Toshkentga parvozlar dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra 2026-yil 23-avgustdan boshlanishi rejalashtirilgan. Reyslar haftada ikki marta – payshanba va yakshanba kunlari Airbus A320 rusumli havo kemalarida amalga oshiriladi.
Hozirda Toshkent va Bishkek o‘rtasida “Centrum Air” hamda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyalari parvozlarni amalga oshirmoqda. “Aero Nomad”ning ham qatnovlarni boshlashi bilan ushbu yo‘nalishdagi aviatashuvchilar soni uchtaga yetadi. Bu esa yo‘lovchilar uchun tanlov imkoniyatini kengaytirib, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi havo aloqalarining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, aviatashuvchi kelajakda Bishkekdan Samarqand va Urganchga ham parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
“Aero Nomad” – 2021-yilda tashkil etilgan Qirg‘iziston aviakompaniyasi bo‘lib, Bishkek xalqaro aeroportida joylashgan. Kompaniya Airbus A320 oilasiga mansub havo kemalarida turli yo‘nalishlarga muntazam va charter reyslarini amalga oshiradi.