Oxirgi 20 yilda ikkinchi marotaba muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan uch kunlik o'q otishni to'xtatish e'lon qilindi. Rasmiy Kobul va toliblar o'rtasida o'zaro mahbuslarni ozod etish davom etmoqda. 

Uzoq vaqt mobaynidagi beqarorlikdan so'ng Afg'onistonda siyosiy inqirozga barham berildi, Ashraf G'ani va Abdulla Abdulla o'rtasida hokimiyat taqsimoti bo'yicha kelishuv imzolandi.   

O'nlab yillar davom etgan mojaro echimini topdi, deyishga hali erta, ammo mazkur muammoning hal etilishiga umid qilish uchun asoslar mavjud.

Xususan, 40 yillik urushdan so'ng millionlab afg'onlar uchun o'zaro nizolarni hal etish va tinch hayotga o'tish uchun imkoniyat paydo bo'ldi.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan Afg'onistondagi urushni to'xtatish uchun bir necha bor urinishlar bo'lgan. Lekin nega aynan hozir uzoq yillardan buyon aziyat chekayotgan Afg'onistonda tinchlik o'rnatish uchun aniq imkoniyatlar paydo bo'ldi deyapmiz? Bunga nima sabab? Nima hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi?

2018 yil mart oyida Afg'oniston bo'yicha bo'lib o'tgan Toshkent xalqaro konferentsiyasi afg'on yo'nalishida tinchlik sa'y-harakatlarini qayta ko'rib chiqilishida hal qiluvchi rolni o'ynadi, desak mubolag'a bo'lmaydi. SHaxsan O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o'tkazilgan ushbu anjuman jahon hamjamiyati e'tiborini Afg'oniston Islom Respublikasida davom etayotgan urushga yana bir bor qaytardi.

Toshkent konferentsiyasida Afg'oniston taqdiriga befarq bo'lmagan barcha davlatlarning tashqi ishlar vazirlari, Afg'oniston prezidenti Ashraf G'ani va yuqori martabali diplomatlar ishtirok etdi. Anjuman yakunida Afg'onistonda tinchlik o'rnatishning asosiy tamoyillarini belgilab bergan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

YAna ham aniqroq aytganda, mamlakatda tinchlikni o'rnatish strategiyasi bo'yicha ishtirokchilar tomonidan kelishuvga erishildi.   

Aslini olib qaraganda, afg'on muammosini hal etishda ishtirok etayotgan barcha davlatlar Afg'onistonda tinchlikka faqatgina qurollarni tashlab, afg'on siyosiy kuchlari o'rtasida keng muloqotni boshlash orqali erishish mumkinligi to'g'risidagi fundamental g'oyani tushunishdi.

Bundan tashqari, aynan o'zbek zaminida bo'lgan uchrashuvdan so'ng Afg'onistonni mintaqaviy hamkorlik platformasiga aylantirish va geosiyosiy raqobatning avj olgan sahnasi sifatida qabul qilmaslik lozimligi to'g'risida keng tushuncha shakllandi.

Toshkent konferentsiyasi va O'zbekiston rahbariyatining afg'on mojarosini tinch yo'l bilan hal etish borasidagi sa'y-harakatlari alohida ahamiyatga ega ekanini tasdiqlash uchun Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'anining shu yilning mart oyi oxirlarida aytgan quyidagi so'zlarini keltirib o'tmoqchiman: “Ikki yil oldin O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan o'tkazilgan Afg'oniston bo'yicha Toshkent xalqaro konferentsiyasi muhim voqea — afg'on muammosini tinch yo'l bilan hal etish uchun siyosiy jarayonni boshlash, manfaatdor tomonlar o'rtasida o'zaro muloqotning maqbul shakllari va mexanizmlarni qidirishda boshlang'ich nuqta bo'ldi”.

Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi keyingi muhim bosqich — 2020 yilning 29 fevralida Qatar poytaxti Doxada AQSH va “Tolibon” harakati o'rtasida tinchlik bitimi imzolanishi bo'ldi. Unda mamlakatda tinchlikka erishish uchun muhim bo'lgan deyarli barcha asosiy shartlar — zo'ravonlikni kamaytirish, xorijiy qo'shinlarning chiqib ketishi, mahbuslarning ozod etilishi va natijada Afg'onistondagi barcha siyosiy kuchlarni qamrab oluvchi — inklyuziv muloqotning yo'lga qo'yilishi ko'rsatib o'tilgan.

eng muhimi, avval murosaga kelmagan raqiblar — AQSH va “Tolibon” harakati urushni to'xtatish zarurligi to'g'risida birinchi marta kelishib oldilar.

