Avvallari istalgan joydagi yangilik yoki biror ixtiro ma’lum bir oylar, yillar o‘tib bizgacha yetib kelgan bo‘lsa, hozir buning uchun bir necha kun, hatto soat yoki daqiqalar kifoya qilyapti. Bu, bir tomondan, jahonda kuzatilayotgan voqea-hodisalardan tezda xabardor bo‘lish, ilm-fan yutuqlaridan foydalanish imkoniyatini yaratsa, boshqa tomondan, har bir jabhada, xususan ishlab chiqarish sanoatida raqobatni keskin kuchaytirmoqda.
Raqobatda yutish esa har bir ishlab chiqaruvchidan yangicha yondashuvlar, shu jumladan, zamonga mos ravishda innovatsion faoliyatni rivojlantirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash kabi ustuvor jihatlarni o‘z faoliyatida qo‘llashni talab etadi.
Keling, shu o‘rinda muloqotimizda faol qo‘llanilayotgan “innovatsiya” tushunchasiga izoh berib o‘tsak. Innovatsiya, bu – bozor talabidan kelib chiqqan holda jarayonlar va mahsulotlarning sifatli o‘sish samaradorligini ta’minlash uchun joriy etilgan yangilik. Inson intellektual faoliyati, uning fantaziyasi, ijodiy jarayoni, kashfiyotlari, ixtirolari va ratsionalizatorligining yakuniy natijasi hisoblanadi.
Manbalarda keltirilishicha, “innovatsiya” atamasi lotincha “novatio” so‘zidan olingan bo‘lib, “yangilanish” (yoki “o‘zgarish”), “in” qo‘shimchasi esa “yo‘nalishida” degan ma’noni anglatadi. Agar bu yaxlit “Innovatio” ko‘rinishida tarjima qilinsa – “o‘zgarishlar yo‘nalishida” deb izohlanadi. Yana ba’zi manbalarda esa bu so‘z asosi inglizcha “innovationas”, ya’ni kiritilgan yangilik, ixtiro deb ham talqin qilinadi. Demak, innovatsiya – bu o‘zgarish, yangilik yaratish o‘laroq bugungi kuchli raqobat bozorida yutib chiqishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Shu boisdan ham bugungi kunda ilm-fanning ilg‘or yutuqlari hamda istiqbolli innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish, bu orqali iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu maqsadda respublikamizning barcha hududlarida, yirik korxonalarda innovatsion markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada ayniqsa, Prezidentimizning so‘nggi yillarda innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishga qaratilgan qator qaror va farmonlari hamda boshqa me’yoriy hujjatlar qabul qilingani “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati uchun ham juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
2018 yil kombinat tasarrufida tashkil etilgan Yangi texnologiyalarni joriy etish innovatsion markazi qisqa davr mobaynida ijobiy natijalarga erishmoqda. Korxonamizda hozirgi kunda 15 nafar fan nomzodi va 7 nafar fan doktori faoliyat yurityapti. So‘nggi o‘n yilda yuksak ilmiy salohiyatga ega kombinat mutaxassislari tomonidan yaratilgan 37 ta ixtiro patent bilan himoyalandi. Jumladan, 34 tasi O‘zbekiston Respublikasi, ikkitasi Shveysariya va Germaniyadagi Patent kooperatsiya to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha xalqaro patent talabnomasiga muvofiq bajarildi hamda yana biri Rossiyaning Intellektual mulk federal xizmati tomonidan qo‘lga kiritildi.
Kombinatimiz mutaxassislari konchilik sanoati tarixida ilk bor “Oltin-mishyakli, ishlanishi qiyin bo‘lgan sulfidli rudalaridan oltin ajratish usuli” mavzusidagi ixtirosi uchun 2017 yilda BMT huzuridagi Butunjahon intellektual mulk tashkilotining oltin medali bilan taqdirlandi.
Ilmiy ishlanmalar va ratsionalizatorlik takliflar soni ortmoqda. Xususan, kombinatimiz ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga investitsiyalar hajmi, shuningdek, faoliyatga kiritilgan istiqbolli ishlanmalar va ratsionalizatorlik takliflari soni bo‘yicha respublikada yetakchi hisoblanadi. Ilmiy va ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan.
Bugungi kunda jamiyat rivojlanishning yangi modelini izlamoqda. Bu nihoyatda murakkab jarayon. Ratsionalizatsiya – bu, korxona va tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish, uning samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi texnik yechimlar hisoblanadi. Ratsionalizatorlik takliflari esa mazmuni va miqyosi jihatidan xilma xil bo‘lib, xodimlarning individual xususiyatlari, ularning lavozimi yoki kasbiy ixtisosligidan qat’i nazar, ta’lim darajasidan kelib chiqqan holda ishchi kuchining tashabbuskor mehnat innovatsiyalariga moyilligini ifodalaydi.
Kombinat tomonidan Ratsionalizatorlik faoliyati to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilgan bo‘lib, joylarda tashkil etilgan ratsionalizatorlar va ixtirochilar klublarida Nizom asosida ishlar olib borilmoqda. Korxona bo‘linmalarida ixtirochilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish tizimi, yoshlarning texnik ijodiyotini rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilgan, har yili 8 ta yo‘nalish bo‘yicha “Eng yaxshi ratsionalizator” tanlovi o‘tkazib kelinadi.
2018–2021 yillarda kombinat mutaxassislarining 582 ta ratsionalizatorlik taklifi yuzasidan ijobiy qaror bilan qabul qilinib, ishlab chiqarishga joriy etilgan. Amaliyotga tatbiq etilgan ushbu takliflardan 146,5 milliard so‘m iqtisodiy samara olindi. 2022 yilda esa 175 ta ana shunday taklifdan 135 milliard so‘mlik iqtisodiy samaraga erishildi.
Aniq misollarga tayanadigan bo‘lsak, Markaziy kon boshqarmasidan taqdim etilgan “Ma’danni yuvish maydonchasining yuqori qatlamlarida himoya qatlamini joylashtirish” mavzusidagi taklifdan erishilgan iqtisodiy samaradorlik 15,7 milliard so‘m, 1-gidrometallurgiya zavodidan taqdim etilgan “Qoraqo‘ton” konining ishlanishi qiyin bo‘lgan ma’danlarini qayta ishlash texnologik sxemasini takomillashtirish” mavzusidagi ratsionalizatorlik taklifidan olingan iqtisodiy samaradorlik esa 8,7 milliard so‘mni tashkil etdi.
Innovatsion markazda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha “Ratsionalizatorlik faoliyati portali” rukni ostida yagona ma’lumotlar bazasi yaratildi. Kombinatning har bir ishchi-xodimi xohlagan paytda barcha ratsionalizatorlik takliflar, faoliyatiga oid me’yoriy hujjatlar, “Eng yaxshi ratsionalizator” ko‘rik-tanlovi natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega.
Bundan tashqari, markazimizda har chorakda nashr etib borilayotgan “O‘zbekiston konchilik xabarnomasi” ilmiy-texnik jurnalida yurtimiz kon-metallurgiya yo‘nalishiga doir ilmiy maqola va yangiliklar keng yoritib boriladi.
Markazda har yili ishlab chiqarishda yechilishi kerak bo‘lgan muammolar “Navoiy kon-metallurgiya kombinatini innovatsion rivojlantirish dasturi”ga kiritiladi. Mamlakatimizdagi qator nufuzli ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari – Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Habib Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar ilmiy-tekshirish instituti, “O‘zGEORANGMETLITI” korxonasi va Rossiyaning qator oliy ta’lim, ilmiy-tekshirish institutlari bilan yaqin hamkorlikda dasturga kiritilgan muammolarga yechim topib kelinmoqda.
Innovatsion markaz tarkibidagi texnik kutubxona kombinat ishchi-xodimlarining muntazam sohaga doir bilimga bo‘lgan talabini qondirmoqda. Barcha kitob va jurnallarning elektron shakli mavjud, bu xodimlarning ish joylarida kerakli bo‘lgan adabiyotlardan erkin foydalanish, bilimini boyitib borishiga xizmat qiladi.
Innovatorlar jamiyatning ijtimoiy faol bo‘g‘ini sifatida iqtisodiy jarayonlarning dinamikasini belgilaydi. Kombinat ularni yangiliklar yaratish yo‘lida doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgani esa kon-metallurgiya sohasining yil sayin rivojlanib borishiga salmoqli hissa qo‘shyapti.
Qahramon G‘OFUROV,
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ
Yangi texnologiyalarni joriy etish innovatsion markazi boshlig‘i