Ayrim otalar farzandlarining moddiy taʼminotiga eʼtibor bermasdan turli bahonalar bilan oʻzlarini olib qochishmoqda.

Karantin davrida kimdir qaysidir amallari bilan jamiyatdagi muhtoj oilalarga yordam berayotgan boʻlsa, Navbahor tumanida yashovchi F.Xodiyev kabi otaning oʻz majburiyatini unutib qoʻyganligini qanday izohlash mumkin.

Xususan, byuroning Navbahor tumani boʻlimi ish yurituviga kelib tushgan, fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo sudining 24.01.2018-yildagi ijro hujjatiga asosan, javobgar F.Xodiyevdan undiruvchi D.Elmurodova foydasiga bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun 1/4 miqdorida aliment undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati boʻyicha olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzdorga bir necha bor rasmiy ogohlantirishlar berilgan, bu majburiyatdan qochib boʻlmasligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan. Shunga qaramasdan aliment pullarini toʻlashdan boʻyin tovlab kelganligi oqibatida, F.Xodiyevga nisbatan MJtKning 474-moddasiga asosan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazo chorasi qoʻllanilgan. 

Qarzdor F.Xodiyev bu jazo chorasidan tegishli xulosa chiqarmasdan aliment pullarini toʻlashni yana paysalga solib keldi.

Davlat ijrochisining alimentni hisoblash toʻgʻrisidagi qarori bilan uning qarzdorligi 01.07.2020-yil holatiga 8 mln. soʻmni tashkil etganligi aniqlanib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

Jamiyatda bir farzandning moddiy taʼminotdan uzilishiga masʼuliyatsiz otaning bu qilmishi sabab boʻldi.

Majburiy ijro byurosi

Navbahor tuman boʻlimi