Ota-bobolarimiz bu tushunchaga nega bu qadar chuqur eʼtibor qaratib, unga amal qilib yashab kelgan. Nega halol luqma yeyish dunyo yaralgandan buyon ellar, elatlar tilidan va dilidan tushmaydi. Bu tushunchaning qanday sir-sinoati, kuchu qudrati bor?
Bir manbada halol luqma — inson halol
mehnat bilan topib, pok yoʻl bilan isteʼmol qilgan rizqi boʻlib, ibodatlarning
qabul boʻlishi, qalb pokligi va duolar ijobatining asosidir, deya taʼrif
berilgan. “Oʻxshamoq istasang Luqmonga, Eʼtibor bermoq kerak luqmangga”, deydi
Jaloliddin Rumiy.
Yana bir mashoyix, pirlarning piri,
Bahouddin Naqshbanddek ulugʻ siymolarning ustozi, islom olamida oʻz sulukiga
ega boʻlgan Sayyid Amir Kulol “Bilingki, qalbning, tilning va badanning pok
boʻlishi halol luqmaga bogʻliq. Halol luqma yegan insonning meʼdasi pok suv
toʻplangan hovuz kabidir. Undan atrofga toza suv tarqaladi, u bilan chiroyli
gullar ochiladi, daraxtlar meva beradi...” deydi.
* * *
Mashhur yozuvchi Neʼmat Aminovning
“Bir asr hikmati” asari bosh qahramoni, yozuvchining padari buzrukvori Tesha
bobo Aminov bir rivoyatni aytib bergan edi. Qadim zamonlarda Buxoroda yetti
iqlimga mashhur bir ulugʻ olim, alloma boʻlgan ekan. Uning ikki oʻgʻli boʻlib,
toʻngʻichi juda aql-farosatli, dinu iymonli yigit, kichigi esa aql-farosati
sust, iymoniga putur yetgan, koʻcha bezori, birovlarga ozor berishdan
hayiqmaydigan ekan.
Bir kuni ulugʻ alloma shogirdlariga
Handasadan dars berib, yakunida toliblaridan “Kimda qanday savol bor” deb
soʻrasa, bir shogirdi “Menda savol bor” debdi. “Soʻylang” debdi alloma. “Ustoz,
savolim beodobligidan men aqli noqisni manzur tutgaysiz”. “Soʻylayvering”.
“Sizning ikki farzandu azizingiz bor. Toʻngʻichingiz juda baodob, bamaʼni, ilmu
irfonga ixlosmand. Kichigingiz, negadir, akasiga oʻxshamaydi. Oʻtgan yakshanba
oʻzim koʻrdim, guzarda bezorilik qilib, bir bechora bandani chunonam
doʻpposladiki, asti qoʻyavering. Siz bir ulugʻ hazrat boʻlsangiz, sizdan bunday
farzand?.. Aqlim qosirlik qiladi, ustoz!”.
Ulugʻ olim yerga qaragancha bir oz
jim qolib, bir xoʻrsinib, keyin shogirdiga yuzlanibdi.
— Ochigʻini aytsam, kenja oʻgʻil
tugʻilmasdan oldin bir uyatli ishni qilganman. Bir yakshanba kuni uyga bozorlik
qilay deb bozorga tushuvdim. Pishiqchilik payti edi. Koʻzim rastadagi juda
ajoyib bir uzum boshiga tushdi. U tirsillagan, toza, tillarang tovlanib
turardi. Buni qarangki, uzum boshiga xayol-bexayol qarab turib, nafsimni tiya
olmay, egasidan soʻroqsiz ikki donasini uzib olib ogʻzimga solibman.
Chaynaganimda suvi tomogʻimga ketdi. Va xato qilganimni bilib, chaynashdan
toʻxtab, uzumning egasiga qarab, qotib qoldim. U mening beixtiyor shunday
qilganimni tushundi.
— Yoʻq-yoʻq, uyalmang hazrat,
hechqisi yoʻq, — dedi u shosha-pisha qoʻlini koʻksiga qoʻyib. — Men ming bora
roziman! Sizday ulugʻ inson men yetishtirgan mevani yeyishni oʻziga ravo
koʻrganidan benihoya mamnunman!
Ammo bu rozilik aytilishiga kech
boʻlgan edi. Uzumning shirasi allaqachonlar tomogʻimdan oʻtib, jigʻildonimga
joylashgandi. Uning shunday xudobexabar boʻlishiga men aybdorman.
Aslida, uzumning bir qultum suvi bir
farzand taqdiriga bunchalar taʼsir qilmaydi. Ammo egasining roziligisiz ikki
dona uzum donasini ogʻzimga solishga undagan ichimdagi harom nafs oʻzining
mavjudligini namoyon qilgan edi...
* * *
Inson ruhi tanadan va ichki muhitdagi
mavjud maʼnaviy olam nuridan oziqlanadi. Tana sogʻlom boʻlsa, ruh ham sogʻlom,
tiniq va tetikdir. Tanasi kasalmandning ruhi siniq va pajmurda boʻladi. Bular
isbot talab qilmaydigan haqiqat.
Donishmandlar “Sogʻlom tanda —
sogʻlom aql” deb bejiz aytishmaydi. Tananing sogʻlomligi sogʻlom, halol
neʼmatlardan isteʼmol qilish, sogʻlom maʼnaviy olam injularidan oziqlanishdir.
Sogʻlom neʼmatlar degani nima? Ular
turli kasalliklarga chalinmagan, inson tanasiga zarar keltiruvchi mineral
oʻgʻitlardan belgilangan meʼyorlardan ortiq isteʼmol qilmagan, aksincha,
ilm-fan xulosalari doirasida oziqlantirilgan meva-sabzavotlar, poliz va boshqa
ozuqa mahsulotlaridir.
Halol neʼmatlar nima? Ular inson
isteʼmol qilishi mumkin boʻlgan, tanaga va ruhga sogʻlom, kerakli ozuqa
moddalarini beruvchi, genlarni insoniy oʻlchamlar va chegaralardan chiqarib
yubormaydigan, ruhga kuch-quvvat bagʻishlovchi neʼmatlardir.
Harom mahsulotlarchi? Ular inson
yeyishi man qilingan, tana aʼzolariga zarar keltiruvchi, koʻproq mahsulot
olish, foyda ortidan quvish hirsi bilan mineral oʻgʻitlardan meʼyoridan ortiq
isteʼmol qildirilgan, turli kasalliklarga chalingan yoki aynigan meva-sabzavot,
poliz va boshqa mahsulotlar. Ular inson tanasining ichki aʼzolari — yurak, jigar, oshqozon, buyrak, oʻpka, taloq,
ichaklar va boshqalar faoliyatini izdan chiqaradi.
Yana harom luqma birovning, xalqning
haqini yemoqdir. Birovning haqini yegan insonning ruhi, maʼnaviy dunyosi
buziladi, u ezgu ishlarni qilishga layoqatsiz boʻlib qoladi, insoniy qiyofasini
yoʻqotadi, jamiyat tanasidagi qurtga aylanadi.
Ota-bobolarimizdan qolgan merosni
varaqlayversangiz, halol va harom luqma haqida juda koʻp hikmatlardan boxabar
boʻlasiz. Ularni oʻqish, oʻrganish yaxshi, ammo oʻqish, oʻrganish bilan
cheklanib qolsak, bundan qanday naf bor, qachonki ularni amalda qoʻllamasak!
— Bobolarimizdan qolgan halol, harom
luqma borasidagi ijtimoiy-falsafiy qarashlar, tamoyillarni bugungi hayotimizga
qanday joriy qilamiz?
Buning ikki yoʻli bor. Biri bugun biz
aytmoqchi boʻlgan va davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ilm-fan
yutuqlarini amaliyotga tezkor joriy qilish orqali xalqimiz uchun sogʻlom, halol
luqmani yaratish va millat genofondini yanada yaxshilash borasidagi tarixiy
saʼy-harakatlar.
Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi
tarmogʻida insoniylik, axloq, ijodkorlik, tafakkur tamoyili asosida mehnatni
tashkil qilish borasida keng koʻlamdagi targʻibot-tashviqot ishlari amalga
oshirilmoqda. Bu tamoyilni korxonalar ishchilari, oliy oʻquv yurti talabalari,
olim va mutaxassislarga, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va uni ichki
hamda tashqi bozorlarga chiqarish bilan shugʻullanayotgan har bir fuqaroga
yetkazish chora-tadbirlari koʻrilyapti. Chunki halol luqma yeganlargina kelajakni
yaratadilar.
Bu tamoyilning mazmuni va maqsadi
nimadan iborat? Avvalo inson farzandlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari
yetishtirayotgan har bir shaxsda foyda, daromad olish emas, balki insoniylik,
inson manfaatlari birlamchi maqsad boʻlishi kerak. Buning uchun u toza mahsulot
yetishtirishi shart. Yaʼni nosogʻlom, meʼyoridan ortiq mineral oʻgʻitlar, inson
salomatligi uchun zararli boʻlgan bioqoʻshimchalar bilan oziqlantirilgan
mahsulot ota-bobolarimiz iborasi bilan aytganda — harom! Zamonaviy tilda aytganda,
inson salomatligiga toʻgʻridan toʻgʻri zarar yetkazuvchi unsur!
Xalqimiz dasturxoni uchun oziq-ovqat
mahsuloti yetishtirayotgan insonlarda axloq yuqori darajada boʻlishi kerak.
Axloq boʻlmagan joyda har qanday yomon unsurlar qoʻpchib ketadi. Axloqi
boʻlmagan shaxs insoniylik haqidagi tushunchalarni tan olmaydi, unda har qanday
yoʻl bilan manfaat koʻrish hirsi ustun turadi. Shuning uchun u ekinga mineral
oʻgʻitlar, turli kimyoviy dorilarni berish orqali imkon qadar koʻproq mahsulot
yetishtirishga intiladi. Oʻzi yetishtirayotgan mahsulot yuzlab odamlarning
salomatligiga zarar yetkazishi mumkinligini oʻylab ham koʻrmaydi.
Kechagidan koʻproq va sifatli,
foydali mahsulot yetishtirish uchun ijodkorlik kerak boʻladi. Hozirgi paytda
“kreativlik” degan qandaydir ajnabiy soʻz modaga aylandi. Aslida, u ijodkorlik,
yaʼni har bir narsaga ijodiy yondashish maʼnosini bildiradi. Ijodkorlik
boʻlmasa, har doimgidek, bir maromda yerga ketmonni urgan bilan zamonaviy
dehqonchilik, chorvachilik, asalarichilik va boshqa yumushlarni tashkil qilib
boʻlmaydi.
Keyingisi — tasavvur. U boʻlmagan
joyda koʻr-koʻrona mashaqqatli mehnatu daromadi xarajatni qoplamaydigan,
sifatsiz mahsulotlar yetishtirilib, bozorlarga chiqarilaveradi. Ilmning kuchini
ishlatib, moʻl-koʻl hosil olish mumkinligi haqidagi ilmlar tasavvursiz
shaxslarning tasavvuriga sigʻmaydi. Chunki u shunday boʻlishi mumkinligini
tasavvur qila olmaydi.
Masalan, bundan 10-15 yil oldin
paxtachilikda 40-45 sentnerlik marraga erishish katta yutuq edi. Bugun ilm-fan
yutuqlari, zamonaviy yangi agrotexnologiyalar qoʻllanilishi natijasida bu
koʻrsatkich oʻrtamiyona va hatto past koʻrsatkichga aylanib qolmoqda. Zamonaviy
agrotexnologiyalarni qoʻllagan holda bir gektar yerdan 80-100 sentner hosil
olish mumkin ekan. Xuddi shunday, oldinlari gʻalladan 60-65 sentner hosil olish
koʻz ilgʻamas natija edi. Bugun maʼlum boʻlyaptiki, gʻallachilikka ijodiy yondashilsa,
gektaridan 100-110 sentner va undan ortiq don olish imkoniyatlari bor ekan.
Avvalgi agrotexnik talablar boʻyicha
paxtachilikda bir gektar yerda 80-90 ming koʻchat boʻlishi kerak edi. Gʻoʻza
qalin boʻlsa, u shoxlamaydi va boʻyi oʻsib ketib, kam koʻsak tugadi, deyilardi.
Bugun esa uning aksi — bir gektar yerda 240 ming tupgacha gʻoʻza qoldirish
agrotexnologiyasi joriy qilinmoqda. Chigit 76x10 sxemasida plyonka ostida
qoʻshqator ekilyapti. Natija esa hayratlanarli — hosildorlik gektariga 80-100
sentnerga koʻtarilib ketyapti. Oʻgʻitlar va suvga, texnika va yoqilgʻi moylash
materiallariga qilinayotgan sarf-xarajatlar sezilarli qisqartirilmoqda. Yangi,
qarishga signal berish texnologiyasi orqali paxtaning pishib yetilish
muddatlarini qisqartirishga erishilmoqda. Gʻoʻza gʻovlab, pishmay qoladigan
koʻsaklar koʻpayishining, yaʼni qilingan xarajat besamar ketishining oldi
olinib, berilgan oʻgʻit va suv, ishlovdan shakllantirilgan ozuqa gʻoʻza
tanasida qoldirilmay, hosilga yoʻnaltirilmoqda. Avvallari berilgan ozuqa
gʻoʻzaning tanasida va sovuq tushib, pishmay qoladigan koʻsakchalarga
sarflanardi. Demak, oʻtinga va asosan chirindiga aylanadigan “mahsulot”ga katta
miqdorda mineral oʻgʻitlar sarflanardi. Bugun esa zamonaviy
agrotexnologiyalarni qoʻllash orqali gʻoʻzaga berilgan ozuqaning aksariyat
qismidan samara olinmoqda.
