— 2019-yili Turkiyaga safar qildik va Istanbul shahrida joylashgan bir necha qoʻlyozma fondlari, muzeylarda boʻldik, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi direktori, falsafa fanlari doktori Roiq Bahodirov. — Ularda Oʻzbekistonga oid boʻlgan qoʻlyozmalar bilan tanishdik. Alisher Navoiy hayotligi davrida – 1485-yili koʻchirilgan qoʻlyozmaning rangli nusxasini olib kelishga erishdik.
Ushbu yilda Navoiy davridagi juda mashhur xattotlardan biri Sultonali Mashhadiy Alisher Navoiyning “Badoeʼ ul-bidoya” devonini koʻchirgan. Hozirgacha ilm-fanda bu devonning beshta nusxasi aniq edi. Ularning hammasi Navoiy hayotligi davrida koʻchirilgan, deb hisoblanardi. Besh devonning yoniga endi oltinchisi – asarning Istanbul nusxasi qoʻshildi.
Markaz xodimlarining taʼkidlashlaricha, Istanbul nusxasining muhim jihatlaridan biri — bu, birinchidan, u Sultonali Mashhadiydek juda mashhur xattot tomonidan koʻchirilgani boʻlsa, ikkinchidan, Alisher Navoiyning oʻzi hayot boʻlgan davrda Hirotda koʻchirilgan. Chunki 1485-yilda Alisher Navoiy oʻzining “Xamsa“ asarini yozib tugatayotgan va xuddi shu davrda bu qoʻlyozma Hirotda koʻchirilgan. Yaʼni, bu qoʻlyozmani Alisher Navoiyning oʻzi koʻrgani ehtimoli juda katta.