Kongress vakillarining qayd etishicha, Oʻzbekiston-AQSH munosabatlarining hozirgi darajasi tarixiy rivojlanish bosqichida turibdi va “Strategik hamkorlikning yangi davri” sifatida taʼriflanyapti. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va AQSH Kongressi oʻrtasida yaqin muloqot yoʻlga qoʻyilgan.

Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni, shu jumladan, parlamentlararo guruhlar darajasidagi hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yoʻllari hamda ikki mamlakat parlamenti vakillarining oʻzaro tashriflarini koʻpaytirish masalalari muhokama qilindi.

AQSH Kongressi vakillari mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga, jumladan, majburiy mehnat va odam savdosiga qarshi kurashish va diniy erkinlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga yuqori baho berdi.

Qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, savdo-iqtisodiy hamkorlik va ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, jamiyatda xotin-qizlar rolini mustahkamlash, gender tenglikni taʼminlash masalalari ham koʻrib chiqildi.

Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning boshqa masalalarini ham muhokama qildilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.