Surxondaryo viloyati Angor tumanining “Tallimaron” MFY hududida “Angor index” MCHJ savdo va ishlab chiqarish majmuasining qurilish ishlari boshlandi. Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo'mitasi raisi B.Sharipov, viloyat hokimining birinchi o'rinbosari F.Mamanov tomonidan loyihaga tamal toshi qo'yildi.

Qo'mita matbuot xizmati xabariga ko'ra, yirik loyiha joriy yilning iyun oyida mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo'mitasiga Angor tumanida savdo va ishlab chiqarish majmuasi faoliyatini yo'lga qo'ygan holda mahalliy aholi uchun yangi ish o'rinlarini yaratish bo'yicha topshirig'i asosida amalga oshirilmoqda.

Savdo va ishlab chiqarish majmuasi uchun 4 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu hududda loyihaga binoan 704 ta har xil turdagi qurilish va pardozlash mollari do'konlari barpo etiladi.

50 mlrd so'mni tashkil etuvchi investitsion loyiha 2022-yilning yanvar oyida to'liq ishga tushirilishi maqsad qilingan bo'lib, bu yerda mahalliy aholining 1 400 nafari doimiy ish o'rniga ega bo'ladi.

Savdo majmuasining o'zida 1 500 kv.m hududda umumiy ishlab chiqarish maydoni ham mavjud bo'ladi. Shuningdek, majmua qarshisida 1000 ga yaqin avtomobillar uchun turargoh bunyod etiladi. Bu esa yana minglab qo'shimcha ish o'rinlari yaratilishi uchun zamin yaratadi.