AKT vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 17 Iyun 2022 1773

    Joriy yil 16-iyunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov hamda YETTBning Telekommunikatsiya, media va texnologiya sektori rahbari Derk Uerner ishtirok etdi.

    Uchrashuv davomida AKT vaziri Oʻzbekistonni mintaqaviy IT markazga aylantirish, axborot texnologiyalari yoʻnalishini asosiy drayver sohaga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

    Shuningdek, pandemiya davrida uydan turib ishlashga boʻlgan talabning oshgani, ushbu davr mobaynida mamlakatimizda ham autsorsing xizmatlari (BPO va KPO) rivojlanganini aytib oʻtdi. Xorijiy kompaniyalar ishtirokida BPO xizmatlarini rivojlantirish va shu tariqa IT mahsulot va xizmatlar eksportini oshirish, yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etish hamda yuqori maoshli ish bilan taʼminlashdan iborat ekanligini qayd etdi.

    Uchrashuvda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari mamlakatda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga qaratilayotgan eʼtibor yuqoriligini taʼkidladi.

    Shuningdek, uchrashuv davomida raqamli iqtisodiyot doirasida hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish, Oʻzbekistonda keng polosali aloqani kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.