Ai-80 benzini sotuvi 2025-yil oxirigacha cheklanishi mumkin

    Jamoatchilik muhokamasi uchun “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yilida (2025-yil) davlat dasturini amalga oshirish toʻgʻrisidagi Prezident farmoni loyihasi eʼlon qilindi.

    Hujjatda keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining takliflarini inobatga olgan holda bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etilgan.

    Hujjatda 2025-yil yakuniga qadar “Yevro-4” ekologik toifasidan past boʻlgan motor yoqilgʻisidan foydalanish va sotishni cheklash uchun “barcha kuch va resurslarni safarbar qilish” taklif etilmoqda.

    Bundan tashqari, butun respublika boʻylab issiqlik va elektr energetika korxonalarida mazutdan yoqilgʻi sifatida foydalanishni taqiqlash belgilangan, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan avariya holatlari bundan mustasno.

    2025-yil 1-maydan boshlab Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek viloyat markazlarida quyidagi yoʻnalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirishni taqiqlash taklif etilmoqda:

    • asbest, sement, shlam va shlak ishlab chiqarish;
    • koʻnchilik va parrandachilik fabrikalari;
    • agar obyektlar yuqori samarali chang-gaz tozalash qurilmalari bilan jihozlanmagan boʻlsa, har qanday turdagi koʻmirni yoqish;
    • qora va rangli metallurgiya zavodlari, zaharli komponentli shisha ishlab chiqarish, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
    • xavflilikning I va II sinflariga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.