Keyingi yillarda paxta xomashyosini yetishtirishda dehqonfermer xoʻjaliklari va klasterlarga bozor talablariga toʻliq javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish imkoniyati yaratildi. Ayniqsa, shu yilning 10-mart kuni Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasining oʻzbek paxtasiga global boykoti bekor qilingani mamlakatimiz toʻqimachilik sanoati rivoji uchun katta yoʻl ochdi.

Bu borada davlatimiz rahbarining 2020-yil 6-martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlganini taʼkidlash joiz. Qarorga koʻra, paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan joylarda fermerlar ishtirokidagi kooperatsiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Fermerlarning bunday ixtiyoriy kooperatsiyalari hududlardagi paxta tozalash korxonalari negizida tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq, paxta-toʻqimachilik klasterlariga berilgan imtiyozlar paxta xomashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi kooperatsiyalar uchun ham tatbiq qilindi. Bu bilan yurtimiz paxta- toʻqimachilik sohasida monopoliyaning oldi olindi.

Aslini olganda paxta xomashyosini yetishtirish, qayta ishlash va sotishga bozor mexanizmlarini joriy etish borasidagi zamonaviy yondashuvga avvalroq kirishilgan edi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2016-yil 23-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, paxta tolasini ishlab chiqarish va sotishda bozor tamoyillari hamda mexanizmlarini keng joriy qilish, paxta tolasi bozorida raqobat muhitini yaratish, paxta mahsulotlari uchun hisob-kitobning jahon amaliyotida umumiy qabul qilingan shakllarini joriy etish masalalariga alohida eʼtibor berildi.

Misol uchun, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mahsulotni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish borasidagi izchil islohotlar natijasida agrar sohada faoliyat yuritishning yangi tizimi — klaster usuli kirib kelishi qishloq xoʻjaligida, xususan, paxta-toʻqimachilik sanoatida katta imkoniyatlarga yoʻl ochdi. Klaster usulida faoliyat yuritish qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishda resurslarni tejaydigan texnika va texnologiyalardan foydalanish, qishloq joylarga sanoatni olib kirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarish, infratuzilmani rivojlantirishda qoʻl kelayotir.

Jumladan, 2021-yili Surxondaryo viloyatida paxtachilikda zamonaviy usullar qoʻllandi. 1454,1 gektar paxtazor tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorildi. Natijada yil qurgʻoqchil kelishiga qaramay, hosildorlik oshdi. Viloyatda qishloq xoʻjaligining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi hozircha 50,4 foizni tashkil qiladi. Oʻtgan yili zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash hisobiga 72 ming 370 gektar paxta maydonidan 253 ming 566 tonna hosil yetishtirildi.

Oʻrtacha hosildorlik esa 35 sentnerga yetkazildi. Viloyatda paxta-toʻqimachilik klasterlari uchun investitsiyaviy loyihalar dasturi ishlab chiqilgan boʻlib, qiymati 1 trillion 982 milliard 664 million soʻmlik 35 ta loyiha bajarilishi belgilangan. Buning natijasida 6 ming 209 ta yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilmoqda. Loyihalar doirasida “Denov tekstil klaster” paxtachilik klasteri tomonidan qiymati 6 million dollarlik, yillik quvvati 30 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan yogʻ-moy zavodi foydalanishga topshirildi hamda 250 ta yangi ish oʻrni ochildi.

Bugun viloyatda paxta yetishtirish va qayta ishlash sohasida 10 ta paxta- toʻqimachilik klasteri va 4 ta paxta toʻqimachilik kooperatsiyasi faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish, suvtejamkor texnologiyalar va maqbul almashlab ekish tizimiga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu borada xalqaro tajribalardan foydalanilyapti.

Viloyatda bu yil 12 ming 800 gektar yerda ingichka tolali, 59 ming 570 gektarda oʻrta tolali paxta zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yetishtirilmoqda. Bu borada ilmiy-tadqiqot va qishloq xoʻjaligi institutlari mutaxassislari ilmiy-amaliy maslahatlari bilan koʻmak berib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 1-martdagi “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Surxondaryo viloyatida 2022-yilda 12 ming 300 gektar paxta maydonida suv tejash texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda 4 ming 464 gektar yerni sugʻorish uchun 53 milliard soʻm yoʻnaltirilgan. Jumladan, 221 ta subyektda hovuz qazilib, 1 ming 997 gektarda 86 ta filtr nasosi oʻrnatildi. 1 ming 937 gektar maydonda tomizgʻichli shlanglar montaj qilindi. Dehqonchilik rivoji jamiyat taraqqiyoti bilan bevosita bogʻliq. Oʻzbek dehqonchiligi sobiq ittifoq davrida bir qator qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Oʻsha davr qishloq xoʻjaligi shoʻrolar talabi va istagiga mos ravishda olib borildi, dehqon bilan hisoblashilmadi. Oqibatda qishloq xoʻjaligi faqat paxtachilikka ixtisoslashdi.

