Agrotransformatsiya — yoshlar uchun imkoniyatlar maydoni

    Hozirda motivatsion loyiha tashabbuskorlari Surxondaryo viloyatida o'tadigan navbatdagi ushrashuvlarga hozirlik ko'rmoqda.

    Qishloq xo'jaligi, allaqachon, ilg'or texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sohalardan biriga aylandi. Unda faoliyat olib borishni istayotgan yoshlarning bilimini oshirish, sohaga kengroq jalb etish, xorij tajribasi asosida agrotadbirkorlikni rivojlantirish yurtimizda yil sayin faollashib boryapti. Ayniqsa, bu boradagi xalqaro va mahalliy yirik loyihalar minglab yigit-qizlarda qiziqish uyg'otmoqda.

    O'tgan yili sentyabr oyida ilk bor o'tkazilgan “Agromarafon” motivatsion loyihasi ham yurtimiz bo'ylab 8 mingdan ortiq yoshlarni jalb eta olgandi. Yoshlar ishlari agentligi, O'zbekiston yosh fermerlari Kengashi hamda Qishloq xo'jaligi vazirligi tashabbusi bilan o'tkazilgan loyiha doirasida dehqon va fermerlar uchun qiziqarli tadbirlar, agrotur va ko'rgazmalar tashkil etilib, yangi g'oyalar uchun qulay platforma yaratildi. Sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan o'tkazilgan uchrashuvlar, seminar-treninglarda yigit-qizlar faol qatnashib, keyin ham bu borada qizg'in muhokamalar qilingan. Ishtirokchilar orasida loyihaning davomini kutganlar ko'p bo'ldi.

    Shu bois, loyiha tashabbuskorlari bu yil ham agrar soha yoshlari uchun yangi platforma hozirladi. Dehqon va fermerlar uchun yig'im-terimi pallasi — kuz mavsumida ana shunday motivatsion loyihalarni o'tkazish yaxshi an'anaga aylanib boryapti. Ayni shu davrda “Agromarafon”ning davomi sifatida “Agrotransformatsiya” loyihasi o'z ishini boshladi. Bu gal loyiha Qoraqalpog'iston Respublikasida start oldi va ishtirokchilar 12—17-sentyabr kunlari 16 ta tumanda bo'lib, 2 mingga yaqin yoshlar bilan uchrashdi.

    Loyihaga 20 ga yaqin mutaxassis-spikerlar jalb etilgan bo'lib, ularning safi bu yo'nalishda bilimga ega yangi volontyorlar bilan to'lib bormoqda. Ishtirokchilarning qoraqalpoq yoshlari bilan ilk uchrashuvlari Amudaryo tumanidan boshlandi. Ochilish tadbirida yosh fermer va dehqonlar, qishloq xo'jaligi sohasiga qiziqadigan yigit-qizlar, agrotadbirkorlar jam bo'ldi.

    Loyiha boshidan oxirigacha qishloq xo'jaligi sohasiga bag'ishlangani tabiiy. Unda yoshlarni eng ko'p qiziqtirgan “Yer olish tizimi va tartibi”, “Agrobiznesda strategik menejment”, “Zamonaviy dehqonchilikda marketing va brending” kabi mavzularda so'z bordi. Spikerlar o'zlarining shaxsiy tajribalari bilan o'rtoqlashish barobarida, agrar sohadagi bugungi imkoniyatlar, qonunchilik asoslari hamda sohani rivojlantirishda qo'l keladigan dunyodagi ilg'or tajriba va zamonaviy vositalar haqida ma'lumot berdi. Seminarlarga katta qiziqish bildirgan yoshlar orasida yangi biznes loyihalar bo'yicha takliflar bilan chiqqanlari ham bo'ldi.

    — Bugungi kunda agrar sohadagi loyihalar yoshlarda katta qiziqish uyg'otyapti. Sababi, hozir qishloq xo'jaligiga og'ir va eskicha mehnat turi emas, balki tadbirkorlikning yangi va zamonaviy yo'nalishi sifatida qaralmoqda, — deydi O'zbekiston yosh fermerlari Kengashi raisi, “Agrotransformatsiya” loyihasi muallifi Mahmud Inoyatov. — Natijada tarmoqda yoshlar ulushi ortib boryapti. Birgina misol, ayni dam yurtimizda 27 mingdan ortiq yosh dehqonlar hamda 11 mingdan ziyod fermer yigit-qizlar faoliyat yuritmoqda. Shu jihatdan, biz boshlagan navbatdagi loyiha agrar sohada mehnat qilayotgan yoki endi ish boshlash istagidagi yigit-qizlar, yuqori natijalarga erishgan agrotadbirkorlar, yosh dehqon va fermer uchun katta motivatsiya bera oladigan qulay platforma, tajriba almashinuv maydonchasi bo'lib xizmat qiladi.

    Loyiha doirasida respublika bo'ylab 20 000 dan ortiq yoshlar uchun 150 dan ziyod uchrashuvlar, seminar-treninglar tashkil etish ko'zda tutilgan. Bu o'tgan yilgi loyihaga nisbatan ikki barobar ko'p qamrov. Asosiysi, mazkur uchrashuvlarda soha mutaxassislari, agrotadbirkorlar tomonidan yoshlarga eng zamonaviy vositalar yordamida qishloq xo'jaligiga doir muhim mavzularda bilimlar berilmoqda. Hozirdan barcha hududlarda yigit-qizlar loyihaga yuqori qiziqish bildirib, qatnashish istagi bilan chiqyapti. Albatta, loyihaning eshiklari barcha uchun birdek ochiq bo'ladi.

    “Yer olishning o'zi bilan ish bitmaydi”

    “Agrotransformatsiya” so'zi to'g'ridan-to'g'ri tarjima qilinganda qishloq xo'jaligidagi yangilanish, o'zgarishlarni anglatadi. Buni hozir yurtimizdagi barcha sohalarda kechayotgan islohotlar, raqamlashtirish jarayonlari bilan bog'lash mumkin. Qishloq xo'jaligi ham uning bir qismi bo'lgani holda, agrar sohaga eng zamonaviy texnikalar, ilg'or texnologiyalarga asoslangan klaster tizimi hamda urug'ni erga qadashdan to hosil olingunga qadar qo'llanilayotgan ilmiy yondashuvlar kirib kelmoqda. Loyiha asoschilari mamlakatimiz dehqon va fermerlarini ana shu jarayonda faol jalb etishni, sohada natijani shunchaki kutish emas, balki tashabbuskor bo'lishga chorlashni maqsad qilgan.

    Loyihaning Qoraqalpog'iston Respublikasidan boshlangani ham bejiz emas. U erdagi mahalliy yoshlar hududning mavjud muammolaridan kelib chiqqan holda, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan erlardan samarali foydalanish, yuqori hosildorlikka erishishda zamonaviy texnologiyalarni qo'llash va agrotadbirkorlikni rivojlantirishga intilmoqda. Ayniqsa, Orol bo'yida istiqomat qiladigan aholi uchun bu yanada dolzarb ahamiyatga ega.

    Oxirgi yillarda qoraqalpoq elida ro'y berayotgan ijobiy o'zgarishlar qishloq xo'jaligida ham ko'zga tashlanmoqda. Hududda agrar sohani rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar berilyapti. Aholiga subsidiya, imtiyozli kredit, grantlar ajratilyapti, tomorqachilikni rivojlantirishga sharoitlar yaratilyapti. Ammo mablag'larni to'g'ri yo'naltirish, hosilni bir necha barobarga oshirish bugungi kun dehqon va fermeridan yangi bilimlarga ega bo'lishni talab etmoqda. Shu bois, hududlarda agrobiznesda faoliyatni boshlashdan to barqarorlikka erishishgacha bo'lgan jarayonlar bo'yicha treninglar tashkil qilish muhim. Bunday uchrashuvlarda yoshlar o'ziga kerakli bilimlarni egallash barobarida, o'zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.

    — Bir necha yil oldin ishsiz bo'lganim sababli, qo'shni davlatga ishlashga ketib, 4 yil davomida issiqxonada mehnat qildim, — deydi Amudaryo tumanidagi yosh agrotadbirkor Azizbek Gaipov. — Doim o'zimning qishlog'imda o'z erim bo'lsa, bolalikdan sevgan soham dehqonchilik bilan shug'ullansam derdim. Vaqt o'tib yurtimizda yoshlarga shunday imkoniyatlar yaratildi, er ajratila boshladi. Buni eshitib, 2019-yilda yurtimga qaytdim. Meni “Yoshlar daftari”ga kiritishdi va auksion orqali ukalarim bilan birga yer oldik. Oilamizda 6 nafar yosh bor. Har birimizga 25 sotixdan yer ajratildi. Aprel oyi boshida erni haydab, plyonka ostida tarvuz etishtirdik. Hosilni sotishni iyun` oyidan boshlagan bo'lsak, hozirgacha davom etyapti. Agrotadbirlarni amalga oshirishga 30 million so'mga yaqin xarajat qilganmiz. Lekin daromad ancha ko'p bo'lyapti. Tarvuzlarni boshqa viloyatlarga ham sotyapmiz. Yashirmayman, daromadimdan, hatto, avtomobilga to'lov qilib qo'ydim.