Ushbu muhim shartnomani imzolaganlar, shu jumladan “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Barodar, tinchlik o'rnatish jarayonini oldinga siljishida ko'rsatgan yordamlari uchun etakchi davlatlar qatori O'zbekis­tonga ham samimiy minnatdorlik bildirdi.   

Albatta, Afg'oniston masalasida hali so'nggi nuqta qo'yilgani yo'q. SHubhasiz, oldinda qilinishi lozim bo'lgan ko'p ishlar bor, chunki AQSH va “Tolibon” harakati o'rtasidagi kelishuv bu tinchlikka erishish yo'lining faqatgina boshlanishidir.

Tinchlik sari qo'yilgan yana bir muhim qadam  bu — shu yil may oyining o'rtalarida Kobulda Prezident Ashraf G'ani va hukumatning sobiq rahbari, ­Prezidentlikka nomzod Abdulla Abdulla tomonidan Inklyuziv hukumatni tashkil etish va Milliy yarashuv oliy kengashini tuzish to'g'risidagi kelishuvning imzolanishi bo'ldi.

Ushbu hujjat bilan mamlakatning siyosiy rahbarlari tenglik asosida inklyuziv hukumat tuzishga rozi bo'lib, mamlakatdagi qo'shhokimlikka barham berishdi. endilikda Abdulla Abdulla — Milliy yarashuv oliy kengashining rahbari hisoblanib, Afg'onistondagi tinchlik jarayoniga, ya'ni toliblar bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokaralarga rahbarlik qiladi.

Bundan tashqari, uning jamoasi a'zolari 50 foiz vakillik asosida vazirliklardagi lavozimlarga tayinlanadi. SHunday qilib, yaqinda tashkil etilgan Milliy yarashuv oliy kengashi rasmiy davlat organiga, uning rahbari esa mamlakatdagi ikkinchi shaxsga aylanadi.

Afg'on siyosiy kuchlari o'rtasidagi milliy manfaatlar asosidagi bunday birlashish afg'on inqirozining tez orada tugashiga ishonch uyg'otadi va umidni kuchaytiradi.

endi afg'on inqirozi hal qilinishining navbatdagi, ehtimol eng qiyin bosqichi, ya'ni qarama-qarshi tomonlar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muzokaralarni o'tkazish davri keldi. Hamma keng qamrovli qurolli harakatlarning to'xtatilishi e'lon qilinishini, mamlakatni tinch rivojlanishning dolzarb muammolarini hal qilish yo'lida barcha ichki kuchlar birgalikda ish olib borishini kutmoqda.

Hozirgi bosqichda nafaqat afg'onlararo tinchlik  muzokaralarini boshlash, balki eng muhimi erishilgan kelishuvlarga qat'iy rioya etilishi uchun dunyo hamjamiyatining sa'y-harakatlarini birlashtirish hisoblanadi.

O'zbekiston ushbu yondashuvni qo'llab-quvvatlaydigan davlatlar bilan birgalikda faol ish olib bormoqda. O'zbekiston, Germaniya, Indoneziya, Norvegiya va Qatarning joriy yilning 24 may kuni imzolangan qo'shma bayonoti ana shunday konstruktiv xalqaro hamkorlikka misoldir. Sulh e'lon qilinishi va Afg'onistondagi tinchlik jarayonini qo'llab-quvvatlagan holda hamfikr davlatlar “afg'on kurashuvchi kuchlari tomonidan yarashish masalasida so'ralgan har qanday yordamga tayyor” ekanini ta'kidladilar.

Besh tomonlama murojaat, shuningdek, yaqin kunlarda afg'onlararo muloqotni zudlik bilan bosh­lashga doir qo'shimcha choralar ko'rish to'g'risidagi chaqiruvni o'z ichiga olgan.

Bu qo'shma bayonot Toshkentning Afg'onistonni barqarorlashtirishga bo'lgan yondashuvi tizimli va izchil ekanining yana bir yorqin tasdig'i bo'ldi. O'zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoev bir necha bor ta'kidlaganidek, mamlakatimiz tinchlik jarayonini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga, keng qamrovli qurolli harakatlar to'xtatilishi e'lon qilinishini ilgari surishga va shu tariqa Afg'oniston va butun mintaqa tarixida yangi davr boshlanishiga tayyor.

O'zbekiston Prezidenti Toshkent forumi minbaridan turib, Afg'oniston bo'yicha siyosatning asosiy tamoyillarini aniq belgilab berdi. Xususan:

— Afg'oniston O'zbekistonga do'st mamlakat, afg'on xalqi bilan bizni yaqin do'stlik va qardosh­lik rishtalari bog'lab turadi;

— urush — bu afg'onlarning tanlovi emas, afg'onlarning o'zlariga tegishli bo'lgan va ular tomonidan boshqariladigan tinchlik va yarashish jarayonini qo'llab-quvvatlash kerak;

— biz bu mamlakatda afg'on xalqining tinch kelajagini ta'minlashdan boshqa biror-bir maqsadni ko'zlamaymiz.

Ko'rinib turibdiki, Afg'onistonni barqarorlashtirish mintaqaviy hamkorlik me'morchiligini tubdan o'zgartirishga, Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan hududlarida aloqalarni chuqurlashtirish uchun mutlaqo yangi shart-sharoitlarni yaratishga qodir.

Qolaversa, bugungi kunda Markaziy Osiyodagi vaziyat tubdan o'zgardi. Bu erda mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanmoqda. O'zbekiston Prezidentining ochiq va izchil tashqi siyosati tufayli mintaqada o'zaro ishonchni mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Bularning barchasi Markaziy Osiyo davlatlarining Hind okeani va Fors ko'rfazi portlariga eng qisqa chiqish yo'lini ta'minlaydigan, Janubiy Osiyoni Evropa va Xitoy bozorlari bilan bog'lash imkonini beradigan transmintaqaviy transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishga kuchli turtki berishi mumkin.

O'zaro munosabatlarni mustahkamlash bilan birga, Markaziy va Janubiy Osiyoda barqaror rivojlanishning istiqbolli “drayverlari” bo'lishi mumkin bo'lgan energetika, savdo va iqtisodiyot sohalarida keng ko'lamli mintaqaviy loyihalarni ishga tushirish va amalga oshirish uchun qulay ichki va tashqi sharoitlar yaratiladi.

Bundan tashqari, iqtisodiy rivojlanish dasturlarining o'zi afg'onlararo milliy yarashuvga erishish uchun boshlang'ich birlashtiruvchi omil bo'lishi mumkin.

O'zbekiston Afg'onistonning haqiqiy do'sti bo'lib, uni hech qachon og'ir sinov va qiyinchiliklarda yolg'izlatib qo'ymagan. Boshqa davlatlar pandemiya munosabati bilan Afg'oniston bilan chegaralarni yopib qo'ygan bir paytda O'zbekiston afg'on xalqiga nisbatan chinakam birodarlik munosabatini yana bir bor namoyon etdi.

O'zbekiston Prezidentining printsipial pozitsiyasi tufayli chegaramiz barcha transport yuk tashuvlari uchun doimo ochiq bo'lib qolmoqda. Oziq-ovqat, birlamchi ehtiyojdagi tovarlar, xomashyo va yoqilg'i yuklari to'xtamasdan Afg'onistonga borib, bu qiyin davrda mamlakatning normal faoliyat yuritishini ta'minlamoqda.

Bundan tashqari, pandemiya davrida, joriy yilning aprel` oyida O'zbekiston Prezidenti yana bir bor Afg'oniston xalqiga gumanitar yordam ko'rsatish to'g'risida qaror qabul qildi. Afg'oniston shimolida joylashgan Mozori sharif shahriga tonnalab un, guruch, o'simlik yog'i, shakar, bolalar kiyimlari, tibbiy himoya, gigiena vositalari va boshqa ko'plab mahsulotlar etkazib berildi.

Xulosa o'rnida Afg'oniston tarkibiy qismi bo'lgan Markaziy Osiyoda o'zining aniq ustuvor yo'nalishlarini belgilagan O'zbekiston ularni izchil amalga oshirishni ta'minlab, mintaqada tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, barqaror rivoj­lanish va farovonlikka har tomonlama o'z hissasini qo'shish niyatida ekanini yana bir bor ta'kidlashni istardim.

eldor ARIPOV,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori