Kecha, 16-noyabr kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamkorligida Aleksey Talay ishtirokida motivatsion-trening tashkil etildi. Unda paralimpiya sportchilari, alohida taʼlim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari, Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilari, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalari  hamda paralimpiya trenerlari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish qismida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti – O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov hamda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov ishtirok etdi. Unda so‘z olgan Adham Ikromov so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida aholi salomatligi mustahkamlash, ayniqsa jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan insonlar o‘rtasida paralimpiya sport turlarini ommalashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinayotganini alohida taʼkidladi. 

Trening davomida Aleksey Talay o‘zining bosib o‘tgan mashaqqatli va ibratli hayot yo‘li, erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi. Tadbirning ikkinchi qismi esa savol-javob tarzida davom etdi.

Aleksey Talay motivatsion-treningni quyidagi so‘zlar bilan yakunladi: “Oilangiz va yaqinlaringiz uchun doimo harakatda bo‘ling!”.