Argentina tadbirkorlari Oʻzbekistonning bogʻdorchilik va chorvachilik yoʻnalishlariga qiziqish bildiryapti

    Agrosektor 27 Iyun 2022 1183

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida vazir maslahatchisi Alisher Shukurov Argentinaning Rossiyadagi (oʻrindoshlik asosida Oʻzbekistondagi) elchisi Eduardo Antonio Zuayn (qarorgohi Moskva shahrida) bilan uchrashdi.

    Uchrashuv avvalida mehmonlar respublikamizda agrar sohadagi islohotlar, zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish va eksport salohiyatini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan jarayonlardan xabardor qilindi.

    Geografik jihatdan olisda joylashgan boʻlishiga qaramay, Argentina bilan davlatimiz oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish ikki tomon uchun ham manfaatli boʻlishi taʼkidlandi.

    Eduardo Antonio Zuayn esa, Argentina tomonidan davlatimiz bilan bogʻdorchilik, chorvachilik, oliy taʼlim sohalariga qiziqish bildirilayotganini va bu yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish lozimligini qayd etdi.

    Shuningdek, respublikamizdagi AKIS agroxizmatlar markazi faoliyatida Argentina tajribasi boʻyicha yangi tadqiqotlar oʻtkazish lozimligi muhokama etildi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti va Argentina agrar universitetlari oʻrtasida magistratura va doktorantura bosqichlarida mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni amalga oshirish boʻyicha ham toʻxtamga kelindi.

    Oʻzbekiston tomon Argentina biznes vakillariga choʻl hududlarida chorvachilikni yoʻlga qoʻyishda investitsiya kiritish imkoniyatlar mavjudligini maʼlum qildi.

    Uchrashuv yakunida Argentina Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, tashkilotlar oʻrtasida muhim istiqbolli yoʻnalishlarni belgilash maqsadida onlayn videokonferensaloqa uchrashuvlarini oʻtkazishga kelishib olindi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.