10-martda Energetika vazirligi tomonidan Samarqand viloyatining Nurobod tumanida umumiy quvvati 100 megavattga teng boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilish maydoniga ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.

Stansiya 353 gektar yer maydonida barpo etilyapti va quyosh panellarining umumiy soni 295 mingdan ortiqni tashkil etadi. Stansiya hududida barcha infratuzilma ishlari koʻrilgan boʻlib, hozirgi vaqtda quyosh panellarini oʻrnatish ishlari jadallik bilan davom ettirilyapti.

Qayd etish kerakki, mazkur stansiya davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi tomonidan qurilyapti va joriy yil aprel oyiga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Elektr stansiya ishga tushgach yiliga 260 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.

Ahamiyatlisi, stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilarning chiqishini oldi olinadi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini bir kun davomida tabiiy gaz bilan taʼminlash mumkin.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, qurilish davomida 400 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yurityapti va stansiya ishga tushgach 25 ta yangi oʻrni yaratiladi.

Loyiha qiymati 100 million dollarni tashkil etib, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida yuz foiz investor (“Total Eren” kompaniyasi) tomonidan moliyalashtiriladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Taʼkidlash lozimki, mazkur stansiya Oʻzbekiston tarixida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanib, aynan ushbu quvvatdagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi 2021-yil avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ishga tushirilgan edi.

Maʼlumot uchun: 2023-yil yakuniga qadar Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 220 megavatt boʻlgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.