va yengil sanoat sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizdan 20 ga yaqin yetakchi kompaniya “Made in Uzbekistan” milliy brendi ostida 20–22-yanvar kunlari mazkur xalqaro koʻrgazmada ishtirok etdi. Oʻzimizda ishlab chiqarilgan matolar, ip-kalava, tayyor kiyimlar, zamonaviy aksessuar va innovatsion yechimlar namoyish qilindi. Milliy mahsluotlarimizning yuqori sifati, ekologik tozaligi va jahon standartlariga mosligi xalqaro xaridorlar va ekspertlar eʼtiborini tortgani aytilmoqda.

 “Texworld New York City” dunyo boʻyicha juda mashhur koʻrgazmalardan biri. Hatto uning qatnashchilari jahon miqyosiga chiqqan tadbirkor sifatida eʼtirof etiladi. Shu bois, koʻrgazmadagi ishtirokimiz nafaqat milliy mahsulotlarimiz targʻiboti, balki Oʻzbekistonning toʻqimachilik salohiyatini xalqaro maydonda namoyon qilishda ham muhim qadam ekani aytilmoqda.

Tahlillarga koʻra, oʻtgan yili mamlakatimiz toʻqimachilik sanoati ishlab chiqarish hajmi 134 trillion soʻmni tashkil etib, 2,5 milliard dollarlik eksport amalga oshirildi. 2026-yilda bu koʻrsatkichni 3,3 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bunda xalqaro koʻrgazmalarning oʻrni alohida. Oʻtgan yili ayni shu koʻrgazmada ishtirok etib, AQSH bozoriga kirib borgan, bu galgi ishtiroki ortidan yana yangi hamkorlar topishga erishgan tadbirkorlarimiz ham shuni taʼkidlayapti.

 

 

Nargiza BEKMURODOVA,

Xorazmdagi “Arta tex” MCHJ rahbari:

— Amerika bozori juda katta. Unga kirish ham, xaridor topish ham oson emas. Ammo davlatimiz koʻmagida katta qadamlar tashlanyapti, yaqin yillarda bu bozorga faol kirib, munosib oʻrin egallashimizga ishonaman. Xalqaro koʻrgazmalarning yaxshi tomoni ham shunda, mamlakatdagi tadbirkorlar bir joyda jamlanadi, ularga mahsulotlarimizni namoyish etish, yaqindan tanishtirish imkoni boʻladi. Oʻzimiz hamkor izlab yurmaymiz, koʻrgazma davomida kelishuvlarga erishish mumkin. Hech boʻlmaganda, oʻsha davlatning bozori, talablari bilan tanishib, oʻrganib qaytamiz.

Ammo koʻpincha natija boʻladi. Bu Amerikaga ikkinchi marta borishimiz. Nyu-Yorkdagi koʻrgazmada oʻtgan yili ham qatnashganman. Oʻshanda bitta hamkor topgandik, kelishuvlardan soʻng amerikalik mijozga mahsulot eksport qildik. Koʻrgazmadagi bu yilgi ishtirokim yanada samarali boʻldi. Bir nechta xaridor mahsulotlarimizga qiziqish bildirdi. Ular bilan muzokaralar qilyapmiz. Tayyor erkaklar kiyimlariga xaridor boʻlishyapti.

 Ochigʻi, yangi mijozlar topishda xalqaro koʻrgazmalarning ahamiyati ortib boryapti. Chunki hozir ana shunday jarayonlarda hamkorlar topish zamonaviy tendensiyalardan biriga aylangan va hatto yirik brendlar egalari ham bunday tadbirlarda faol ishtirok etadi. Ayniqsa, rivojlangan, katta bozorga ega davlatlardagi koʻrgazmalarda imkoniyat kengroq boʻladi. Avvallari bunday tadbirlarda qatnashish qayoqda edi. Bugun davlatimizning oʻzi tadbirkorlarni bir joyga toʻplab, shunday yirik tadbirlarda munosib ishtirok etishimizni yuqori darajada tashkillashtirib berayotgani odamni quvontiradi. Hamkorlik oʻrnatish, eksport masalalarida ham mutasaddilar yonimizda turib, doimiy yoʻl-yoʻriq koʻrsatishyapti.

Bugun mahalliy tadbirkorlarga berilayotgan imkoniyatlar ortida milliy mahsulotlarimizni jahon bozoriga kengroq olib chiqish maqsadi bor. Ayniqsa, toʻqimachilik sohasidagi imtiyozlar samarasi keyingi yillarda yaqqol koʻzga tashlanyapti. Yurtimizda tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish sanoati bu qadar rivojlanishini bundan oʻn yillar oldin oʻzimiz ham tasavvur qilmaganmiz. Hozir sohadagi tadbirkorlar soni, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar sifatini koʻrib, hayratga tushmaslikning iloji yoʻq. Ular, haqiqatan, oʻzimizning brend, oʻzimizning mahsulotlar.

Ular oʻnlab davlatga eksport qilinyapti. Oʻzimizdan misol, korxonamizda deyarli barcha turdagi tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 3 million donadan yuqori. 2022-yildan buyon mahsulotlarimiz faqat eksportga yoʻnaltiriladi. Asosiy xaridorlarimiz Rossiya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Ozarbayjon boʻlsa-da, keyingi yillarda yangi bozorlarga kirib boryapmiz. Amerika bozori shulardan biri.

Nyu-Yorkda oʻtgan koʻrgazma davomida bu bozorni kengroq oʻrgandik va xaridorlarni asosan mahsulotlarimiz sifati, narxi, yetkazib berish muddatlari hamda xalqaro standartlarga mosligi qiziqtirishiga guvoh boʻldik. Bu boradagi takliflarimiz ularga maʼqul kelyapti.

“Gulfood — 2026”: global savdo maydoni

Yurtimiz tadbirkorlarining keyingi manzili osmonoʻpar binolari bilan nom chiqargan Dubay shahri boʻldi. U yerda yurtdoshlarimiz yil davomida katta qiziqish bilan kutiladigan hamda dunyo oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sohasidagi eng yirik koʻrgazmalardan biri — “Gulfood—2026”da ishtirok etdi. 26-yanvar kuni start olgan koʻrgazma bir necha kun davomida jahonning 190 dan ortiq davlatidan kelgan 8 500 dan ortiq kompaniya vakillarini yagona nuqtada jamladi. Ushbu global maydonda oʻzbekistonlik tadbirkorlar ham bor edi.

— Mazkur koʻrgazma 30 yildan buyon oʻtkazib kelinadi, — deydi “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ boshqaruvi raisi Xolmurod Boboyev. — Unda jahonning eng yirik kompaniyalari ishtirok etadi. Bular qatorida yurtimizdan ham 70 ga yaqin ishlab chiqaruvchi korxona oʻz mahsulotlari bilan, 50 dan ortiq korxona esa kuzatuvchi sifatida qatnashdi. “Gulfood—2026” doirasidagi ishtirok mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun yangi xalqaro hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda “Made in Uzbekistan” brendini jahon bozorida yanada mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.

Xalqaro koʻrgazmaning 510 kvadrat metr maydonidagi ekspozitsiyada milliy brend ostidagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari namoyish etildi. Bu shunchaki namoyish emas, balki mahsulotlarimizning xalqaro xaridorlar va potensial hamkorlarga yuqori nuqtadan turib, munosib shaklda taqdim qilinishi boʻldi. Ular arab davlatlari vakillarida katta qiziqish uygʻotgani aytilmoqda. Har holda, bir necha daqiqalik suhbatlar ortidan millionlab dollarlik shartnomalar tuzilgan. Mahalliy tadbirkorlarimiz global bozorning eng yirik savdo nuqtasida turib imkoniyatlardan maksimal foydalanishga intilgan. Natijalar ham shunga yarasha.

Shahzodbek MUTALOV,

“ISKO” qandolat korxonasi rahbari:

— Koʻrgazma davomida asosiy xaridorlar arab davlatlaridan boʻldi. Ular mahsulotlarimizni shunchaki taʼtib koʻrmadi, balki doimiy hamkorlik taklifini bildirdi. Shirinliklarning taʼmi ularga juda maʼqul keldi. Mahsulotlar turi va sifatidan hayratga tushganlarini ham yashirishmadi. Oyiga 70-80 tonna atrofida qandolat mahsulotini barqaror olishlarini aytishdi. Bu boʻyicha qator masalalarda kelishib oldik. Ayni paytda kelishuvlarning ikkinchi bosqichi ketyapti va narx-navo hamda keyingi operatsiyalar boʻyicha muzokaralar olib borilyapti.

Koʻrgazma davomida xaridorlarni, asosan, logistika va sertifikatlar masalasi qiziqtirishiga guvoh boʻldik. Yaʼni mahsulotlarimizning taʼmi va sifati borasida hech qanday shubhalari yoʻq, juda maʼqul kelyapti. Faqat yetkazib berish va xalqaro standartlarga moslik jihatlari muzokaralarni talab qilyapti. Ochigʻi, oldinlari xalqaro sertifikatlar borasidagi kamchiliklarimiz sabab Oʻzbekiston faqat vositachi boʻlgan. Yaʼni ikkinchi davlat bizdan mahsulot sotib olib, Yevropa bozorlariga eksport qilgan. Keyingi yillarda yurtimizda ana shu jihatlarga eʼtibor qaratilib, xalqaro bozorga har tomonlama moslashishimiz ortidan bugun oʻzimiz mahsulotlarni istalgan bozorga toʻgʻridan toʻgʻri olib kiryapmiz.

Logistika yoʻnalishidagi masalalarning ham birin-ketin yechilayotgani eksportni qulaylashtiryapti. Masalan, arab hamkorlarimizga mahsulotlarni konteyner orqali joʻnatsak, arzonroq tushishi haqida gaplashdik. Bundan oldingi koʻrgazmalarda ham salkam 1 million dollarlik shartnoma imzolagan edik. Mahsulotni eksport qilish, logistika va boshqa masalalarda hech qanday muammo boʻlmadi. Yaʼni xalqaro koʻrgazmalar hamkorlar topish, eksportga chiqish uchun juda qulay, ayniqsa, yangi ochilgan korxonalar uchun. Oʻzimizdan misol, har bir mijoz bilan taxminan yillik 1-1,5 million dollarlik shartnoma imzolanadi. Agar bitta koʻrgazmada 3 ta mijoz bilan shartnoma imzolasak, 3-4 million dollarlik kelishuvga erishiladi, degani.

Korxonamiz 2007-yildan beri faoliyat koʻrsatadi va ishni kichik ishlab chiqarish sexidan boshlaganmiz. Hozir 2 ta katta zavodimizda 70 xildan ortiq qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Iroq, Iordaniya, Livan, Falastinga eksportni yoʻlga qoʻyganmiz. Yaqin vaqtlarda BAA, Ummonga kirib borishni rejalashtiryapmiz. Xalqaro koʻrgazmalarda doimiy ishtirok etish orqali hamkorlarimiz safini yanada kengaytirib borishni koʻzlaganmiz.

Iroq bozori tadbirkorlarimiz uchun ochiq

Avvallari Afgʻoniston, Iroq bozori desa, tadbirkorlarimizda qoʻrquv boʻlardi. Hozir ularga eng istiqbolli, mahsulotlarga talab yuqori boʻlgan bozorlardan biri sifatida qaralyapti. Mahalliy ishbilarmonlarimizdan iborat delegatsiya bir necha bor ushbu davlatlarda boʻlib, doimiy tarzda koʻrgazma, biznes forumlarda ishtirok etyapti. Hatto oʻtgan yili noyabr oyida Afgʻonistonning Mozori Sharif shahridagi yirik savdo hududida oʻzbekistonlik elektrotexnika yoʻnalishidagi tadbirkorlar mahsulotlari sotiladigan kattagina savdo markazi ish boshladi. 

Shunday qilib, tadbirkorlarimizning navbatdagi safari Iroqning Bagʻdod shahriga boʻldi. Yurtimizdan borgan 200 dan ortiq ishbilarmon 1—7-fevral kunlari nufuzli “Baghdad International Fair” xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etdi. Oʻzbekiston milliy ekspozitsiyasi uchun ming kvadrat metr maydon ajratildi. Pavilyonda yurtimizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, toʻqimachilik, yengil sanoat, elektrotexnika va boshqa turdagi eksportbop mahsulotlar “Made in Uzbekistan” brendi ostida namoyish etildi.

Maʼlumotlarga koʻra, mazkur nufuzli tadbir Iroqning eng yirik savdo platformalaridan biri boʻlib, har yili dunyoning 20 dan ortiq davlatidan yirik kompaniyalar vakillari qatnashadi. Koʻrgazma xalqaro biznes aloqalarni kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish va eksport salohiyatini oshirish uchun muhim maydon vazifasini oʻtaydi.

— 25 yildan beri turli davlatlardagi oziq-ovqat koʻrgazmalarida qatnashib kelaman, — deydi eksportyor kompaniya taʼsischisi Botir Ahmedov. — Oʻn yil oldin bir davlatdagi juda katta koʻrgazma maydonida armon, koʻz yoshi bilan video qilgandim: bu yerda bir qancha qoʻshni davlatlar vakillari bor, lekin Oʻzbekiston yoʻq, deya. Mana, biz kutgan oʻsha kunlar keldi. Mamlakatimizda toʻqqiz yildan beri shunday katta islohotlar boʻlyaptiki, bugun tadbirkorlarimiz eng yirik davlatlardagi koʻrgazmalarda boshqalar bilan teng ravishda ishtirok etyapti. Ana endi xursandchilik koʻz yoshlari bilan video oldim. Har bir koʻrgazmada juda katta shartnomalar imzolanyapti. Iroqdagi koʻrgazmadan ham umidlarimiz katta. Chunki xaridorlar yuqori qiziqish bildirdi, qator takliflar tushdi. Endi muzokaralarni aniq kelishuvlarga aylantiramiz. Oldin bu davlat bilan korxonamizning savdo aloqalari boʻlmagan. Lekin bu bozorda imkoniyat katta ekaniga guvoh boʻldik. Hatto Iroqda “Oʻzbekiston” nomi ostida kichik doʻkon ochmoqchimiz.

Ahamiyatlisi, tadbirkorlarimiz Iroqqa toʻgʻridan toʻgʻri charter reys orqali yetib borgan. 200 dan ortiq tadbirkorning har biri uchun aviabiletlar, koʻrgazma maydonida ishtirok etish mutlaqo bepul boʻlib, davlat tomonidan qoplab berilgan. Maqsad esa milliy brendni ommalashtirib, eksport hajmini oshirishga qaratilgan. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bu katta imkoniyat ekanini taʼkidlamoqda.

Yorqin MALIKOV,

Oʻzbekiston eksportchilar uyushmasi raisi:

— Koʻrgazma kutganimizdan ham yuqori darajada oʻtdi. Iroq savdo vaziri, ishtirokchi davlatlarning elchilari hamda koʻrgazmaning nufuzli mehmonlari birinchi boʻlib “Made in Uzbekistan” milliy ekspozitsiyasi pavilyoniga tashrif buyurib, faqat Oʻzbekistonga faxriy ishtirokchi maqomini berdi. Vakillarimiz katta hurmat bilan kutib olingani ham hamkorlikka har ikki tomon ochiq ekanidan dalolat beradi.

Iroq bozorining umumiy savdo aylanmasi 250 milliard dollar boʻlib, shundan 95 milliard dollari import hissasiga toʻgʻri keladi. Yaʼni eksport uchun katta bozor bor. Shu bois, biz oziq-ovqat yoʻnalishining oʻzida 1 milliard dollarlik eksportni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. Boshqa sohalarda ham imkoniyatlarimiz yuqori.

Iroq bozorida xuddi Afgʻonistonniki kabi mahalliy mahsulotlarimizga talab juda katta. Asosiy jihati, mamlakatda sertifikatlar boʻyicha qatʼiy talablar mavjud emas, boj toʻlovlari ham deyarli yoʻq. Iroqlik tadbirkorlar mahsulotlarimizga katta qiziqish bildiryapti. Ular asosan Turkiya, Eron, Xitoydan import qilar ekan. Oʻzbekiston bilan savdo qilishda hech qanday qiyinchiliklar yoʻq. Logistika jihatidan ham juda qulay, 7-8 kunda mahsulot kirib boradi. Bu bizning tadbirkorlar uchun ham yaxshi imkoniyat.

Umuman, ana shunday xalqaro koʻrgazmalar jarayonida tadbirkorlarimiz nafaqat yangi bozorlarga chiqib, hamkorlar topyapti, balki xalqaro maydondagi savdo talablari, yangi tendensiyalarni faol oʻrganib, shunga moslashmoqda. Ammo maqsad faqat koʻrib, oʻrganib kelish emas. Har bir tadbirkor aniq maqsad bilan ketadi va jarayonlarda yirik summalardagi shartnomalar imzolanyapti. Bir misol, oʻtgan yil davomida Oʻzbekistondan jami 700 tadbirkor Afgʻonistondagi turli koʻrgazmalarga olib borildi. Natijada ushbu mamlakatga eksport hajmimiz 2024-yildagiga nisbatan deyarli ikki baravar oshib, 1 milliard 800 million dollarga yetdi. Boshqa davlatlar bilan ham shunday natijalar kuzatilyapti.

***

Tadbirkorlardan soʻrasam, xalqaro koʻrgazmalar haqida toʻlqinlanib, yangi hamkorlari haqida toʻlib-toshib gapiryapti. Demak, eksport koʻrsatkichlarimizni oshirishga qaratilgan bu harakat ham yaxshigina natija bermoqda. Oldinda yana koʻplab xalqaro koʻrgazmalar borligi, tadbirkorlarimiz allaqachon ularga tayyorgarlikni boshlab yuborganlari haqida aytishdi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri