Bu oʻrinda Afgʻonistonda chinakam tinchlikni taʼminlashdagi eng munosib tanlov faqat afgʻonlararo siyosiy muloqot va diplomatik mexanizmlar yoʻlidir, degan qarash ustuvor yoʻnalishga aylanmoqda. Chunonchi, 2020-yilning 12-sentyabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida boshlangan afgʻonlararo inklyuziv muzokaralarning dastlabki bosqichi afgʻon zaminida uzoq kutilgan tinchlik oʻrnatish sari tashlangan muhim qadamlardan biridir.

Muzokaralar boʻyicha manfaatdor tomonlarning oʻzaro murosa va kelishuvga erishish jarayonida Oʻzbekiston diplomatiyasining oʻrni, amaliy hissasi beqiyos. Mazkur diplomatiyaning yutugʻi quyidagi omillar bilan uzviy bogʻliq.

Birinchidan, afgʻonlararo tinchlik muzokaralarini boshlash, oʻzaro murosaga kelish va ayni jarayonni global darajada qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng va qatʼiy daʼvat dastavval “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Afgʻoniston boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasida ilgari surilgan edi. Konferensiya natijalarini aks ettirgan muhim hujjat.

– Toshkent deklaratsiyasi Afgʻoniston muammosiga daxldor barcha davlatlar tomonidan yakdillik asosida qoʻllab-quvvatlanib, muammoni tinch yoʻl bilan hal etish tamoyillari va ular boʻyicha afgʻonlararo, mintaqaviy va xalqaro miqyosda murosaga erishish yondaщuvlarini mujassam etgan oʻziga xos dasturilamalga aylandi. Aynan Toshkent anjumanidan soʻng manfaatdor tashqi kuchlar tomonidan Afgʻonistondagi vaziyatni bartaraf etish boʻyicha turli koʻrinishdagi muzokara formatlari maydonga chiqa boshladi.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston afgʻonlararo tinchlik muzokaralari boʻyicha yuqori darajada diplomatik tajribaga ega. Jumladan, Oʻzbekiston tashabbusi bilan 1999-yil Toshkentda oʻtkazilgan “6+2” muloqot guruhi uchrashuvida nafaqat Afgʻonistondagi vaziyatga katta taʼsir koʻrsata oladigan davlatlar, balki Shimoliy Ittifoq va “Tolibon” harakati vakillari yuzma-yuz muzokaralarda ilk bor ishtirok etgan.

Muzokara yakunlari boʻyicha qabul qilingan “Afgʻonistondagi nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish tamoyillari toʻgʻrisida”gi Toshkent deklaratsiyasi esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining rasmiy hujjatiga aylandi.

Uchinchidan, tinchlik sari harakatning eng muhim shartlaridan biri afgʻonlararo muzokaralarda barcha afgʻon siyosiy kuchlarining ishtirokidir. Taʼkidlash zarur, rasmiy Kobul va “Tolibon” kuchlaridan tashqari Afgʻonistonda katta taʼsirga ega boshqa ichki siyosiy kuchlar (Afgʻoniston etno-siyosiy partiyalari rahbarlari va aʼzolari) ham mavjud boʻlib, ularni muzokaralar jarayoniga jalb etmasdan, mamlakatda toʻliq barqarorlikni taʼminlashning sira iloji yoʻq.

Oʻzbekiston bugungi kunda barcha afgʻon siyosiy kuchlari bilan tegishli muloqot, aloqalar oʻrnatgan. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonning afgʻonlararo tinchlik muzokara bosqichlaridan birini Samarqand shahrida oʻtkazish tashabbusi diplomatik jihatdan toʻla asosga ega.
Toʻrtinchidan, tinch va barqaror Afgʻoniston – butun Markaziy Osiyo mintaqasining istiqboldagi izchil taraqqiyoti garovi.

Maʼlumki, faqat Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, xususan, Afgʻoniston bilan bevosita chegaradosh.

Qolaversa, aynan Oʻzbekiston hozirgi kunda Afgʻonistonda mintaqaviy temir yoʻl va energetika diplomatiyasini amalga oshirmoqda. Bu Afgʻonistonning nafaqat mintaqaviy jarayonlarga keng jalb etilishida, balki jafokash afgʻon xalqining tinch va farovon hayot tarziga oʻtishida sezilarli rol oʻynaydi.

Hech shubhasiz, Dohada boshlangan afgʻonlararo muzokaralarning dastlabki bosqichi Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish boʻyicha Oʻzbekiston diplomatik saʼy-harakatlari bilan uzviy bogʻliq va oʻzaro hamohang voqelikdir.

Shu bois, Oʻzbekiston Doha muzokaralarini birinchilardan boʻlib olqishlab, afgʻon zaminida tinchlik oʻrnatish masalalari faqat afgʻonlarning oʻzi va afgʻon xalqi rahnamoligida amalga oshirilishi zarur, degan qatʼiy tamoyilni qoʻllab-quvvatlamoqda.

Suhrob BOʻRONOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti doktoranti