Bugun esa mamlakatda yangi dehqonchilik yoʻnalishlari paydo boʻldi. Muhimi, paxta yakkahokimligiga barham berildi. Paxta monokulturasi (birgina ekinga ixtisoslashish, boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yetishtirilmasligi) bekor qilindi. Yangi tizim — qisqa rotatsiyali almashlab ekishga asoslandi. Bunda asosiy ekin bilan oʻtmishdosh yoki yoʻldosh ekinning nisbati 1:1 yoki 1:2 dan oshmaydi. Asosiy ekin salmogʻi 50 foiz atrofida boʻladi va bir maydonga uzogʻi bilan 1-2 yil mobaynida ekiladi.

Eski tizimda asosiy ekin 7080 foizni tashkil etgan. Sobiq ittifoq davrida faqat paxta ekish oqibatida tuproq unumdorligi va undagi chirindi miqdori kamaydi. Endi tezpishar, raqobatbardosh navlarni yaratish kerak edi. Buni olimlarimiz muvaffaqiyat bilan uddaladi. Har bir mintaqaning tuproq-iqlim sharoitiga mos navlar yaratildi. Urugʻchilik tizimi yangilandi — amaliyotga besh yillik sxema joriy qilinib, birinchi yili super elita yetishtirish, ikkinchi yil elita, 3, 4, 5-yillarda 1, 2, 3-reproduksiyalar tatbiq etila boshladi.

Oʻz navbatida, paxtani qayta ishlash masalasi ham kun tartibiga qoʻyildi. Qisqa davrda paxtachilik sohasida katta tarixiy oʻzgarishlar yuz berib, 2016-yilda paxta mahsulotlarini qayta ishlash 60 foizga yetkazildi. Endi mamlakatimizda yetishtirilayotgan paxta xomashyosini bosqichma-bosqich toʻliq qayta ishlash imkoniyati yaratilmoqda. Raqobatbardosh, sifatli mahsulot tayyorlash maqsadida gʻoʻza agrotexnikasida innovatsion texnologiyalar keng qoʻllanmoqda.

Tuksiz chigit ekish, 6-8 qatorli seyalkalarni qoʻllash, tomchilatib sugʻorishni joriy qilish, qator oralarida qora plyonkalardan foydalanish, gʻoʻzani bargidan oziqlantirish, chilpishni kimyoviy usullarda oʻtkazish, hosilni bir marta terib olish, zararsiz defoliantlar sepish kabi texnologiyalar shular jumlasidandir. Mazkur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda mineral oʻgʻitlar narxi yuqoriligi, yonilgʻi yetishmovchiligi va qimmatligi kabi muammolar bor ediki, bularni bartaraf etish ustida hukumat tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Urugʻchilikda nav tozaligi talab darajasida emas edi.

Buning uchun kichik zavodlarni tashkil qilish, ajratish, urugʻchilik korporatsiyalari sonini oshirish, yuqori hosildorlikka ega dehqon-fermer xoʻjaliklari va klasterlarni urugʻchilikka moslash ishlari bajarildi. Yurtimizning barcha hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2022-2026-yillarga moʻljallangan dasturiy loyihalar tasdiqlandi. Unga koʻra, paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 300 dan ziyod investitsiyaviy loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutildi.

Buning natijasida paxta xomashyosini qayta ishlash imkoniyatiga ega boʻlish orqali eksport hajmini ham koʻpaytirish, qoʻshimcha ish oʻrni yaratish hisobiga xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirishga zamin yaratilmoqda. Prezidentimizning shu yil 7-iyuldagi “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu yoʻnalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda navbatdagi qadam boʻldi. Unga muvofiq, paxta hosildorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlari yoʻlga qoʻyiladi.

Shu orqali paxta-toʻqimachilik sohasida eksport hajmi va daromadni oshirish maqsadida mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlar tahlil qilinib, ularning super elita va elita urugʻlari korxonasi belgilanadi. Hududlarda tuproq-iqlim sharo itiga mos eng maqbul navlarni koʻpaytirish va ekish, tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida qoʻllash mumkin boʻlgan kimyoviy va organik oʻgʻitlar boʻyicha tavsiyalar beriladi.

Gʻoʻza kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha samarador preparatlarni qoʻllash koʻrsatkichlari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi. Xususiy sektorlarni jalb qilgan holda, davlat-xususiy hamda xususiy urugʻchilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish, paxtachilik yoʻnalishida ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyatida paxtadan yuqori va sifatli hosil yetishtirish maqsadida ishchi guruh shakllantirildi. Gʻoʻzaning hozirgi holatidan kelib chiqib, soʻnggi 3 yilda hududda olingan paxta hosildorligi tahlil qilinib, tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik ilmiy tahlili asosida agrokimyoviy tahlillar oʻtkazish hamda paxtachilikda suv va resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha ishlar boshlandi.