Global bozorda narxlarning keskin tebranishi hamda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi bugun mamlakatlar oldiga qishloq xo'jaligiga eng ilg'or texnologiyalarni olib kirish vazifasini qo'ymoqda. Yurtimizda zamonaviy qishloq xo'jaligi atamasi paydo bo'lib, uni rivojlantirish boshlanganiga ko'p bo'lmadi. Ammo o'tgan qisqa vaqtda tarmoqdagi yirik va innovatsion loyihalar aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan talabini qondirish, import o'rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, asosiysi, ichki bozorlarda narxlar barqarorligini saqlashga xizmat qilyapti.
Bu borada xalqaro hamkorlikdagi loyihalar ulushi ham sezilarli oshmoqda. 27-aprel kuni Prezident raisligida qishloq xo'jaligida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarning borishi hamda ta'lim sifatini yaxshilash masalalari bo'yicha o'tkazilgan yig'ilishda ta'kidlanganidek, so'nggi besh yilda qishloq xo'jaligi sohasiga 2,5 milliard dollar xorijiy resurslar jalb qilingan. Shundan, 1,7 milliard dollar o'zlashtirilib, 4 mingga yaqin loyiha amalga oshirildi. Buning hisobiga 2,5 ming gektar zamonaviy issiqxonalar, 11 ming gektar intensiv bog'lar, 6 ta ko'chatchilik xo'jaligi va 350 ming tonnali muzlatkichli omborxonalar tashkil etildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti — FAO hamda O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi hamkorligidagi “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi ana shunday istiqbolli harakatlardan biri. U issiqxona dehqonchiligini rivojlantirishga qaratilgan. Ya'ni, qishloq joylardagi kichik issiqxonalarni zamonaviy usulda modernizatsiya qilib, ilg'or texnologiyalarni qo'llash hisobiga mahsulot yetishtirishda yuqori sifat va hosildorlikka erishish maqsad qilingan.
Loyihaning ilk bosqichi o'tgan yili Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlarida boshlandi. O'shanda 20 ta xonadon tanlab olinib, ularning issiqxonalari loyiha grand mablag'lari hisobidan oxirgi texnologiyalar asosida qayta ta'mirlandi.
— Bu global miqyosdagi loyiha bo'lib, hozirgi kunda O'zbekiston va Vetnam mamlakatlarida amalga oshirilmoqda, — deydi FAO loyihasining milliy maslahatchisi, agronom Xayrulla Esonov. — Loyihaning umumiy qiymati 3,4 million dollarga teng. Kelishuvga ko'ra, loyiha O'zbekistonda 2020—2024-yillar davomida amalga oshiriladi. Jarayonda asosan kichik hajmdagi issiqxonalar bilan ishlangani bois, birinchi bosqichda 1,2 sotixdan 9,4 sotixgacha boradigan maydonlar tanlandi. Ilk bosqichda manfaatdorlar qishloqlardagi daromadi past va doimiy bo'lmagan uy xo'jaliklari orasidan tanlab olindi. Shu bilan birga, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilib, ularning soni ko'p bo'lgan xonadonlarga ustuvor ahamiyat qaratildi. O'tgan yili issiqxonada ishlarni boshlab yuborgan loyiha ishtirokchilari shu kunlarda birinchi hosilini olish arafasida. Zamonaviy texnologiyalar yordamida manfaatdorlarning bir necha barobar ko'proq hosil olishi va, asosiysi, bu orqali daromadlari oshishi kutilmoqda.
Loyiha aholi bandligini ta'minlash va daromad manbalarini oshirishda muhim ahamiyatga ega. 2022—2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida qishloq xo'jaligini ilmiy asosda va intensiv rivojlantirish orqali dehqon, fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo'jaligining yillik o'sishini kamida 5 foizga etkazish belgilangani holda, bu boradagi tashabbuslarning qo'llab-quvvatlanishi qo'shimcha samaradorlik beradi.
