“All Nippon Airlines” Yaponiyadan Oʻzbekistonning tarixiy shaharlariga aviareyslar yoʻlga qoʻymoqchi

    Xalqaro hamkorlik 5 Oktabr 2022 2102

    Oʻzbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov “All Nippon Airlines” (ANA) aviakompaniyasi vitse-prezidenti Junichiro Miyagava bilan muzokara oʻtkazdi.

    Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan uchrashuvda Yaponiyadan mamlakatimizning tarixiy shaharlariga toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslarni yoʻlga qoʻyish, yurtimizga keluvchi yaponiyalik sayyohlar oqimini oshirish va turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Yaponiya tomonga Oʻzbekistonning boy turistik salohiyati hamda davlat rahbari boshchiligida sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar, jumladan, fuqarolik aviatashuvlar bozorini liberallashtirishga oid chora-tadbirlar, mamlakatimizning hududiy aeroportlarida ochiq osmon rejimining joriy etilishi, xizmat koʻrsatish sohasidagi imtiyozlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, Samarqanddagi yangi zamonaviy aeroport terminali hamda “Silk Road Samarkand” turistik markazi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Junichiro Miyagava, oʻz oʻrnida, Oʻzbekiston yaponiyalik sayyohlar uchun jozibador mamlakat ekanini qayd etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar sabab yaponiyalik turistlarning yurtimiz tarixi va madaniy merosiga boʻlgan qiziqishi tobora ortib borayotganini taʼkidladi.

    2022-yil 4-avgustdan “Uzbekistan airways” AJ tomonidan “Toshkent – Tokio – Toshkent” xalqaro yoʻnalishidagi muntazam reyslar tiklangani hamda fuqarolik aviatashuvlarni rivojlantirishda yaqindan hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini inobatga olib, ANA aviakompaniyasining Yaponiyadan Oʻzbekistonning turistik shaharlari (Samarqand, Buxoro, Urganch) ga aviareyslarni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

    Muzokaralar yakuniga koʻra, Yaponiya turistik agentliklar assotsiatsiyasi (JATA) koʻmagida Yaponiyada Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilishga oid promo-tadbirlar oʻtkazish, kunchiqar mamlakat turkompaniyalari va OAV vakillari ishtirokida info-tur tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekistonning transport logistikasi, xususan, Samarqanddagi yangi aeroport infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan manzilli muzokaralar oʻtkazish uchun ANA aviakompaniyasi rahbariyati tashrifi rejalashtirildi. Bundan tashqari, “All Nippon Airlines” kompaniyasining Tokio va Osaka shaharlaridan Samarqand shahriga charter dasturlarini amalga oshirish masalasini ishlab chiqishga kelishildi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.