“AGROBANK” ATB Navoiy viloyati boshqarmasiga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan “AGROBANK” ATB Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan boshlangʻich narxi 2 mlrd 620 mln soʻm boʻlgan davlat xaridlarida qonun buzilish holatlari aniqlandi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Raqobat qoʻmitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “AGROBANK” ATB Navoiy viloyati boshqarmasida 2023-yil va 2024-yilning oʻtgan davri davomida oʻtkazilgan tanlov (tender) savdolarida Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida, boshlangʻich narxi 2 mlrd 620 mln soʻmlik 10 ta davlat xaridlarida qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi aniqlandi.

    Jumladan, tanlov hujjatlariga mos ravishda baholamaslik, muvofiqlashtirish hamda ishtirokchilar oʻrtasidagi raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan talablar mavjudligi alomatlari kuzatildi.

    Yuqoridagilarga koʻra, Maxsus komissiyasi tomonidan “AGROBANK” ATB Navoiy viloyati boshqarmasiga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablariga amal qilinmaganligi holatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi.

    Ishni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan qoʻshimcha axborot beriladi, — deyiladi xabarda.