Unda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Dilorom Toshmuhammedova, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi va aʼzolari, tegishli tashkilot rahbar xodimlari, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya milliy markazining yetakchi ilmiy xodimi hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya milliy markazining yetakchi ilmiy xodimi “Toshkentning qadimgi madaniy yodgorliklari va uning yoshlar tarbiyasidagi oʻrni” mavzusida maʼruza qildi.

Shundan soʻng Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari tomonidan bu borada amalga oshirilgan ishlar ishtirokchilarga yetkazildi.

Jumladan, Yoshlar parlamenti tashabbusi bilan mamlakatimizdagi madaniy yodgorliklarni asrashda yoshlarning rolini oshirish, ularda madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmat hissini shakllantirish maqsadida “Yodgorliklarni asraylik” shiori ostida aksiyaga start berilgani aytib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, Yoshlar parlament aʼzolari tomonidan Toshkent viloyatining Qiziltogʻ hamda Toshkent shahrining Hazrati imom (Hastimom) majmuasida yoshlar oʻrtasida atrof muhitni ozoda saqlash, eʼtiborni kuchaytirish, kelajak avlod uchun madaniy meros obyektlarini muhofaza qilgan holda yetkazish masalalari boʻyicha targʻibot ishlari amalga oshirilgan.

Toshkent shahri va viloyatining 50 ga yaqin yoshlari bilan ushbu maskanlar atrofida “Yodgorliklarni asraylik” shiori ostida obodonlashtirish ishlari olib borilgan.

Oʻz navbatida, yoshlar mazkur aksiyani Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlari va keyinroq respublikaning boshqa hududlarida ham davom ettirish orqali 1 000 ga yaqin yoshlarni aksiya doirasida birlashtirishni rejalashtirgani aytib oʻtildi.

Bundan tashqari, davra suhbati davomida Toshkent shahrida arxeologik obidalarni saqlash va restavratsiyasi qilishda amalga oshirilayotgan ishlar, arxeologik izlanishlar bilan yoshlarni tanishtirish hamda ochilgan qadimiy noyob meʼmorchilik namunalariga oid masalalar muhokama etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.