Shuningdek, gʻoʻza, gʻalla va boshqa
meva-sabzavotlar yetishtirishda yangi tipdagi mineral oʻgʻitlar va bir qator
kimyoviy preparatlar qoʻllanilib, olinadigan hosilning sifati va salmogʻi
karraga ortmoqda.
Gʻallachilikda bir gektar yerga
200-250 kilogrammdan ortiq urugʻlik sepmaslik kerakligi toʻgʻrisida agrotexnik
talab qoʻyilar edi. Gʻalla siyrakroq ekilsa, nihol shonalaydi, bir urugʻdan bir
nechta qoʻshimcha tup chiqadi deyilardi. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, shonalarda
tugulgan boshoq asosiy tanadagidan koʻra kech pishadi va bir oz maydaroq
boʻladi. Shonadagi boshoqning pishishi kutilgan taqdirda asosiy tanadagi boshoq
gʻarq pishib, shamolda yoki qushlar hujumida toʻkilib ketadi. Agar asosiy
tanadagi boshoqni nobud qilmaslik uchun bugʻdoy ertaroq oʻrib olinsa,
shonalardagi boshoqlar oxirigacha pishmay, xom oʻrib olinadi. Keyin bitta ildiz
bir nechta boshoqni yetarlicha ozuqa bilan taʼminlashi mumkin emas. Shuning
uchun oldinlari bugʻdoy donalari ozuqaga toʻyinmagan, mayda-mayda boʻlar edi.
Tasavvurning torligi esa, faqat
insonga zarar keltiruvchi yoʻllar bilangina moʻl hosil yetishtirish mumkin deb
oʻylashga olib keladi. Aslida, tasavvur bir oz kengaytirilsa, zamonaviy
agrotexnologiyalarni izchil qoʻllash yoʻli bilan insonga zarar yetkazmaydigan,
foydali moddalarga boy mahsulot, yaʼni halol neʼmatlarni yetishtirish
mumkinligiga amin boʻladi kishi.
* * *
Bugungi kunda qoʻllanilgan
agrotexnologiyalar tufayli erishilgan katta natijalar avvalgi agrotexnik talablar
hozirgi zamon talablariga mutlaqo javob bermasligini yaqqol isbotladi. Yaqin
oʻtmishda 20-25 million aholini arang oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlab
kelgan agrotexnikalar, yer va suv resurslariga boʻlgan munosabat bilan bugungi
40 millionga yaqinlashgan aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan
ehtiyojini qondirish mumkin emas. Shu bois, bugungi dunyoda agrar sohada
erishilgan yutuqlarni chuqur oʻzlashtirish bilan birga ota-bobolarimizdan
qolgan tarixiy tajribalarni, oziq-ovqat yetishtirish madaniyatini qayta
oʻrganib, ularni ishlab chiqarish jarayonlariga izchillik bilan joriy qilish
kerak boʻladi.
Manbalarga
nazar tashlaydigan boʻlsak, asli madaniyat soʻzi qishloq xoʻjaligi bilan inson
hayotiga kirib kelgan. Yaʼni qadimda madaniyat insonning yurish-turishi,
ozodaligi, jamiyatda oʻzini tutishi, ichki va tashqi dunyosi bilan emas, aynan
insonning qoʻliga toshdan yasalgan ish qurollari bilan yerga ishlov berish
jarayonida shakllangan. U lotincha “cultura” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, yerni
qayta ishlash va yaxshilashni anglatadi.
Demak,
inson oziq-ovqat yaratish uchun yerga ishlov berish, uni ekishga tayyorlash,
urugʻlik qadash va uni hosil berguniga qadar parvarishlashda madaniyatli
boʻlishi lozim.
Oʻtmishda
bugungi Oʻzbekiston hududida yashagan ota-bobolarimizning dehqonchilik,
bogʻdorchilik, sabzavot-polizchilik, chorvachilik, parrandachilik,
asalarichilik va boshqa yoʻnalishlarda madaniyatga yoʻgʻrilgan boy tajribalari
boʻlgan. Amir Temur tuzgan yirik imperiyada toʻkin-sochinlik, maʼmurchilik
oʻz-oʻzidan boʻlmagan. Uning poydevorini, albatta, yuksak darajada
madaniylashgan qishloq xoʻjaligi tashkil qilgan. Fikrimizning dalili sifatida
Amir Temurning Samarqand atrofidagi dunyoga mashhur bogʻlarini, dalalarda
tajribali dehqonlar tomonidan yetishtirilgan va jahon hamjamiyatini hayratga
solgan sarxil mevalar, qovun-tarvuzlar dongʻini eslashning oʻzi kifoya.
