Joylarda “har bir xonadonga bir quti” tamoyili asosida ipak qurti urug'lari tarqatish, aholi bandligini ta'minlash, daromad ko'lamini oshirish borasida istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Pillani qayta ishlash korxonalari uzluksiz xomashyo bilan ta'minlanmoqda, mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmi o'sib bormoqda. O'tgan yili 9 million dollarga yaqin ipak va ipakli mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.
Pillachilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalarga o'zoq va yaqin xorijliklarning qiziqishi ortib bormoqda.
“Tojik pilla” tashkiloti rahbariyati hamda “UNIDO” vakillaridan iborat delegatsiya a'zolari Farg'ona viloyatida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi, tut plantatsiyalarida bo'lishdi.
“Sharq ipagi durdonasi” adras to'qish fabrikasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, ko'hna Marg'ilonning “Hunarmandlar markazi”, “Nurli tong silk” MCHJ da ipakka ishlov berish, gilam va ipak matolar to'qish, tayyor mahsulotlar ko'rgazmasi, aholi bandligi ta'minlash borasidagi ish jarayonlari bilan tanishdi.
–– Biz faoliyatimiz davomida yiliga bir marta pilla yetishtiramiz, — dedi “Tojik pilla” tashkiloti rahbari Nazirsho Nazarov. — Endilikda O'zbekiston tajribasini o'rganib pilla yetishtirishni 2-3 martaga yetkazmoqchimiz. Ishni ozuqa bazasini rivojlantirishdan boshladik va 50 ming tup tut ko'chatlari sotib oldik. Ularni mahalliy sharoitida yetishtiramiz. Chunki ikki yurtning iqlimi o'xshash. Farg'ona pillachilik maktabida amalga oshirilayotgan ishlarni ommalashtirish maqsadga muvofiq. Ayniqsa, tut ko'chatlari parvarishlash bilan birga, ekinlar oralig'ida qishloq xo'jaligi mahsulotlari ekib daromad olish, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, ipak qurti parvarishi bilan shug'ulangan oilalar bir yillik mehnat stajiga ega bo'lish imkoniyatlarini o'zimizda joriy qilishni maqsad qilyapmiz.
Ipak matolardan turfa mahsulotlar ishlab chiqarishda o'ziga xos tajribaga ega bo'lgan “Yodgorlik” fabrikasi bo'ylab qilingan safar delegatsiya a'zolarida katta taassurot qoldirdi. Qo'shtepa tumanida barpo etilgan tut plantatsiyasi, tut navlari, hosildorlik borasida amalga oshirilayotgan tajribalarni borib ko'rishdi, ko'chat ekishdi.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri