Endi davlat granti bir talaba uchun 4 yilga berilmaydi

    A’lochi talabalar grant asosida o‘qiydi

    Oliy ma’lumot har bir insonga jamiyatda o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lish imkonini bersa, davlatga bilimlilarni tanlab olish, qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy, iqtisodiy, muhandislik va texnologik sohalarni ilmiy-institutsional qamrab olishga, pirovardida, inson kapitalini samarali yo‘naltirishga xizmat qiladi.

    Shu ma’noda, oliy ta’lim sohasida akademik ta’limga ajratiladigan grantlarning ahamiyati, ayniqsa, o‘qitish sifatini oshirishda g‘oyat muhim. Bu omil oliygohlarni innovatsion va inklyuziv markazlarga aylantiradi, oliy ta’lim faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda mamlakat taraqqiyotini tezlashtiradi.

    Joriy yil 6-may kuni Prezidentimiz huzurida oliy ta’lim tizimi bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda aynan bilimli kadrlarni tanlab olish, imtiyozlar bilan qo‘llab-quvvatlash, salohiyatli kadrlarni tayyorlash istiqbolli ekani ta’kidlandi.

    Yig‘ilishda oliy ta’limda shaffoflik va samaradorlikni ta’minlash, 2024/2025-o‘quv yili oldidan qabul kvotalarini qayta ko‘rib chiqish va malaka talablarini xalqaro darajaga ko‘tarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

    Davlatimiz rahbari bakalavriat va magistratura yo‘nalishlaridagi katta tafovutni qisqartirish, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish zarurligini ta’kidladi. Bugun oliy ta’lim muassasasini bitirayotgan talabalarda to‘liq malaka shakllanmagani aynan ularning ishga joylashuvida asosiy muammo bo‘layotgani tanqidiy baholandi.

    Barcha oliygohlar iqtisodiyotdagi “talab va taklif” asosida ishlash, sohalardagi ehtiyojni mahalliy ijro organlari, nodavlat tashkilotlar, tadbirkorlar va investorlar bilan kelishilgan holda aniqlash, eski ta’lim yo‘nalishlarini qisqartirib, yangilarini tashkil etish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.

    Haqiqatan, g‘oya va innovatsiyalar ijodkorligi, tashabbuskorlik, ochiq va konstruktiv islohotlar, tashqi siyosatdagi iqtisodiy pragmatik hamkorlik natijasida mamlakatimiz agrar sektorga qaramlikdan qutulib, yengil va og‘ir sanoat jabhalarida misli ko‘rilmagan iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishdi.

    Bunday keng ko‘lamli islohotlar bitiruvchilar orasidan iqtidorli va bilimli yoshlarni tanlab olish, qobiliyatli yigit-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, muhandislik, qurilish va texnologik sohalar rivojlanib borayotgan mamlakatimizda texnikumlar faoliyatini oliy ta’limga integratsiya qilgan holda takomillashtirish imkonini beradi. Buning natijasida industrial sanoat taraqqiy etadi.

    Ilgari oliygohlarga o‘qishga kirishda yo‘nalishlar bo‘yicha 40 ta grant ajratilgan bo‘lsa, endi yuqori ball to‘plagan abituriyentlarni grant asosida o‘qishga qabul qilish orqali qo‘llab-quvvatlash topshirig‘i berildi. Yangi tartibga ko‘ra, muayyan yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya’ni yuqori ball olgan yoshlar o‘qishga kirmay qolmaydi.

    Yana bir yangilik: endi davlat granti bitta talabaga 4 yilga berilmaydi, balki har yili yuqori baho olgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Ilgari sezilarli tafovutga ega bo‘lmagan 0,75, boringki 2-3 ball uchun ham to‘lov-shartnomaga tushgani tufayli keyingi yili hujjat topshirgan yoki oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmay, o‘qishdan butunlay voz kechgan oilalar farzandlarini ko‘p ko‘rganmiz.

    Bu yerda masala faqat birgina yigit yo qizning 11 yil o‘qib to‘plagan oltindan qimmat bilimi yo‘qolib ketishidagina emas, balki ularga ta’lim bergan o‘qituvchilarning mehnati ham zoye ketishidadir.

    Davlatimiz rahbarining mazkur yig‘ilishda maktabni bitirayotgan bilimli o‘g‘il-qizlarimizga bildirgan katta ishonchi, otalarcha g‘amxo‘rligi “inson qadri uchun” tamoyilining yuksak namunalaridan biridir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

    Rivojlangan davlatlarda grantlar talabalarga ko‘plab imtiyozlar berish barobarida, oliy ta’limda tadqiqot va innovatsiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Grantlar akademik ta’lim orqali turli sohalar, jumladan, muhandislik, texnologiya jabhalarida katta ilmiy, iqtisodiy yutuqlarga sabab bo‘ladi, OTMlarning mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishiga xizmat qiladi.

    Yana bir jihati shuki, u talabalarga oliy ma’lumot olishda moliyaviy yordam shakli bo‘lib, bu qo‘llab-quvvatlov munosib shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’i nazar, ta’lim olishda teng imkoniyatga egaligini ta’minlaydi, inklyuzivlikni rag‘batlantiradi.

    Universitet grantlari akademik dasturlarni takomillashtirish va kengaytirish uchun juda muhim. Ushbu mablag‘ yuqori ta’lim standartlarini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yangi o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, grantlar qo‘shma tadqiqot loyihalari va tashabbuslar orqali fanlararo hamkorlikni, an’anaviy bilimlar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, darslik va akademik dasturlarni diversifikatsiya qilish, talabalarni kasbga yo‘naltirish jarayoni hamda murabbiylik dasturlarini kengaytiradi.

    Universitetlarga jamoatchilikni jalb qilish dasturlarini boshlash, mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va jamiyatga foyda keltiradigan loyihalarni ro‘yobga oshirish imkonini beradi.

    Yig‘ilishda “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi hamda ta’lim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini to‘la integratsiyalashtirishga yo‘naltirishi ta’kidlandi. Loyiha ofisi asosan pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tahlil qilish barobarida qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim tashkilotlarini tizimli rivojlantirish, professional ta’limdan so‘ng oliy ta’limni davom ettirish imkoniyatini yanada kengaytirish, 3 yillik ta’lim dasturlari asosida amaliy bakalavriat bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishni kafolatlaydi.

    Shu bilan birga, o‘qitish sohasida davlat boshqaruvi organlarining ayrim funksiyalarini (ta’lim tashkilotlari reytingini aniqlash, ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish va boshqalar) nodavlat, shu jumladan, xalqaro tashkilotlarga autsorsingga berish bo‘yicha takliflar tayyorlashni o‘z ichiga oladi.

    Professional va oliy ta’limda kasbiy ko‘nikmalarni belgilash hamda baholash bo‘yicha yangi tizim joriy qilishdagi bu sa’y-harakatlar bilimlilarni tanlab olish va kelajakni ishonchli qo‘llarga topshirishimizda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi.

    Yig‘ilishda adolatli ta’lim islohotlariga erishishda bevosita OTMlarning ichki tartib-qoidalari, ma’muriy boshqaruvi muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Yangi o‘quv yili boshlangunga qadar akademik ta’lim tizimini qayta isloh qilish, raqamlashtirilgan yangi tizimni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

    Yangi o‘quv yilida qabul kvotalarini to‘g‘ri tahlil qilgan holda taqsimlash, mehnat bozori ehtiyojiga qarab ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat granti asosida o‘qishga kirishi ta’minlanishi belgilab berildi.

    Ilgari davlat granti bir talabaga bakalavriat bosqichida uzluksiz taqdim qilingan bo‘lsa, endi grantni oqlash, mas’uliyatni his qilish va o‘qishni o‘zlashtirishni muntazam rivojlantirib borish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida har yili yuqori baho olgan talabalar orasida ushbu grant o‘rni qayta taqsimlanadi.

    Davlatimiz rahbari malaka talablari bo‘yicha jahon andazalariga mos ish yuritish, malakani baholashni sertifikatlash, innovatsion malaka standartlarini ishlab chiqish va tizimni raqamlashtirish zarurligini qayd etdi. Bu borada Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil qilib, ish beruvchilar bilan birga malaka talablarini to‘liq ishlab chiqish vazifasini berdi.

    Yig‘ilishdan ko‘zlangan istiqbolli maqsad oliy ta’limni qayta ko‘rib chiqish orqali o‘qitishda adolatni ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, xususan, muhandislik va texnologiya sohalarida malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirish, buning uchun ilg‘or xorijiy universitetlar bilan fan va mutaxassisliklar yo‘nalishida tajriba almashish, akademik ta’limni tez sur’atda, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqishdir.


    Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,
    oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri

    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 88-sonida (2024-yil 8-may) chop etilgan.