Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 19-iyul kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam koʻrsatish markaziga 2002-yilda tugʻilgan Arzikulov Asadbek ( ijtimoiy tarmoqlarda “ASAD ALGO” taxallusi bilan tanilgan) “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh subdural gematomasi, boʻyin sohasi qontalashi, ikkala tizzasi va ikkala tirsagida koʻkargan jarohatlari” bilan murojaat qilgan.
Shifokorlar tomonidan bu holat haqida zudlik bilan IIOga xabar berilgan.
Oʻrganishlar jarayonida aniqlanishicha, joriy yilning 16-iyul kuni taxminan soat Mirzo Ulugʻbek tumanidagi bogʻlardan birida 1997-yilda tugʻilgan Abdulaziz I. tanishi Asadbek A. bilan oʻrtasida oʻzaro kelishmovchilik sababli janjal kelib chiqqan, natijada Asadbek A. tan jarohati olgan.
Soʻng ular oʻzaro kelishib olganligi sababli tarqalishgan. Mazkur holat yuzasidan Asadbek A. IIOga, shuningdek tibbiyot muassasasiga murojaat qilmagan.
19-iyul kuni Asadbek A.ning tobi qochganligi sababli shifoxonaga olib borilgan va uning bosh qismida jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan. Biroq shifokorlarning saʼy-harakatlariga qaramasdan Asadbek A. vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (“Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jabrlanuvchining oʻlishiga sabab boʻlsa”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.









