Andrey Filatovning Altmax Holding kompaniyasi Oʻzbekistonda issiqlik elektr stansiyasini qurishga sarmoya kiritmoqda

    Energetika 24 Iyun 2020 898

    Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va ishbilarmon Andrey Filatovning Altmax Holding kompaniyasi oʻrtasida respublikamizning janubida quvvati 1,5 ming MVt boʻlgan gaz issiqlik elektr stansiyasini barpo etish toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Loyihaning qiymati 1,8 milliard dollarga baholanmoqda, deya xabar beradi TASS muxbiri.

    IES qurilishi "mustaqillikning 25 yili" gaz konini rivojlantirish loyihasining davomi boʻladi. Bu yerda Altmax Holding asosiy aksiyador hisoblanadi.

    Filatov, TASS muxbiri bilan suhbatda, VTB va Gazprombank kabi Rossiya banklari ham loyihaga sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotganini aytib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, uskunani ishlab chiqaruvchilar oʻz mahsulotlarini 15 yil va undan ortiq muddatga imtiyozli shartlar bilan kredit berish orqali loyihani moliyalashtirishda ishtirok etadi.

    “Oʻzbekistonning sarmoyaviy salohiyatini roʻyobga chiqarishning ahamiyati elektroenergetika infratuzilmasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Qoʻshimcha energiya quvvatlarini qurish nafaqat mahalliy sanoat va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun zarur, balki eksport istiqboliga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Umid qilamanki, texnik-iqtisodiy asoslash tugagandan soʻng, VTB va Gazprombank kabi Rossiyaning yetakchi banklari koʻmagida shartnomalarni imzolashimiz va loyihani boshlashimiz mumkin", — deya xulosa qildi u.

    Yangi elektr stansiyasining quvvati nafaqat mintaqaning mahalliy ehtiyojlarini qondiribgina qolmay, balki elektr energiyasini qoʻshni mintaqalar va mamlakatlarga eksport qilish uchun ham zaxira yaratadi. Janubda Oʻzbekiston uchta potensial bozor — Tojikiston, Turkmaniston va Afgʻoniston bilan chegaradosh ekanligi bunda ahamiyat kasb etadi.