Joriy yilda davlatimiz rahbarining
topshirigʻiga asosan bunday toza va mazali, sifatli moʻl-koʻl mahsulotlar
yetishtirishning sir-sinoatini bilish uchun qishloq xoʻjaligi vazirligi
mutaxassislari tomonidan izlanishlar olib borildi. Natijada Oʻz FA
Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda ana shunday noyob adabiyotlardan
biri — “Fanni kishtu ziroat” kitobi olimlarning izohlari ila “Amir Temur va
temuriylar davrida qishloq xoʻjaligi” nomi bilan nashr qilindi. Ushbu kitobda
bayon etilgan moʻl va sifatli dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish borasidagi
agrotexnik tadbirlar majmuasi ota-bobolarimizning bu borada juda boy
tajribalari mavjud boʻlganligini koʻrsatdi. Albatta, bu tajribalar ming yillar
davomida misqollab shakllangan.
Tarixdan maʼlumki, ota-bobolarimiz
dehqonchiligida tozalik, ozodalik asosiy oʻrinni egallagan. Oziq-ovqat
mahsulotlari yetishtiriladigan joylar toza, ozoda boʻlgan. Dalalarda toza
tuproq, toza suv, toza havo... Nafaqat dalalarda, balki ovqat tayyorlanadigan
har bir joy toza, hozirgi iboralar bilan aytganda, sanitariya talablariga javob
beradigan holatda boʻlishi talab etilgan.
Shu bois, bugungi kunda qishloq xoʻjaligi
vazirligi dalada, fermada yurtdoshlarimiz uchun mahsulot yetishtirilayotgan har
bir dehqon, fermer oddiy bir daromad keltiruvchi mehnat bilan emas, balki
jamiyatimiz mustahkamligi, xalqimiz genofondini yangilash, kelajak avlodlarning
toza, halol neʼmatlar bilan oziqlanishini tashkil qilishga qaratilgan jiddiy
faoliyat turi bilan shugʻullanayotganligini his qilishi yoʻlida
chora-tadbirlarni koʻryapti.
Birgina misol. Keyingi yillarda
respublikamizning barcha hududlarida katta-kichik yoʻllardan mashinalarda
qatnayotgan ayrim madaniyatsiz yoʻlovchilar dala chetlariga son-sanoqsiz
plastik idishlarni tashlab ketmoqda. Bir qaraganda, plastik idishlar suv, turli
ichimliklar uchun ishlatiladi, ular zararsizdek tuyuladi. Ammo ular quyosh
ostida qolib ketgach, mikroplastik va nanoplastik zarrachalarga aylanib,
tuproqqa singadi, yon-atrofga havo orqali tarqala boshlaydi. Inson shu havodan
nafas oladi, tuproqqa singgan mikroplastiklar dalada yetishtirilayotgan
sabzavot, poliz va boshqa turdagi mahsulotlar, qoramollar, qoʻy-qoʻzilar
tanasiga kiradi. Olimlarning aniqlashicha, mikroplastik va nanoplastik
zarrachalar shamol taʼsirida 100 kilometrgacha uchib boradi. Oʻz-oʻzidan
ravshanki, ular oqibatda meva-sabzavot, goʻsht, sut, baliq singari mahsulotlar
orqali inson tanasiga oʻtadi.
Shuni eʼtiborga olgan holda, vazirlik
tomonidan respublika hududidagi barcha dalalarni plastiklardan tozalashga
qaratilgan “Toza dala” umumsoha harakati amalga oshirilmoqda. Bu harakatga
fermerlar, soha boshqaruvida faoliyat koʻrsatayotgan volontyor xodimlar toʻliq
jalb qilingan.
Ota-bobolarimiz
xalqni toza taom, sogʻlom ozuqa bilan ovqatlanishga daʼvat qilgan. Shuning
uchun bizlar ham ulugʻ bobolarning avlodlari sifatida ekologik toza mahsulotlar
yetishtirishni oʻz oldimizga bosh maqsad qilib qoʻyishimiz kerak. Shunda
ota-bobolarimizdan qolgan halol luqma yeyish kerakligi borasidagi ulugʻ
taʼlimotga amal qilgan boʻlamiz.
Mizrob
BOʻRONOV,
qishloq
xoʻjaligi
vazirining maslahatchisi