Muzokaradan investitsiyalar va tadbirkorlik sohasidagi hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlari ham oʻrin oldi. Unda Oʻzbekistonda hozirgi kunda Amerika investitsiyalari ishtirokida 276ta, shu jumladan, yuz foiz Amerika kapitaliga ega boʻlgan 113ta kompaniya faoliyat yuritayotganligi qayd etildi. Suhbat davomida Amerika va Oʻzbekiston biznes hamjamiyatlarini bir-biriga yaqinlashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi, shu maqsadda joriy yilning noyabr oyi oxirida yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surish maqsadida AQSH yirik korporatsiyalari rahbarlari ishtirokida “davra suhbati” shaklida videokonferensiya oʻtkazishga kelishib olindi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilinib, koronavirus pandemiyasiga qaramasdan ikki tomonlama tovar ayirboshlashni hajm va tarkib jihatidan oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrishga kelishib olindi. Shu nuqtayi nazardan, pandemiya sharoitlarida shartnomaviy-huquqiy asoslarni mustahkamlash va elektron tijoratni rivojlantirish uchun birgalikda harakatlarni faollashtirish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy ahamiyatga molik qator loyihalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayonida AQSHning Oʻzbekistonga koʻrsatayotgan yordami, xususan, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) texnik koʻmagi uchun minnatdorlik bildirildi. Shu bilan birga, U.Ross Oʻzbekiston tomonini AQSH Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishiga maksimal darajada yordam koʻrsatishda davom etishiga ishontirdi.
Tovar va xizmatlarning AQSH bozoriga chiqish boʻyicha joriy yilning iyul oyida boshlangan muzokaralarda ham sezilarli yutuqlarga erishilganligi qayd etildi. Tomonlar ushbu yoʻnalishda tashkil etilgan konstruktiv muloqot Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayoniga ham ijobiy taʼsir koʻrsatishiga ishonch bildirdi.
Toʻqimachilik sohasida hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari koʻrib chiqildi — Amerika brendlari va oʻzbek toʻqimachilik korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyati taʼkidlandi. Buning zamirida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarining yuqori sifatini taʼminlay oladigan xom ashyo va ishlab chiqarish obyektlarining mavjudligi yotibdi. Tomonlar oʻzbek ishlab chiqaruvchilari va AQSHga toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib berishdan manfaatdor boʻlgan Amerika kompaniyalari vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha keyingi qoʻshma qadamlarni belgilab oldilar.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston tomoni AQSH Mehnat vazirligi tomonidan majburiy bolalar mehnatidan foydalanib ishlab chiqarilgan mahsulotlar roʻyxatidan oʻzbek paxtasini chiqarib tashlagani va uni sotib olish taqiqini bekor qilish masalasini hal etishda qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, boshqa ijobiy tendensiyalar qatorida AQSH savdo vakili tomonidan joriy yilning oktyabr oyida ishchilarning huquqlarini taʼminlash mezoni boʻyicha Oʻzbekistonga nisbatan Preferensiyalar bosh tizimining (PBT) qoʻllanilishini qayta koʻrib chiqish jarayonini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi qayd etildi. Bu – Oʻzbekiston hukumati tomonidan majburiy mehnat amaliyotini tugatish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan bogʻliq.
AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bilan birga amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalarning bugungi holati muhokama qilindi. AQSH savdo vaziri bu boradagi hamkorlikni rivojlantirishda erishilgan yutuqlardan mamnun ekanini bildirib, mintaqada oʻzaro bogʻliqlikni yaxshilash va Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishiga qaratilgan loyiha va tashabbuslarni jadal amalga oshirishda Oʻzbekiston tomonini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro savdo va investitsiyaviy sheriklikni yana-da mustahkamlashga sodiqligiga ishonch bildirdilar va ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish maqsadida hamkorlikni yana-da kengaytirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.