Tezkorlik, samimiylik, odamlarga yaqin boʻlish va sifatli davlat xizmatlari koʻrsatish. Davlat xizmatlari agentligining bugungi shiori ham, ish uslubi ham shunday. Buni shahar va tumanlardagi Davlat xizmatlari markazlari xodimlarining fuqarolar kelishini kutib oʻtirmay joylarga chiqib koʻrsatayotgan sayyor xizmatlari misolida ham koʻrish mumkin.

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida Paxtaobod tumanidagi harbiy qismlarda harbiylar va ularning oilalari uchun barcha qulayliklarga ega, zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan maxsus avtobusda sayyor tartibda davlat xizmatlari koʻrsatilgan.

Sayyor xizmat davomida harbiy xizmatchilarga Davlat xizmatlari markazi tomonidan koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari, ulardan foydalanish tartiblari, yaratilgan qulayliklar haqida maʼlumotlar, shuningdek, elektron hukumatning afzalliklari, masofadan turib davlat xizmatlarini olish boʻyicha ham tushunchalar berilgan. Bundan tashqari mutaxassislar harbiylarga qiziqarli va foydali boʻlgan muhim huquqiy maʼlumotlar, xususan, notariat, davlat xizmatlari hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish sohalariga doir savollariga javob berishgan.

Tadbirda qatnashgan 30 dan ortiq harbiylar va ularning oilalari oʻsha yerning oʻzida jismoniy shaxslar uchun soliq toʻlovchining identifikatsion raqamini (STIR) olish, farzandlarini davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga qabul qilish uchun yoʻllanma, fuqarolarning nomida turar joy mavjud yoki yoʻqligi haqida maʼlumotnoma berilishi kabi xizmatlardan foydalanishgan.

- Markazimiz tomonidan bir kundan 150-200 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga 150 dan ortiq xizmatlarni koʻrsatamiz,- deydi markaz direktori Burhoniddin Usmonov. - Murojaat qilayotganlar orasida bir kunda oʻrtacha 4-5 ta harbiylar yoki ularning oilalarini koʻrishimiz mumkin. Ular xizmatni oʻtayotgan harbiy qismlar esa markazdan 15-20 kilometr uzoqda joylashgan. Shu sababli ham ularda kelib ketish, navbat kutishda muammolar boʻlishi tabiiy. Shularni inobatga olib harbiylarning talab va istaklaridan kelib chiqib, bundan buyon kamida bir oyda bir marotaba harbiy qismlarga chiqqan xolda davlat xizmatlarini koʻrsatishni kelishib oldik.

Umidjon MAMARASULOV,

DXA viloyat boshqarmasi

matbuot kotibi