Dastlab joriy yilda ishga tushiriladigan loyihalar haqida axborot berildi. Xususan, Andijon viloyatida bu yil umumiy qiymati 1 milliard 433 million dollar boʻlgan 616 ta loyiha foydalanishga topshiriladi. Sohalar kesimida aytganda, ularning 258 tasi sanoat, 185 tasi xizmat koʻrsatish, 173 tasi qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida. Bularning natijasida qariyb 10 trillion soʻmlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, 95 million dollarlik import oʻrnini bosish hamda 265 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. 61 mingta yangi ish oʻrni ochiladi.

Masalan, “Tetrateks” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Baliqchi tumanida toʻqimachilik kompleksi tashkil qilinmoqda. 2021-2022-yillarda toʻrt bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ushbu loyihaning jami qiymati 126 million yevro. Korxona ip-kalavadan boshlab tayyor trikotaj mahsulotlarigacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oladi. Joriy yil oxirida ishga tushiriladigan birinchi bosqichda 2 ming 500 ta, barcha bosqichlar yakunida esa 10 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Bu kabi loyihalar boʻyicha jadal ish olib borish bilan birga yangilari ham shakllantirilmoqda. Masalan, Andijon viloyatida umumiy qiymati 782 million dollar boʻlgan 53 ta yangi investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.

Taqdimotda ushbu loyihalarning istiqbollari, moliyalashtirish manbalari va infratuzilma masalalari yuzasidan maʼlumot berildi.

Davlatimiz rahbari loyihalarni ish oʻrinlariga talab yuqori boʻlgan mahallalarda joylashtirish, davlat-xususiy sheriklik asosidagi korxonalarni koʻpaytirib, bandlikni oshirish muhimligini taʼkidladi.

Toshkent viloyatida bu yil 355 ta loyiha ishga tushiriladi. Umumiy qiymati 1 milliard 624 million dollar boʻlgan mazkur proyektlarning 198 tasi sanoat, 81 tasi xizmat koʻrsatish, 76 tasi qishloq xoʻjaligi sohasidadir. Bularning samarasida qariyb 35 milliard soʻmlik ishlab chiqarish quvvati yaratilib, 13 ming kishining bandligi taʼminlanadi. 48 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi va 42 million dollarlik eksportbop mahsuot ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, viloyatda 187 ta yangi investitsiya loyihasi rejalashtirilmoqda. Taqdimotda ularning eng yiriklari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtildi.

Masalan, “Metal produkt" masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 25 million dollar evaziga Ohangaron shahrida metall mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda. Uning quvvati yiliga 60 ming tonna boʻladi. Joriy yil may oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan korxonada 150 kishi ish bilan taʼminlanadi.

“Angren” erkin iqtisodiy zonasida velosipedlar, Qibray tumanida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari ham ichki bozor uchun juda muhim.

Prezident sanoatga ilm va innovatsiyalarni faol jalb etish, mahsulotlar sifatiga alohida eʼtibor qaratib, xaridorgirligini taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Toshkent viloyatining transport va turizm salohiyatidan oqilona foydalanib, xizmat koʻrsatishni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.