AQSHning yirik korporatsiyasi bilan 60 million dollarga teng shartnoma imzolandi

    Energetika 26 Sentabr 2023 1546

    “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ AQSHning “General Elektric Global Parts and Products GmbH” korporatsiyasi bilan 60 million dollarga teng shartnoma imzoladi.

    Mazkur hamkorlik mamlakatimizdagi elektr stansiyalarning amaldagi energobloklari modernizatsiyasini amalga oshirishga qaratilgan. Bu esa aholi va iqtisodiyotning muhim tarmoqlari uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlanishi uchun yana bir muhim qadam qoʻyildi demakdir. Shartnoma doirasida elektr stansiyalariga texnik xizmat koʻrsatishdan tashqari, yangi ehtiyot qismlar yetkazib beriladi va demontaj qilingan ehtiyot qismlarini tiklash ishlari amalga oshiriladi.

    — Bu bilan biz mamlakatimiz elektr energetikasi tarmogʻiga zamonaviy, yuqori rivojlangan va energosamarador uskunalarni olib kiramiz, sohadagi eng ilgʻor texnologiyalarni oʻzimizda joriy etish, natijada yoqilgʻi sarfini kamaytirish va ishlab chiqarishni raqamlashtirish evaziga mahsulotning yakuniy narxini pasaytirishga erishamiz, — deydi “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ bosh direktori Ilhom Rajabov.

    Muzokaralar yakuniga oid yana bir muhim jihat shuki, endilikda “Oʻzbekenergotaʼmir” AJning yosh xodimlari amerikalik mutaxassislar ishtirokida bajariladigan taʼmirlash va sozlash ishlari orqali oʻz malakalarini oshiradi, deb xabar beradi “Oʻzbekenergotaʼmir” AJ matbuot xizmati.