Registon maydoni, Goʻri Amir maqbarasi, Bibixonim masjidi, Shohizinda majmuasi, Ulugʻbek rasadxonasi va boshqa yodgorliklar oʻzining salobati, haybati, goʻzalligi bilan hammamizni maftun etgan. Shu bilan birga, ming yillarning guvohi boʻlgan bu muhtasham binolar asta-sekin nurab, xarob boʻlib borayotganiga achinish bilan qaraganmiz.
Tan olib aytishimiz kerak: oʻsha paytda jurnalistika fakulteti talabasi boʻla turib, diniy bilimga ega emasdik. Shoʻrolar konstitutsiyasida diniy eʼtiqod erkinligi belgilab qoʻyilgan boʻlsa-da, ziyolilar, ayniqsa, yosh avlod bu masalada doimiy nazoratda edi. Masjidga borish, qabristonlarni ziyorat qilish sovet kishisiga xos boʻlmagan fazilat edi. Ulugʻ muhaddislarimiz, diniy arboblarimiz haqida umuman maʼlumot berilmasdi. Vaholanki, bir yarim ming yillik islom tarixini, ilm-maʼrifatini yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk olimu ulamolarning asarlari, nomlarisiz tasavvur etish aslo mumkin emas.
Istiqlolning dastlabki yillaridan xalqimiz
oʻzining oʻtmishini, bir necha asrlarga borib taqaluvchi davlatchilik tarixini,
jahon ilm-fani va taraqqiyotiga hissa qoʻshgan buyuk bobolari merosini, ular
bosib oʻtgan shonli yoʻlni oʻrgana boshladi. Qurʼoni karimni, hadisi sharifni
mutolaa qilish imkoni tugʻildi. Xususan, islom olamining buyuk siymolari Imom Buxoriy,
Abu Iso Termiziy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abu Mansur Moturidiy kabilarning
asarlarini oʻqish imkoni paydo boʻldi. Xullas, asta-sekin tariximizni oʻrganib,
bobolarimizni taniy boshladik.
Toʻqsoninchi
yillarning oxirida Samarqand viloyati Payariq tumanida “hadis ilmida moʻminlar
amiri” degan sharafli nomga sazovor boʻlgan alloma Imom Buxoriy qabri atrofida
majmua qurish ishlari boshlandi. Albatta, bu inshootning qurilishiga qiziqish
juda kuchli edi. Chunki mustaqillik yillarida birinchi marta din vakiliga
shunday ulkan hurmat koʻrsatilayotgandi. Ilk bor u mangu qoʻnim topgan manzil
obod goʻshaga aylantirilayotgandi.
Tez orada majmua
oʻsha davr talablariga munosib darajada barpo etildi. 1998-yili ulugʻ muhaddis
tavalludining 1225-yilligi munosabati bilan tantanali ochildi. Shundan soʻng
majmuani koʻrgani, Imom Buxoriy qadamjosini ziyorat qilgani yurtimizning turli
hududidan, xorijiy davlatlardan koʻplab mehmonlar kela boshladi.
Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: nega shuncha payt yurtdoshlarimiz uchun tabarruk
boʻlib kelgan ziyoratgohni keyingi yillarda qaytadan qurish zarurati paydo
boʻldi? Bunga asos bormidi?
Ha, asos bor edi.
Buning bir necha sababi mavjud. Avvalo, oradan salkam oʻttiz yilga yaqin vaqt
oʻtdi. Davr silsilasida bino taʼmirtalab boʻlib, zamonaviy talablarga javob
bermay qoldi.
Ikkinchidan, keyingi oʻn yilda Oʻzbekiston dunyoga eshiklarini ochdi.
Hozir jahonning yuzlab mamlakatidan yurtimizga millionlab sayyoh kelyapti. Ular
oʻlkamizda yashab oʻtgan ulugʻ allomalar mangu qoʻnib topgan manzillarni
ziyorat qilishni istaydi. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili Oʻzbekistonga 11,7
million sayyoh kelgan. Bu 2024-yilga nisbatan 3,7 million koʻp degani.
Boshqacha aytsak, bugun Oʻzbekiston sayyohlik eng tez rivojlanayotgan
davlatlardan biriga aylandi. Ayniqsa, ziyorat turizmi yuqori surʼatda oʻsib
borayotgan paytda barcha imkoniyatga ega majmualar kerak edi. Shuning uchun ham
Prezidentimiz tashabbusi bilan Payariqda buyuk muhaddis bobomizning islom
olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyati, ulugʻ maqomiga munosib yangi
majmua bunyod etildi.
“Muborak Ramazon
hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy
hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz.
Buxoriy bobomiz Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻtabar manba boʻlgan hadislar
kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulugʻ siymodir.
Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har
qancha faxrlansak, arziydi”, dedi Prezidentimiz majmuaga tashrifi chogʻida.
Yaqinda Turizm
qoʻmitasi va Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasiga
mediatur uyushtirildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar
majmuaning qurilish tarixi, ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoit hamda
imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Bu yerga kelgan sayyohlar bilan
suhbatlashib, ularning fikrlari hamda taassurotlarini yozib olishdi.
Ushbu muhtasham va
noyob ziyoratgoh bugun yangi Oʻzbekistonning ulkan imkoniyatlarini dunyoga
namoyon etmoqda. Ushbu majmua yurtdoshlarimiz, shuningdek, dunyodagi barcha
moʻmin-musulmonlar uchun ezgulik va maʼrifat nurini taratuvchi ulugʻ maskanga
aylandi.
Binoga yondosh
joydagi 15 gektar maydonda bitta toʻrt yulduzli, ikkita uch yulduzli mehmonxona
qurilib, zamonaviy infratuzilma yaratilgan. 176 oʻrinli 22 ta oilaviy mehmon
uyi va servis nuqtalari ziyoratchilarga yuksak saviyada xizmat koʻrsatmoqda.
Majmua kuniga 65
ming ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega. Ilgari bu koʻrsatkich 12 ming
edi. Ziyoratgoh 45 gektar maydonni egallagan. 10 ming kishiga moʻljallangan
ulkan masjidga Ramazon hayiti namozida 65 ming namozxon kelganining oʻzi
kelgusida bu majmua islom olamida eng tabarruk maskanlardan biri boʻlib
qolishiga ishonch uygʻotadi.
Ushbu masjid
muhtashamligi, mahobati, jozibasi, goʻzalligi bilan Makka, Madina, Abu-Dabi,
Jakarta va yana koʻplab shaharlardagi masjidlardan aslo qolishmaydi.
Majmua tarkibidagi
muzey mediatur qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi. Toʻqqiz pavilyondan
iborat, eng ilgʻor axborot texnologiyalari oʻrnatilgan bu noyob innovasion
muzeyda muhaddislar sultonining hayoti va ilmiy merosi, islom maʼrifati
rivojiga qoʻshgan hissasi toʻla qamrab olingan. Muzeyda Qurʼoni karimda ismi
zikr qilingan 25 paygʻambar tarixi, paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning
shajarasi, hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi maʼlumotlar
bor.
Ulugʻ muhaddis oʻn
yoshidan boshlab hadislarni mutolaa qilib, yodlagan va toʻplagan. Oʻn olti
yoshida onasi va akasi bilan Hijozga yoʻl olgan. Qirq yil Makka, Madina Damashq,
Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod kabi shaharlarda yashab, u joylardagi mashhur
olimlardan hadis bilan bir qatorda fiqh ilmidan taʼlim olgan. Shu yillarda u
yayov va otliq 13 ming 900 kilometr masofani bosib oʻtgan.
Mediatur davomida
anchadan buyon oʻylantirib kelayotgan bir savolga javob izladim. Buyuk
Sohibqiron bobomiz Amir Temur islom dini, shariat qoidalariga qatʼiy amal
qilgan, din peshvolariga chuqur hurmat koʻrsatgan, musulmon dunyosi birligini
saqlashgan intilgan. Faqat Samarqanddagina emas, boshqa yurtlarda ham koʻplab
masjid va madrasalar qurdirgan. Turkistonda Sohibqiron tashabbusi va mablagʻi
hisobiga qad rostlagan, mahobati bilan bugun ham koʻpchilikni hayratga
solayotgan Ahmad Yassaviy maqbarasi gapimizga yaqqol misoldir.
Meni oʻylantirgan
savol bunday edi: Amir Temur Imom Buxoriy shaxsiga, qabriga eʼtibor berganmi?
Biror bino qurib qoldirganmi? Axir ulugʻ muhaddisning islom olamidagi oʻrni
juda yuksak ekanini buyuk sarkarda yaxshi bilardi-ku.
Majmua huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining
qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimi ilmiy xodimi Yoʻldoshxon Isayev bu
savolga quyidagicha javob berdi:
— Amir Temur Imom
Buxoriyni chuqur hurmat qilgan. Uning qabri ustiga maqbara ham qurdirgan va
lekin yillar oʻtishi bilan u yoʻq boʻlib ketgan boʻlishi mumkin. Bu mening
taxminim. Chunki allomaning qabri atrofida qazish ishlari bajarilganda u yerdan
XV-XVI asrlarga oid gʻishtlar topilgan.
Oʻzbekiston xalq
shoiri Xurshid Davron “Tafakkur” jurnalining 2022-yil 2-sonida bosilgan “Sukunatni
buzgan sas” maqolasida livanlik alloma Shayx Nadim al-Jisrning 1956-yili
Samarqandga, Imom Buxoriy qabri ziyoratiga kelgani haqida yozar ekan, oʻsha
paytda bu yerda xarob ahvoldagi masjid va maqbara boʻlganini aytadi. Xullas,
bu masala hali tadqiqotchilar tomonidan toʻla oʻrganilishi lozim.
Xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazida boʻlganimizda Yoʻldoshxon Isayev yana bir gapni
alohida taʼkidladi. Sharqda qoʻlyozmalar asosan qamishda yozilgan. Lekin bizda
koʻpincha kino, tasviriy sanʼatdagi tarixiy lavhalarda siyohdon yoniga qush
patini chizishadi, qoʻyishadi. Bu xato. Qush pati Gʻarbga, Yevropaga xos narsa.
Markazda
jurnalistlarni devorda osigʻliq turgan bir papka surati ham qiziqtirdi. “Bu
jizgu, — dedi Yoʻldoshxon Isayev. — Bilasizlar, hozir rahbarlarga imzo uchun
kiritiladigan hujjatlar maxsus papkaga solib, olib kiriladi. Bu narsa bizda
Buxoriy davrida boʻlgan. Tarixiy manbalar buni isbotlaydi. Mazkur suratda oʻsha
jizgu tasvirlangan. Toʻgʻrisini aytsam, yevropaliklar bu narsani ham Sharqdan
oʻrganishgan”.
Davlatimiz rahbari bundan bir necha yil oldin Imom Buxoriy majmuasini bobomizning maqomiga, mavqeiga mos holda qayta qurish niyatida tashabbus koʻrsatgan edi. Ulugʻ muhaddis toʻplagan sahih hadislar orasida “Amallar niyatlarga bogʻliqdir” degan hadis bor. Prezidentimizning ushbu ezgu niyati bugun amalga oshdi, muhtasham majmua qad rostladi. U minglab, millionlab ziyoratchilarni, sayyohlarni oʻz bagʻriga chorlamoqda.
Bekqul EGAMQULOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri