Andijonda zuluk koʻpaytirishning klaster tizimi ishga tushirilmoqda

    Fan 28 Yanvar 2022 2378

    Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Andijon viloyatida “TASIR” fermer xoʻjaligining zuluklarni koʻpaytirish va koʻpaytirishning klaster tizimi yaratishga qaratilgan tijoratlashtirishga tayyorlash loyihasi uchun 1,18 mlrd. soʻm grant mablagʻlari ajratildi.

    Hozirgi kunda fermer xoʻjaligi tomonidan tibbiyot zuluklarini koʻpaytirish va yangi turdagi nasldor zuluk urugʻlarini xorijdan olib kelib mahalliylashtirish ishlari yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda, deya xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati.

    Ushbu loyiha bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyati hududiy Innovatsion rivojlanish boshqarmasi mutaxassislari “TASIR” fermer xoʻjaligiga amaliy tashrif buyurishdi. Loyiha tashabbuskori Alyorbek Rahmonov Turkiya va Rossiya davlatidan olib kelingan zuluklarni xonakilashtirish jarayonlari va undagi yangilik va yutuqlar yuzasidan batafsil tushunchalar berib oʻtdi.

    – Loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad qadimiy xalq tabobatlaridan biri hisoblangan tibbiyot zuluklarni koʻpaytirishning klaster tizimini yaratishdir, – deydi A. Rahmonov. – Bunda zararsiz tabiiy usullar orqali davolash yoʻlga qoʻyiladi.

    Kelgusida kam taʼminlangan oilalar va ishsiz yoshlarni bandligini taʼminlash maqsadida oʻquv kurslari tashkil qilinib, aholi xonadonlarida zuluklarni boqib koʻpaytirish ishlari oʻrgatiladi. Shuningdek, aholi xonadonlarida yetishtirilgan zuluklar fermer xoʻjalik tomonidan qayta sotib olib, ularni chet elga eksport qilish rejalashtirilmoqda.