“Afrosiyob” tezyurar poyezdlarining har bir vagonida ichki mediadastur va Wi-Fi xizmati ishga tushirildi

    Wi-Fi xizmatidan dastlabki 30 daqiqa foydalash mutlaqo bepul.

    Transport vazirligi axborot xizmati “Afrosiyob” tezyurar poyezdlarining har bir vagonida ichki mediadastur va Wi-Fi xizmati ishga tushirilganini maʼlum qildi.

    aytilishicha, tarmoqqa ulanish orqali yoʻlovchilar quyidagi imkoniyatlardan foydalana oladi:

    • Ichki media-portalga kirish imkoniyati — sayohat davomida filmlar tomosha qilish, musiqa tinglash va turli kontentlardan bahramand boʻlish.

    Internetdan foydalanish — dastlabki 30 daqiqa mutlaqo bepul.

    Buning uchun poyezddagi Wi-Fi tarmogʻini tanlab ulaniladi.

    Bundan sal avvalroq Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Transport vazirligidan poyezdlarni telekommunikatsiya tarmogʻi qurilmasi oʻrnatilgan holda sotib olishni soʻradi.

    «Yaqinda Buxoroga poyezdda borib-kelishda eʼtibor qilsam, hali ham koʻpchilik Wi-Fi xizmati ishga tushirilganidan xabari yoʻq ekan. Shaxsan tekshirib kelish niyatida Youtubeʼda foydali kitoblarni yaxshi tushuntirib bergan videolarni koʻrib keldim«, deydi Shermatov.

    Vazir Transport vazirligiga poyezdlar ichiga qoʻshimcha uskuna qoʻyishga tegishli ruxsatlarni olishga yordam berishgani uchun minnatdorchilik bildirgan.

    «Kelgusida xarid qilinadigan yangi poyezdlar boshidan ichidagi tegishli telekommunikatsiya uskunalari bilan olinadi deb umid qilamiz. Tez harakatlanadigan va metal koʻp ishlatilgan vagonlarda tashqaridagi aloqa signallari abonentlarga yetib borishida muammo boʻladi, shuning uchun ularning ichida tegishli qurilma oʻrnatilishi shart«, deya takidlaydi amaldor.