— Hozirda Yevropa davlatlari “COVID-19”ning ikkinchi toʻlqinini boshdan kechirayotgan bir vaqtda Oʻzbekistonda bu kabi ijobiy koʻrsatkichlarni koʻrib, quvonyapmiz. Albatta, Yevropadagi vaziyat iqlim sharoitlari, kunning sovishi bilan bogʻliq. Ammo, shu bilan birgalikda, bunga ayrim odamlarning ijtimoiy masofani saqlamay qoʻygani, jamoat joylarida muntazam niqob taqmayotgani ham sabab boʻlmoqda. Tushunamiz, odamlar karantin choralaridan biroz charchashdi. Lekin ularga amal qilmaslik nimalarga olib kelishini bizning mintaqamizdagi holatning oʻzi koʻrsatib turibdi.
Sanitariya qoidalariga rioya qilmaslik, ayniqsa, aholini maska taqmasligi har qanday mamlakatda ikkinchi toʻlqinni boshlanishiga sabab boʻlishi mumkin.
Umid qilamizki, vaksinalar yaratish va ularni sinovdan oʻtkazish ishlari muvaffaqiyatli yakunlanib, keyingi yilning birinchi choragida biz kasallikni butunlay jilovlay olamiz. Aytish lozimki, ushbu vaksina jahon tarixida rekord darajadagi eng qisqa muddatda yaratilgan vaksina boʻladi. Hali hech qaysi xastalikka qarshi vaksinani yaratishga bu qadar tez kirishilmagan va bunday tezkor natijaga erishilmagandi.
Ammo vaksinalarni ommaviy qoʻllash boshlanguniga qadar har birimiz karantin choralariga rioya qilishimiz: jamoat joylarida niqob taqishimiz, ijtimoiy masofani saqlashimiz, qoʻllarimizni tez-tez yuvishimiz lozim boʻladi. Oʻzbekistonda ham Yevropaning baʼzi mamlakatlaridagi kabi aholining hayot tarzini oʻzgartirishga olib keluvchi davlat darajasidagi cheklovlar yana qaytadan qoʻllanmasligi uchun odamlarning oʻzlari ixtiyoriy va ongli ravishda ushbu choralarga amal qilib borishlari lozim boʻladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.