Senat qo‘mitasida 2025-yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasi muhokama etildi

    Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida «O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi qizg‘in muhokama etildi.

    Ta’kidlanganidek, Davlat dasturi loyihasida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishlari kesimida 2025-yil uchun amaliy chora-tadbirlar rejasi, joriy yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro‘yxati va har bir yo‘nalish kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilyapti.

    Davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan yangicha yondashuvlar 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishini kamida 6 foizga yetkazish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.

    «Yashil» energetika milliy iqtisodiyotimiz drayveriga aylanayotganidan kelib chiqib, bu yo‘nalishda ham kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifalar belgilanyapti.

    Jumladan, aholi va tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida 2025-yil 1-apreldan boshlab chiqindilar utilizatsiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun «yashil tarif»larni joriy etish taklif etilyapti.

    Davlat dasturi loyihasida mamlakat iqtisodiyotini yangi sifat bosqichiga olib chiqish uchun iqtisodiy o‘sishni kamida 6 foiz darajasida ta’minlash, barqaror iqtisodiy o‘sish sur'atlarini ta’minlashda ichki jamg‘armalar va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, eksport salohiyatini o‘rganish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, tadbirkorlar bilan «korxonabay» ishlarni tashkil etish va mahalliy mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirish, «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» brendi ostida mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash orqali 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish ko‘zda tutilyapti.

    Majlis ishtirokchilari muhokama etilgan Davlat dasturi loyihasining barcha bandlari yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Shuningdek, 2025-yilgi davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilayotgan barcha yo‘nalishdagi maqsad-vazifalar ertangi kunimizni yana-da farovon qilishda, yurtimiz rivojini yuqori pog‘onaga ko‘tarishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

    Tadbir yakunida loyihani takomillashtirish va qabul qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.