Unda Mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov, Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirining birinchi oʼrinbosari Gulnora Marufova hamda turli davlat va jamoat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, mazkur Xalqaro armiya oʼyinlarida Mudofaa vazirligining 24 ta jamoasi mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi hamda 4 ta oltin, 9 ta kumush, 4 ta bronza medallarni qoʼlga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi oʼrinni egallashdi. Shuningdek, “Sodiq doʼst” musobaqasida 5 nafar harbiy xizmatchi ayollar ishtirok etib, barcha davlatlar oʼrtasida mutlaq gʼoliblikni qoʼlga kiritishdi.

Tantali taqdirlash marosimida Xalqaro armiya oʼyinlarida faxrli oʼrinlarni egallagan jamoa aʼzolari va musobaqa rekordlarini qayd etgan harbiy xizmatchilar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining qoʼl soati va pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, mazkur oʼyinlarda alohida jonbozlik koʼrsatgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar muddatidan oldin topshirildi.

Tadbir davomida Tokio shahrida oʼtkazilgan XVI yozgi Paraolimpiya oʼyinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan shijoatli, matonatli sportchilarimiz “Namunali xizmatlari uchun” koʼkrak nishoni va esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandi.

Bayramona oʼtkazilgan tadbirning badiiy qismida taniqli sanʼatkorlar, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli ijodkorlari, folklor jamolarning milliy raqs ijrolari barcha ishtirokchilarga katta quvonch bagʼishladi.