    Bir narsani aytaman, dehqonchilik oson emas, ammo qarovini topsang, qor ham yonadi, deydi xalqimiz. Har kim o'zi tushungan ishni qilishi kerak. Bu yil sabzi qimmat bo'ladi, sabzi ekaman, kelasi yili karamni sinab ko'raman, degan bilan ish bo'lmaydi. Masalan, men tarvuz etishtirishdagi agrotexnologiyalarni yaxshi bilaman, qovun yoki boshqa sabzavotni etishtirishda tajribam yo'q. Hozir dehqonchilik bilimga tayanyapti. Yoshlarga maslahatim, yer olishning o'zi etmaydi, sohani tushunish va mehnat qilish kerak. Ochig'i, hozirgi 25 sotix yer men uchun kamlik qiladi. Davlatimiz rahbari kelasi yildan yoshlarga 2 gektardan yer ajratilishini aytdilar. Men birinchilardan bo'lib olmoqchiman. Chunki bu biz, yoshlar bandligini ta'minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishimiz uchun katta imkoniyat va undan to'g'ri foydalanishimiz kerak. Hozirgi vaqtda ancha rivojlanib borayotgan qishloq xo'jaligi esa ko'proq o'rganish, yangi bilimlarga ega bo'lishni talab etadi. Bu borada bizga “Agrotransformatsiya” loyihasi mutaxassislarining maslahatlari qo'l kelyapti. Loyiha davomida o'zimizga kerakli ma'lumotlar, “yangi g'oyalar” oldik.

    Katta maqsadlar uchun kichik “turtki”

    Loyihaning keyingi kunlari ham qizg'in ruhda davom etdi. Beruniy tumanidagi YOshlar markazida soha ekspertlari agrobiznesda boshlang'ich qadam va barqarorlikka erishish haqida gapirdi. Mavzular har bir tumanning o'ziga xosligi, qishloq xo'jaligi imkoniyatlaridan kelib chiqib tanlangan. Mo'ynoq tumanida amalga oshirilgan loyihalar tahlil qilinib, yangi takliflar ko'rib chiqildi. Mutaxassislar Kegeli, Chimboy, Bo'zatov va boshqa tumanlarda ham yosh fermerlar bilan o'z bilim va tajribalarini bo'lishdi.

    Uchrashuvlar davomida kichik ko'rgazmalar ham tashkil etildi. Unda soha vakillari mahalliy yoshlarning o'zlari etishtirgan qishloq xo'jaligi mahsulotlari sifati va mazasiga yuqori baho berdi. Polizidan olib kelgan qovunlarni mehmonlarga ulashgan dehqon yigit 20 xilga yaqin qishloq xo'jaligi mahsuloti etishtirishini aytganida ko'pchilik ishonmadi. ekspertlar, hatto, yigitning ketma-ket taxlangan mahsulotlari turini erinmay sanadi. Chindan, 20 turga yaqin meva-sabzavot bor ekan. Bo'lganda ham, bari ishtaxani ochadigan, sifatli va maromida pishib etilgan.

    Qoraqalpog'istonda ana shunday ishning ko'zini biladigan yosh agrotadbirkorlar soni ortib boryapti. Tarmoqqa endi kirib kelayotgan yigit-qizlar esa ularga havas qilib, ergashayotgani ham rost. Loyiha davomida bunday yoshlar bilan suhbatlar o'tkazilib, ularning yangi g'oyalari bo'yicha maslahatlar, amaliy ko'maklar ham berilyapti.

    Shunday qilib, Qoraqalpog'iston Respublikasining 16 ta tumanida o'tkazilgan “Agrotransformatsiya” loyihasi yuqori kayfiyatda yakunlandi. Hozirda motivatsion loyiha tashabbuskorlari Surxondaryo viloyatida o'tadigan navbatdagi ushrashuvlarga hozirlik ko'rmoqda. Shu tariqa “Agrotransformatsiya” to yil oxiriga qadar boshqa hududlarda davom etadi.

    Bu gal mutaxassislar seminar-trening, agroturlar o'tkazishdan tashqari, kattaroq vazifalarni oldiga qo'ygan. Ya'ni, loyiha tadbirlari davomida zamonaviy qishloq xo'jaligiga oid 3 turdagi qo'llanmani tayyorlash hamda konsultatsion xizmat tizimini yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Ular yanada ko'proq yoshlarni qabrab olishga xizmat qiladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 05.10.22, 204-sonida e'lon qilindi)