Taqdimotda davlatimiz rahbari yaqin yillarda foydalanishga topshiriladigan mazkur loyihalarni yana-da takomillashtirish yuzasidan takliflarini berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov yuz.uz sayti muxbiriga yurtimiz turizmini rivojlantirishga qaratilgan mazkur loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida oʻz fikr-munosabatlarini bildirdi.
— Hozirgi kunda biz fuqarolarimizga koʻproq Oʻzbekistonda dam olish va turizm bilan shugʻullanish imkoniyatlarini yaratishimiz kerak. Shu nuqtayi nazardan, yangi turistik zonalar va majmualarni barpo etish katta ahamiyatga ega.
Bugun bir nechta yangi loyihalar, jumladan, Amirsoy togʻli kurortining ikkinchi bosqichi boʻyicha ishlar taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu yerda qoʻshimcha ravishda yangi dor, changʻi yoʻllari, mehmonxonalar barpo etilib, hozirgi 900 gektarda joylashgan kurort yana deyarli ikki baravar kengayadi.
Chimyon, Bildirsoy, Nanay, Yakkatut kurort hududlarida, afsuski, hozirgi zamon talabiga javob beradigan infratuzilma yoʻqligi bois, odamlar kamroq boradi. Xalqimiz koʻp holatlarda chet elda dam olishni afzal koʻrmoqda. Shu bois, bu maskanlarga banklar, ularning kafolatlari ostida investorlarni jalb etgan holda, yangi loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Loyihalarning barchasi xorij tajribasi asosida ishlab chiqilgan boʻlib, zamonaviy turistlar majmualari yaratilishi koʻzda tutilgan. Eng asosiysi, bu yerlarda mahalliy aholi ish joyi va daromad manbaiga ega boʻladi.
Shu bilan birga, ushbu turistik maskanlar shanba-yakshanba kunlari yoki ertalab borib, kechqurun qaytadigan dam olish maskanlariga aylantiriladi.