“GOC-UZ” yangi ishlab chiqarish korxonasi nafaqat Oʻzbekiston telekommunikatsiya infratuzilmasini xorijiy valyutaga sotib olingan mahsulotlar bilan taʼminlash masalalarini hal etibgina qolmay, balki yuzdan ortiq kishilarni, shu jumladan, Jizzax shahridagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ham ish bilan taʼminlaydi.
Optik tolali kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Global Optical Communication Uzbekistan” MCHJ Qoʻshma korxonasiga 2019-yil oktyabr oyida “Oʻzbektelekom” AK va Janubiy Koreyaning “Global Optical Communication Co. Ltd.” va “Uni Asset Global Co. Ltd.” kompaniyalari bilan birgalikda asos solingan.
2020-yilda birinchi bosqichda “Global Optical Communication Uzbekistan” QKning “Jizzax” EIZdagi mavjud binosida Koreya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalarining zamonaviy uskunalari oʻrnatilgan boʻlib, hozirgi kunda bu yerda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilyapti.
Ayni paytda “Optik-tolali aloqa kabellari ishlab chiqarishni tashkil qilish” loyihasi “Global Optical Communication Uzbekistan” MCHJ QK tomonidan 2 ta bosqichda amalga oshirilyapti:
- Qoʻshma korxonaga “Oʻzbektelekom” AKning ulushi sifatida kiritilgan “Jizzax” EIZ hududidagi 1,6 gektar maydon va undagi ishlab chiqarish bino-inshootlarida uskunalar keltirildi va oʻrnatildi. Oʻrnatilgan uskunalar yiliga import oʻrnini bosuvchi 20 ming kilometr optik-tolali aloqa kabeli ishlab chiqarish boshlangan edi.
- Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari Maʼmuriy kengashining 2020-yil 25-yanvardagi qaroriga koʻra, “Jizzax” EIZ hududidan belgilangan tartibda qoʻshimcha 4,5 ga yer maydoni ajratilgan. Ushbu maydonda import oʻrnini bosuvchi 30 ming kilometr optik tolali aloqa kabeli chiqarish quvvatiga ega kompleks qurilib, ishga tushirildi.
Bugungi kunga kelib, qoʻshma korxona tomonidan 50 ming kilometr optik-tolali aloqa kabeli ishlab chiqarilyapti.
Soha rahbari korxona mutaxassislari bilan ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish, tayyorlanayotgan mahsulotlar sifatini oshirish, ularni mahalliy hamda tashqi bozorga chiqarish yuzasidan suhbatlashdi. Shu bilan birga, korxonada mehnat qilayotgan yosh xodimlar va ularga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.