Videokonferentsiya mamlakatimizning Kobuldagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.

Onlayn anjumanda O'zbekiston tomonidan «O'zcharmsanoat» uyushmasi raisi o'rinbosari F.Nurmuhammedov, O'zbekiston Respublikasining Kobuldagi elchisi YO.SHodmonov, Mazori-SHarif shahridagi konsuli J.Fattoev, Afg'oniston tomonidan Afg'oniston savdo va investitsiyalar palatasi raisi o'rinbosari SH.Atoiy, Afg'oniston savdo va investitsiyalar palatasi raisi o'rinbosari X.Mayel, Afg'oniston xalqaro savdo palatasi raisi H.Fazli, Afg'oniston savdo va investitsiyalar palatasi Balx viloyat bo'limi raisi A.YUnusiy, Afg'oniston poyafzal ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi M.Jomiy va  ushbu sohasida faoliyat yurituvchi bir qator xususiy shirkatlar rahbarlari  ishtirok etishdi.

Muzokaralar avvalida mamlokatimiz elchisi so'nggi yillarda ikki davlat o'rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi hamkorlik aloqalarining bugungi holati va kelajagi borasida atroflicha ma'lumot berdi.   

«O'zcharmsanoat» uyushmasi raisi o'rinbosari F.Nurmuhammedov o'z chiqishida uyushma faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda eksport imkoniyatlari borasida ma'lumot taqdim etdi. Uyushma faoliyati haqidagi «PowerPoint» shaklida tayyorlangan ma'lumotlar taqdimoti Afg'onistonlik mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi.

CHarm-poyafzal va mo'ynachilik (korako'lchilik) sohasida o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish bo'yicha O'zbekiston tomoni takliflari Afg'onistonlik mutaxassis va ishbilarmon doiralari vakillarida katta qiziqish uyg'otdi.

O'z navbatida, Afg'oniston tomoni ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalarni yuqori baholab, tarmoqda mavjud muammolar va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha o'z takliflarini bayon qildilar.

Suhbatdoshlarning ta'kidlashicha, Afg'onistonda yiliga 1,1 million dona hayvon terisi tayyorlash imkoni mavjud. Ammo, mamlakatda uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan notinchlik sababli, terini qayta ishlash bo'yicha zamonaviy texnologiyalar mamlakatga olib kelinmagan.Bu sohada faoliyat yuritgan fabrika va zavodlar esa ma'nan eskirgan. Natijada, Afg'onistonda etishtirilgan hayvon terilarining 90 foizi qayta ishlash uchun xorijiy davlatlarga, jumladan Pokistonga jo'natiladi. Qayta ishlangan xom ashyo esa Afg'onistonga bir necha barobar qimmat narxlarda qaytarib olib kiriladi.

Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda Afg'onistonda 630dan ziyod davlat va xususiy shirkatlari faoliyat yuritib, ular tomonidan har yili 21 million juft poyafzal mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, yiliga 42 million juft poyafzal uchun tayyor charm mahsulotlariga mamlakatda ehtiyoj mavjud.

Ta'kidlanishicha, Afg'oniston tijoratchilari tomonidan har yili xorijiy davlatlardan qariyb 18 milliard afg'oniy (233,4 million AQSH dollari) miqdorida poyafzal import qilinadi. Afg'onistonda etishtirilgan teri mahsulotlarini qo'shni O'zbekiston korxonalarida qayta ishlash va Afg'onistonga olib kirish nisbatan arzonga tushadi va mamlakatda qo'shimcha ish o'rinlari yaratishga imkon yaratadi.

Qorako'l terilarini xorijiy davlatlar bozorlariga zamonaviy  standartlar asosida etkazib berishda ham muammolar mavjud va bu borada O'zbekiston bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish lozimligi tadbir ishtirokchilari tomonidan ta'kidlandi. 

Afg'onistonlik mutaxassis va ishbilarmon doiralari vakillarining charm-poyafzal va qorako'lchilik sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha qator  takliflari O'zbekiston tomoniga taqdim etildi.

Muzokaralar yakunida yuqorida qayd etilgan takliflar bo'yicha ishlash,  yaqin hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishga uchun o'zaro muloqot va uchrashuvlarni kelajakda yana davom ettirish bo'yicha kelishuvga erishdilar.