Bugungi kungacha koʻplab zargarlik korxonalari ogʻirligi 5, 10, 20 va 50 gramm boʻlgan, 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan quymalarni kombinatdan ham xarid qilish imkoniyatiga ega edi.
Yangi loyiha ishga tushishi natijasida oltin va kumushni granula koʻrinishda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Granulalangan oltin nafaqat zargarlik sohasida, balki tibbiyot, radioelektronika, mikroelektronikada, kimyo sanoatida va oʻlchov asboblarini ishlab chiqarishda ham qoʻllaniladi.
- OKMKning 75 yilligi oldidan loyiha asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz zargarlarga bir qator qulayliklar yaratadi, — deydi Mis eritish zavodi Oltin va kumushni affinajlash sexi boshligʻi Bahrom Asqarov. – Jumladan, oltin, kumush va mis kabi qimmatbaho metallarning granulalarini ishlab chiqarish uchun Italiya davlatidan zarur boʻlgan texnologik uskuna olib kelindi. Oʻlchovli tilla quymalari 50 grammdan 1000 grammgacha boʻlib, uni qayta ishlash jarayonida zargarlarga biroz noqulaylik tugʻdirardi.
Ularni qayta eritish, mayda zarralarga boʻlib olishda zargarlarda yoʻqotishlar va oshiqcha xarajatlar boʻlar edi. Biz taklif etayotgan tilla va kumush granulalari zargarlarga mahsulot tannarxini tushirishda, mahsulot sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi zargarlik sanoatida yetakchi ishlab chiqaruvchilarning asosiy talabi ham oltinning granula shaklida boʻlishidir.
Shuningdek, kombinat mutaxassislari granula holatidagi mis mahsulotlarini ham ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishdi. Bozor talablarini oʻrganib, kelgusida boshqa rangli metallardan ham granulalar tayyorlash koʻzda tutilgan.
Sotiladigan bu turdagi qimmatbaho metall boʻyicha OKMK bilan hisob-kitoblar toʻlov kunidagi London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bank kursidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Yangi turdagi bunday mahsulotlar ichki va tashqi bozorda ham talabgir boʻlishi, shubhasiz.
OKMK Axborot xizmati
Reklama