Qolaversa, tomorqachilik hududlarda kambag'allikni qisqartirish, aholini ish hamda doimiy daromad manbai bilan ta'minlashda tayanch nuqtaga aylanib bormoqda. Bugungi kunda sabzavot, ko'katlar yoki boshqa turdagi mahsulotlarni etishtirishda kichik hajmdagi issiqxonadan foydalanib, daromadli tijorat g'oyalarini amalga oshirish mumkin. Bu borada aholiga taklif etilayotgan loyihalar esa hamyonbop, tejamkor va samarali bo'lishiga e'tibor qaratilyapti.
Zararkunandalarga qarshi kuchli himoya
Qishloq xo'jaligida ko'pincha suv tanqisligi, yer unumdorligining pastligi, kasallik va zararkunandalar yuqori hosil olishga to'sqinlik qiladi. An'anaviy qishloq xo'jaligida bu muammolarga qarshi kurashda katta xarajat va vositalar talab etilsada, har doim ham kutilgan natijani beravermaydi. Zamonaviy dehqonchilik esa barcha jarayonni nazorat qilish mumkin bo'lgan ilg'or texnologiyalarni taklif etmoqda. Bu nafaqat suv yoki boshqa resurslarni tejovchi, balki zarur havo haroratini ta'minlashgacha qaratilgan eng yangi usullardir.
FAOning “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi ana shunday yuqori texnologiyalarga asoslangan. Loyiha bo'yicha issiqxonalar to'liq zamonaviy tizimga moslashtirilib, ishlab chiqarishning besh asosiy omili — iqlimni boshqarish, zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurashish, issiqxonaning boshqaruv amaliyotlari, suvdan foydalanish va o'simliklarni oziqlantirish bo'yicha maqbullashtiriladi. Bu bir necha bosqichdan iborat jarayon bo'lib, avvalo, issiqxonalar uchun yangi qoplama materiallardan foydalanish taklif etiladi. Qalinligi 180—200 mikron bo'lgan o'ta pishiq polietilen plyonkalar tarkibi maxsus qo'shimchalar bilan to'yintirilgan. Mazkur qo'shimchalar ultrabinafsha nurlanishini o'ziga yutib, issiqxonaning ichki yuzasida tomchilar shaklida kondensatsiya hosil bo'lishining oldini oladi.
Qish oylari issiqxonani isitishda oziq-ovqat xavfsizligi va atrof-muhitga zararsiz bo'lgan muqobil isitish tizimlaridan foydalanilsa, issiq kunlarda sovutish uchun issiqxona yuzasiga an'anaviy loy sepish o'rniga, soya beradigan to'rlar yopiladi. Zararkunandalarga qarshi kurashning yangicha usuli bo'lgan tutqich va chivinlarni tutib qoladigan to'rlar esa tanlab olingan hududlar amaliyotida yangi usuldir. Mutaxassislarning aytishicha, bu to'rlar havo aylanishini ham yaxshilaydi.
Issiqxonalarga kiraverishiga virus hamda bakteriyalarga qarshi qo'sh eshikli tizim o'rnatilgan. Dezinfektsiyalovchi pol qoplamalari, sodda qilib aytganda, mat yoki gilamcha ifloslanishlarga qarshi kurashishga yordam beradigan gigienik vosita sifatida to'shalgan. U issiqxona ichiga kirishdan oldin poyabzaldagi virus va boshqa kasalliklarni olib kirishi mumkin bo'lgan kir yoki loy bo'laklarini tozalaydi.
Qolaversa, loyiha doirasida tanlab olingan 20 ta issiqxonaning barchasiga nasoslar, filtrlar, suv idishlari va shlanglardan iborat zamonaviy tomchilatib sug'orish tizimlari o'rnatildi. Har bir xonadon egasiga suvning sho'rligi va kislotaliligi, elektr o'tkazuvchanlikni o'lchaydigan maxsus asboblar berildi. O'tkazilgan tahlillar natijalariga ko'ra, har uchala hududda sug'orish uchun foydalaniladigan suvning sho'rligi va kislotaliligi yuqori ekani aniqlangan. Shu bois, loyiha ishtirokchilari ekinni sug'orishdan oldin suvga maxsus kislotalar qo'shib, uning ko'rsatkichlarini to'g'rilab boradi.
