«O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi muhokama etildi

    Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitalarining qo‘shma majlisida «O‘zbekiston–2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi muhokama etildi.

    Davlat dasturi loyihasida aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish mamlakat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganligi ta’kidlandi.

    Davlat dasturida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilangan bo‘lib, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishida ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan maqsadlar qamrab olingan.

    Xususan, joriy yilda 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrov darajasini 98 foizga yetkazish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun 65 nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblarini yaratish va amaliyotga joriy etish kabi vazifalar belgilangan. Shuningdek, umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish uchun xususiy sektorni keng jalb etish maqsadida nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari sonini 600 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.

    Xorijiy ilmiy tashkilot va universitetlarga ilmiy stajirovkaga yuborilgan tadqiqotchilarning umumiy sonida 35 yoshgacha bo‘lgan tadqiqotchilarning ulushi 80 foizga oshiriladi.

    Sog‘liqni saqlash sohasida 7,1 million nafar 40 va undan katta yoshdagi aholi orasida eng ko‘p uchraydigan yurak qon-tomir, qandli diabet, o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari xavfini aniqlash maqsadida profilaktik ko‘riklarni o‘tkazish hamda 3 – 18 yoshli 10 million nafar bolalarda onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha ommaviy va selektiv skriningdan o‘tkazish choralari rejalashtirilyapti.

    Bundan tashqari, majlis davomida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasining «Xavfsiz va tinchliksevar davlat» tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishida mamlakatning tinchliksevar, pragmatik faol va izchil tashqi siyosatini amalga oshirishga doir 10 ta maqsadni qamrab olgan takliflar ham ko‘rib chiqildi.

    Jumladan, ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish hamda O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi o‘rni va nufuzini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.

    Senatorlar tomonidan umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, oliy ta’lim muassasalari reytingini yaxshilash, yosh tadqiqotchilarning ulushini oshirish, ularning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatini xalq va davlatning manfaatlaridan kelib chiqqan holda izchil amalga oshirishga qaratilgan takliflar bildirildi.

    Shuningdek, xalqaro hamkorlik, xorijiy investitsiyalarni va turizmni jadal rivojlantirish hamda aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishda mas’ul vazirlik va idoralarning hamkorligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

    Muhokama davomida senatorlar, ekspertlar hamda mutaxassislar tomonidan Davlat dasturi loyihasiga bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.