Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy taʼlim muassasalariga alohida mezonlar asosida xotin-qizlarni qoʻshimcha davlat granti asosida qabul qilish tartibi va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misoldir.


Mazkur oʻquv yilida mamlakatimizda xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanomani qoʻlga kiritgan koʻplab xotin-qizlar ushbu imkoniyatdan foydalanib, talaba boʻlish baxtiga muyassar boʻldi.


2020/2021 oʻquv yilida xotin-qizlar uchun oliy taʼlim muassasalariga berilgan grant oʻrinlarining 4 foizi miqdorida qoʻshimcha davlat granti ajratilishi mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning hayotda, jamiyatda oʻz oʻrinini topishlari uchun berilgan keng imkoniyat boʻldi.


Andijon viloyati uchun ana shunday imtiyoz asosida xotin-qizlarga 85 ta oʻrin ajratilgan boʻlib, ularning 36 tasi Andijon davlat universitetiga qabul qilindi.
Universitet rektori Akramjon Yuldashev mazkur imtiyoz asosida talabalik baxtiga sazovor boʻlgan opa-singillarimizning xonadonlarida boʻldi. Uchrashuvlarda talabalar, ularning ota-onalarini tabriklab, kelgusida oliy oʻquv yurtida tahsil olish jarayonida muvaffaqiyat, bilimli, yuqori malakali kadrlar boʻlib yetishishlarini tiladi. Muloqot davomida rektor talabalikka qabul qilingan qizlarning qiziqishlari, kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashib, ularga oʻz maslahatlarini berdi. Berilgan imkoniyatdan unumli foydalanish lozimligini taʼkidladi.

– Men test sinovida 176 ball toʻpladim, – deydi Andijon davlat univerisitetining Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili va adabiyoti yoʻnalishiga grant asosida qabul qilingan Nozima Dilbarjonova.

– Test sinovi natijalariga koʻra, bu ball bilan men kontrakt asosida oʻqishim mumkin edi. Lekin Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar uchun berilgan imtiyoz, berilgan tavsiyanoma tufayli endi men davlat granti asosida oʻqish imkoniga ega boʻldim.


Bundan nafaqat men, balki butun oilamiz juda xursand. Endi oʻz rejalarimni toʻliq amalga oshirish imkoniyatiga egaman. Oʻqib, kelajakda oʻz sohamning yetuk mutaxassisi boʻlib, yurtimiz ravnaqi yoʻlida munosib xizmat qilish, Yurtboshimiz ishonchini oqlash uchun bor imkoniyatlarimni ishga solaman.

Berilgan ushbu imtiyoz shubhasiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi, jamiyatning faol aʼzosiga aylanishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.