Tajribani sinovdan o'tkazayotgan xonadon a'zolari “aqlli” issiqxonadan foydalanish davomida ilg'or texnologiyalar ishni to'g'ri va samarali tashkil etishiga amin bo'lmoqda.
— Menga zararkunandalarga qarshi kurashda FAOning yangicha yondashuvlari juda yoqdi, — deydi andijonlik Maxsudaxon Baxramova. — O'tgan yili tomorqamizda pomidor etishtirgan edim. Afsuski, zararli hasharotlar hosilning deyarli yarmini yo'q qildi. Ilgari men ularga qarshi pestitsidlarni ko'p ishlatardim. Hozir esa issiqxonada umuman zararkunanda va kasalliklar yo'q. O'g'itlardan foydalanishdagi yangicha yondashuv ham hosildorlikka juda yaxshi ta'sir qildi — buni pomidorning birinchi kurtaklariga qarab bilishimiz mumkin. Bu hosildan 30 million so'mga yaqin daromad olishni rejalashtirganman. Ochig'i, turmush o'rtog'im nogiron, qaramog'imda uch nafar voyaga etmagan farzandim borligi bois, asosiy daromadimiz shu tomorqadan. endi bu erdan ko'proq hosil va daromad olishimizdan xursandman. Bu oilamiz uchun katta yordam.
Yangi usullar ommalashmoqda
Aslida, loyiha 3 bosqichdan iborat bo'lib, ishlab chiqarishni tashkil etish, qayta ishlash va sotish tizimini yo'lga qo'yish hamda texnik ko'mak ko'rsatishni o'z ichiga oladi. Mutaxassislar aholiga issiqxonani zamonaviylashtirishda ko'maklashish barobarida, har hafta texnik yordam ham ko'rsatib boradi. Shu kunga qadar issiqxona egalari uchun tashkil etilgan treninglarda o'nlab benefitsiarlar va ularning oila a'zolari hamda boshqa manfaatdor shaxslar ishtirok etdi.
— Mashg'ulotlarda asosan sanitariya va cheklovchi choralar, suv resurslarini boshqarish va o'simliklarni oziqlantirish, tuproqni boshqarish, zararkunanda va o'simliklar kasalliklarini kompleks nazorat qilish va boshqa ko'plab mavzular bo'yicha ilg'or xorij tajribasi o'rgatiladi, — deydi Xayrulla Esonov. — Xususan, ekinlar hosildorligini oshirishda muayyan amaliyotlarni qo'llash taklif etiladi. Aytaylik, o'simliklarni changlatish “Bombus Terrestris” deb nomlanuvchi maxsus arilar yordamida amalga oshirilishi samarali. Bundan tashqari, issiqxonada o'simliklar orasidagi masofa ham muhim — u 40 santimetr, egatlar orasidagi masofa esa 50 santimetr bo'lishi maqsadga muvofiq.
“Aqlli” issiqxonada bu kabi yangi usullarning barchasini qo'llash uchun sharoitlar mavjud. Agar xonadon egalari uskunalardan ko'rsatilganidek to'g'ri foydalansa, texnologiya uzoq yillargacha xizmat qiladi. Uning yordamida pishib etiladigan mahsulotlar esa sifati va ekologik tozaligi bilan tezda xaridorlarini topadi. Asosiysi, bunday issiqxonalarda yil davomida mahsulot etishtirish mumkin. Hosildorlik va sotish hajmi esa kamida 20 foizga oshadi.
Bu loyihaning dastlabki bosqichi xolos. Navbatdagi qadam yig'im-terimdan keyingi qayta ishlashni takomillashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati va marketingni yaxshilashga qaratilgan. Bu orqali loyiha qishloq aholisining turmush darajasini oshirish, issiqxona dehqonchiligini rivojlantirish hisobiga ichki va tashqi bozorlarni sifatli hamda ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashga xizmat qiladi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri