Angrenning mis quvurlari xorijda ham xaridorgir

    Sanoat 21 Iyul 2020 2427

    “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining eksport salohiyati ortib bormoqda.

    Xususan, kombinatdagi istiqbolli korxonalardan hisoblangan Angren quvur zavodining oʻsish surʼati joriy yilning oʻtgan davrida 120 foizni tashkil etyapti.

    Bunga qanday erishilyapti, degan tabiiy savol tugʻiladi. Zavod shu yil 2500 tonnadan ziyod turli oʻlchamdagi mis quvurlarini ishlab chiqarish va uning 1490 tonnasini eksport qilishni rejalashtirgan. Amalda esa shu kungacha 2850 tonna mahsulot tayyorlanib, uning 2100 tonnadan ortigʻi eksportga joʻnatildi. Yaʼni 12,3 mln. AQSH dollari qiymatiga teng mahsulotlar xorijlik hamkorlarga yetkazib berildi.

    Eng muhimi, korxona mahalliylashtirish dasturi asosida mahsulotlar turini koʻpaytirishga harakat qilyapti. Xususan, ikki xil yangi misli mahsulotlar, yaʼni kvadrat mis quvuri va mis shtangasi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Bugungi kunda ulardan mamlakatimiz xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida foydalanilyapti. Masalan, pandemiya paytida Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida qisqa muddatda barpo etilgan karantin zonalaridagi kislorod taqsimlash kommunikatsiyalarida ham zavodning mis quvurlari ishlatildi.

    Eng asosiysi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining mahsulotning tashqi va ichki bozorlardagi talab va ehtiyojga mos kelishini taʼminlashga qaratilgan izlanishlari oʻz samarasini bermoqda. Pirovarida koʻplab xorijiy kompaniya hamda mahalliy korxonalar bilan shartnomalar imzolashga erishildi. Korxona mahsulotlarining ichki bozordagi asosiy xaridorlari “ARTEL” kompaniyasi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi. Ilgari bu yirik korxonalar xorijdan keltirilayotgan mis quvurlarini xarid qilardi.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, korxona mahsulotlarini Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Bolgariya, Ukraina, Belarus, Qozogʻiston kabi davlatlarga ham yetkazib bermoqda.