Bu haqda Raqobat qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Dastlabki oʻrganishlarda xususiy uy-joy savdosi toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi axborot resursi orqali koʻchmas mulk olish niyatida boʻlgan fuqarolarni chalgʻitish maqsadida oʻz axborot resursi nomlanishida asossiz ravishda “Halol Bozor” nomidan foydalanganligi maʼlum boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasiga koʻra, nomaqbul (noaniqligi, bir xil maʼnoli boʻlmaganligi, boʻrttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻitadigan yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan) reklama taqiqlangan.
Shuningdek, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning “Halol“ sertifikati yoki “Halol“ nom odatda oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash, ishlab chiqarish, qadoqlash, saqlash va tashish jarayonlarida qoʻllanilishi, turli reklama va eʼlonlarida aholini chalgʻituvchi “halol“ soʻzini qoʻshish bilan mijozlar sonini koʻpaytirishni maqsad qilingani boʻyicha ham umumiy xulosasi mavjud.
Yuqoridagilarga koʻra, “Halol Bozor” axborot resursini yurituvchi shaxslarga reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari haqida tegishli huquqiy tushuntirishlar berilib, qonunbuzilish holatini kelgusida takrorlamaslik yuzasidan koʻrsatma xati kiritildi.
Natijada “Halol Bozor” platformasi nomi ixtiyoriy ravishda boshqa nomga oʻzgartirilishi taʼminlandi.