Markaziy harbiy okrugining Navoiy garnizoniga kelgan yosh askarlar yigitlik onti, vatanni koʻz qorachigʻidek asrashni niyat qilib Vatanga qasamyod qabul qilishdi. Jarayonda okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, viloyat hokimi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olganlar harbiy kasbni mustahkam egallab, amaliy koʻnikmalarni doimo oshirib borish lozimligini taʼkidlab, mamlakat mudofaasini himoya qilishdek sharafli va masʼuliyatli vazifaga otlanayotgan oʻgʻlonlarimizga omadlar tilashdi.
Marosim davomida Vatanga sodiq boʻlishga ont ichgan har bir askarga “Oʻzbekiston tarixi” va “Temur tuzuklari” kitoblari topshirildi. Askarlar qalbida unutilmas ushbu onlarni yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan ota-onalar, yoshu keksalar va mehmonlar katta hayajon bilan kuzatdilar.
Tadbirning badiiy qismda harbiy xizmatchilar tomonidan koʻrgazmali qoʻl jangi va faxriy qorovul chiqishlari namoyish etildi. Harbiy orkestr ijrosidagi Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.