Qonun rivojlangan xorijiy davlatlarning ijobiy tajribasi va Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IHRT)ning tavsiyalari asosida tayyorlangan.

Jumladan, Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysiga Markaziy bankda ham hisobvaraq ochib, qimmatli qogʻozlarning uyushgan savdosida qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar natijalari boʻyicha pul mablagʻlarining hisob-kitoblarini amalga oshirish huquqini berilishini koʻzda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Fuqarolik kodeksiga unitar korxonani boshqarish organi sifatida kuzatuv kengashini joriy etish mumkinligi kiritilayotgan boʻlib, ushbu normaning amalga joriy etilishi unitar korxona va uning egalari manfaatlari yoʻlida faoliyat yuritilishini hamda korxona rahbari faoliyati ustidan samarali nazoratni oʻrnatilishini taʼminlaydi.

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonundan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi (“oltin aksiya”) bekor qilinayotgan boʻlib, uning bekor qilinishi yirik salohiyatli investorlarning xususiylashtiriladigan korxonalarga boʻlgan qiziqishini ortishiga ijobiy taʼsir etadi.

Shuningdek, korxonalarni oʻrta va uzoq muddatli (3-5 yillik) rivojlantirish strategiyasini amalga oshirilishi taʼminlash orqali ularni korporativ boshqaruvning samaradorligini oshirish maqsadida “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda ijroiya organi va kuzatuv kengashi aʼzolari vakolatlari muddatini bir yildan uch yilgacha uzaytirish belgilab qoʻyilmoqda.

Shundan kelib chiqib, minoritar aksiyadorlar huquqlarini taʼminlash, ularni korxonani boshqarishdagi rolini oshirish hamda manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini kamaytirish maqsadida “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarda minoritar (5 foizga ega) aksiyador (ishtirokchi)larga auditorlik tekshiruvini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqish huquqi berilmoqda.

Umuman Qonun davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarishda korporativ boshqaruvning ilgʻor tajribasini joriy etish orqali ularni samaradorligini yanada oshirishga hamda qimmatli qogʻozlar bozorining asosiy infratuzilma obyekti hisoblangan Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi faoliyatini takomillashtirilishini taʼminlaydi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati