Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani Qoʻgʻay qishlogʻida yashovchi Yu.M. Uchqoʻrgʻon tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etgan.
Murojaatda bayon etilishicha, fuqaro 2021-yilda tugʻilgan nabirasini qorin boʻshligʻidagi bezovtalik sababli Qoʻgʻay tibbiyot birlashmasiga olib kelgan. Shu kuni kunduzgi navbatchi shifokor tomonidan buyurilgan dori vositasining dorixona sotuvchisi tomonidan boshqa doriga adashtirib berilishi natijasida bemorning salomatligi yomonlashgan. Boz ustiga isteʼmolchi jami 2 000 000 soʻmlik moddiy zarar koʻrgan.
Ushbu murojaat Uchqoʻrgʻon tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan hududiy profilaktika inspektori bilan birga oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish davomida haqiqatan ham dorixona sotuvchisi notoʻgʻri dori vositalarini bergani aniqlandi. Dorixona rahbariga qonun doirasida tushuncha berildi. Natijada dorixona rahbari isteʼmolchiga yetkazilgan zararni toʻliq qopladi.
Moddiy zarar qoplangani oʻz yoʻliga. Har bir dorixona xodimi bu kabi vaziyatdan xulosa chiqarib, dori vositalarini shifokor retsepti asosidagina berishi lozim. Birgina xato insonlar sogʻligʻiga katta zarar yetkazishi mumkin.
Namangan viloyati Chust tumani “Karkidon” MFYda yashovchi M.Sh. shu yilning yanvar oyida Chust tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat etgan.
Murojaatda bayon etilishicha, fuqaroning xonadonida elektr simida kuchlanish yuzaga kelgani sababli uydagi muzlatkich, yangi elektr plita kuyib, yaroqsiz xolatga kelib qolgan.
Ushbu murojaatni Chust tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamda Oʻzenergoinspeksiyaning Namangan hududiy birlashmasi mutaxassislari hamkorlikda qonun doirasida oʻrganib chiqdi. Oʻrganish davomida isteʼmolning murojaati ijobiy hal etilib, kuygan jihozlari yangisiga almashtirib berildi.
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati