M.Q Uchqoʻrgʻon tumanida istiqomat qiladi. Ayrim sabablarga koʻra, turmush oʻrtogʻi S. T bilan ajrashgan. Bir nafar farzandi ona tarbiyasida qoladi va Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchqoʻrgʻon tumanlararo sudining qaroriga binoan, otadan har oyda topgan daromadidan aliment undirish tartibi belgilanadi.

Mazkur ijro hujjati MIBning tuman boʻlimi ish yurituviga olinadi. Davlat ijrochisi tomonidan M.Q.ga farzandi uchun alimentni oʻz vaqtida toʻlab borish zarurligi tushuntiriladi. Biroq M.Q bu majburiyatga masʼuliyatsizlik bilan qarashi tufayli qarzdorlik 24 mln soʻmga borib yetadi. Boʻlib oʻtgan sud davomida mazkur ish atroflicha koʻrib chiqilib, taraflar eshitildi. Sudning qarori bilan javobgarga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

B.Gʻ ham voyaga yetmagan farzandlari uchun belgilangan aliment mablagʻlarini toʻlamay kelayotgan otalardan biri boʻlib chiqdi. Boʻlmasa, Fuqarolik ishlari boʻyicha Uchqoʻrgʻon tumanlararo sudining buyrugʻi bilan qatʼiy belgilangan summani toʻlar edi. Farzandlarining moddiy taʼminotidan boʻyin tovlagan qarzdor otaning alimentdan qarzdorligi 38 mln soʻmni tashkil etadi. Bu boʻyicha toʻplangan ijro hujjatlari ham atroflicha koʻrib chiqilib, unga nisbatan ham 15 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi belgilandi.

Fuqaro O.T ham turmush oʻrtogʻi foydasiga bir nafar farzandi uchun aliment toʻlamay yurgani uchun unga nisbatan ham sudning qarori eʼlon qilindi. Yaʼni 2 oydan ortiq vaqt mobaynida aliment mablagʻini toʻlashdan boʻyin tovlagani uchun maʼmuriy sudning hukmi bilan 10 sutkalik qamoq jazosi tayinlandi.

                                                 MIBning Namangan viloyati boshqarmasi