Bugungi kunda “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma jihatidan rivojlanib, yetakchi sanoat korxonalari safidan mustahkam oʻrin egallamoqda. Keyingi yillarda Prezidentimizning Bekobodga uch marta tashrif buyurib, bu yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishi, shubhasiz, koʻp ming kishilik kombinat jamoasiga yanada kuch-gʻayrat bagʻishladi.
Ayniqsa, 2017-yil 18-avgust kungi tashrif faoliyatimizda katta tarixiy voqea boʻlgan edi. Oʻshanda davlatimiz rahbari jamiyatimizning yangi istiqbolli loyihalari bilan yaqindan tanishib, ishlab chiqarish quvvati va moliyaviy-iqtisodiy holatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlarini belgilab bergan edi. Shu davrdan eʼtiboran “Oʻzmetkombinat”da ulkan bunyodkorlik ishlarining yangi davri boshlandi. Yaʼni faoliyatimizda bir qator ustuvor vazifalar belgilanib, kombinatni mamlakatimiz iqtisodiyoti hamda ijtimoiy hayoti uchun manfaatli boʻgʻinga aylantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish ishlari boshlandi.
Bu vazifalar qatorida ishlab chiqarishning ekologiyaga salbiy taʼsirini kamaytirish masalasi ham mavjud. Maʼlumki, jahonda har yili qattiq maishiy chiqindilar miqdori aholi jon boshiga nisbatan 1 foizga oshib bormoqda. Energetika, rangli va qora metallurgiya, kimyo sanoati va qurilish industriyasi obyektlari chiqindi hosil qiluvchi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi asosiy manbalar hisoblanadi. Tabiat muhofazasi meʼyorlari tobora kuchayib borayotgan bir davrda sanoat chiqindilari utilizatsiyasi muammosi har qachongidan-da dolzarb. Shu maqsadda kombinatda poʻlat eritish jarayonida hosil boʻladigan shlak qoldiqlarini qayta ishlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda issiq xoldagi shlaklarni qayta ishlab, metall ajratib olish texnologiyasi yoʻlga qoʻyilgan. Bu ham ekologik, ham iqtisodiy jihatdan yaxshi samara beradi. Ushbu texnologiya tufayli kombinatda shlak uyumlarining hajmi kamayib, poʻlat eritishdan qoʻshimcha xomashyo olish ortmoqda.
Yutuqlarimiz qatorida “Oʻzmetkombinat” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ hamkorligida ishlab chiqarish kooperatsiyasi aloqalari doirasida Oʻzbekistonda birinchi marta ogʻirligi 42 tonna boʻlgan butlovchi qism tayyorlanmasini ishlab chiqarish oʻzlashtirilgani ham bor. 2022-yildan shu paytgacha “Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan jami 8 dona shunday butlovchi qism tayyorlandi.
Bugungi kunda bozor munosabatlari metall prokati mahsulotining sifatiga yuqori talablar qoʻymoqda. Kombinatning barcha mahsulotlari haqiqiy sertifikat sinovlaridan oʻtgan. Navli prokat, poʻlat zoldirlar, sirlangan poʻlat idishlar va boshqa mahsulotlar sertifikati yaqin va uzoq xorijiy davlatlar isteʼmolchilari tomonidan yuqori baholanmoqda.
Bunyodkorlik koʻlami kengaygani sari metall prokati mahsulotlariga talab yanada ortib borayotir. Shu tufayli kombinat yildan-yilga yuqori sifatli metall prokati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirib, mahalliy isteʼmolchilar hamda eksport buyurtmalarini samarali bajarib kelmoqda. Korxonada 2023-yilda 920,7 ming tonna poʻlat eritilib, 1 million 28,1 ming tonna prokat mahsulotlari tayyorlandi. Bularning bari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi sifatida kombinat jamoasini yangi mehnat zafarlari sari ruhlantiradi.
Ismadiyor MAMATQULOV,
“Oʻzmetkombinat” AJ
matbuot xizmati mutaxassisi
(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 12-mart, № 51)