Milliy davlatchiligimizning 3 ming yillik tarixi va tajribasidagi oʻchirib boʻlmaydigan yorqin sahifalardan biri, shubhasiz, kengashib ish tutish anʼanasidir. Buyuk Amir Temurning “Davlat ishlarining toʻqqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilishini angladim”, deya aytgani shunchaki gap emas, albatta. Yoʻl qoʻygan katta-kichik xatolarimiz, boy berilgan qator marralarimizga qaramay, har kimga ham nasib qilmaydigan qadim, noyob va shonli oʻtmishimizni haqqoniy va erkin oʻrganish hamda yoritishga qoʻl urganimizga endigina olti-yetti yil boʻldi. Bugun uzoq vaqt ilmimiz, soʻng u orqali xalqimiz ongiga singdirib kelingan soxta qoliplarni chilparchin etish imkoniga egamiz. Ulardan biri buyuk Sohibqironning oʻttiz besh yillik hukmdorlik faoliyati goʻyoki tinimsiz urush-talashlarda oʻtgani haqidagi toʻqimadir.
Dunyoni Samarqand atrofida birlashtirishga erishgan donishmand bobomiz maqsadiga harbiy yurishlar emas, balki chuqur va har tomonlama bilim hamda kengashishlar orqali yetganini baralla aytishimiz kerak. Aytibgina qolmay, oʻzbek davlatchiligiga xos ushbu anʼana – siyosiy madaniyat yangi Oʻzbekistonda tiklangani va natijalarini berayotganini ham urgʻulashdan tortinmasligimiz lozim.
Mana, toʻrt yildirki, har birimizning hayotimizda tengsiz ahamiyatga ega maʼnaviyat va maʼrifat hamda xavfsizlik masalalari tahliliga bagʻishlangan kengashlar ishida qatnashib kelmoqdamiz. Ushbu yigʻilishlarga tegishli mansbadorlardan tashqari barcha ijtimoiy qatlamlar vakillarining taklif etilishi boshida yangilik boʻlsa, endi tabiiylikka aylandi. Eng muhimi, davlatimiz va jamiyatimiz uchun oʻta dolzarb masalalar yechimi ustida bosh qotirishga el-ulusning oʻzi jalb qilinmoqda.
Yangi Oʻzbekistonimizda ilk kunlardanoq qoʻllana boshlangan bunday yondashuv milliy davlatchiligimizning demokratiya, davlat boshqaruvi ochiqligi va fuqarolik jamiyatiga asoslangan bosqichini ilhomlantirishda qanday oʻrin tutayotgani alohida tadqiqotlar mavzusiligini urgʻulagan holda eʼtiborni tilga olingan kengashlarning soʻnggi yigʻilishlarida umummilliy muhokamaga tashlangan bosh masalaga qaratsak.
Prezidentimiz Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining oʻtgan yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishida: “...biz hozirgi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi”, degan savollarni koʻndalang qoʻyib, “Agar biz bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʻyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʻladi”, deya barchamizni sergaklik va safarbarlikka chorlagani shunchaki emas!
Chindan ham, teran oʻylashga majbur qiladigan ushbu soʻzlarni eshitiboq, darhol miyamizga mana bu ikki fikr keldi. Biri “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” chaqirigʻi boʻlsa, ikkinchisi, Prezidentimizning davlat mustaqilligimizning oʻttiz ikki yilligiga bagʻishlangan nutqidagi “Davlatning vazifasi insonlarni baxtli-saodatli qilishdir. Bu maqsadga esa ilm va yaxshi axloq yordamida erishiladi”, degan gaplardir.
Ulugʻ bobomiz Abdulla Avloniyning yuz yil burungi daʼvati bir asr vaqt oʻtib ham tarixiy qimmatini yoʻqotmaganini tan olish kerak. Bilim, izlanish, oʻz ustida ishlash taqozosi yangi Oʻzbekistonimizning ilk paytlaridan hozirgacha kun tartibidan tushgan emas. Biroq aynan mazkur omil endilikda dolzarblashuvining oʻz sabablari bor, deb oʻylaymiz.
Kim nima desa desin, lekin xalqaro munosabatlarda oʻziga xos oʻringa ega farang davlatining yetakchisi Makron janoblarining Oʻzbekistonga kelib, Registonni yana bir koʻrsam, deyishida shunchaki bir tasodif va ramziy nimadir bor, demagan boʻlardik. Yo boʻlmasa, yer osti, yer usti boyliklari uchun bosib olinib, bir yuz ellik yil paxtasi va gazi chetga tashib ketilishi, sotilishiga “ixtisoslashtirilgan” oʻlkada ularning teskari “oqishlari”ga erishish koʻpchilik oʻylayotganidek, aniqrogʻi, xayoliga ham keltirmayotganidek oddiy bir koʻrsatkich emas. Xoʻsh, buning sababi nima?
Sababi, oʻzbek davlati kuchga aylanmoqda, borgan sari oʻz tarixiy haq-huquqini qaytarib olmoqda. Kimlardir boshida yangi Oʻzbekiston gʻoyasiga ishonmagan, koʻp yillik ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy botqoqlikdan chiqib ketishimizga aqllari yetmagan yoki buni istamagan boʻlishlari mumkin. Ammo 2016-yil kuzida boshlangan oʻzgarishlar va yangilanishlar jarayoni ularni biz bilan hisoblashishga, yutuqlarimizni tan olishga majbur etmoqda.
Ushbu haqiqatning boshqa, pardaorti tomoni ham bor. Hali u yoqda, hali bu yoqda “Oʻzbekiston kim tomonda?” degan siyosiy savollar paydo boʻlgan paytda davlatimiz rahbari tomonidan oʻtgan yil koʻklamda Termizdagi chiqishida aytilgan “Millatim, xalqim, buyuk Oʻzbekiston tomonidaman”, degan dangal javobning magʻzini xuddi shu nuqtayi nazardan chaqib koʻrsak, vaziyat yanada oydinlashadi.
Uch ming yillik tarixga ega oʻzbek davlati oʻz tabiati iligidan quvvat olib, yangilanish kuchidan boʻy-basti ulgʻayib borgani sari tashqi xurujlar ham jonlanishdan tinmayotganini ilgʻamaslik mumkin emas. Axir Markaziy Osiyo – Turkiston va turkiy dunyoni birlashtirish, Afgʻoniston bilan munosabatlarni yaxshilash, islom olamidagi azaliy mavqeini tiklashni boshlash, manaman degan davlatlar bilan tengma-teng gaplashish biz dunyo ishlaridan yuz ellik yil uzilib qolganimiz sharoitida xalqaro miqyosdagi azaliy va merosiy oʻrinlarimizni boʻlishib olganlarga yoqadimi? Albatta, yoqmaydi.
Inson haq-huquqlari, soʻz, eʼtiqod erkinligi, erkin saylov, majburiy mehnatni tugatish, mulk daxlsizligini taʼminlash singari oʻnlab omillar, eng avvalo, oʻzimizga kerak. Negaki, ularsiz zamonaviy davlatchiligimizni yarata olmaymiz, ilgʻor va raqobatbardosh turmush tarzimizni yoʻlga qoʻyolmaymiz. Yangi Oʻzbekistondan bosh muddao ham aslida shu! Biroq ularning kimlarningdir qoʻlida bizga qarshi qurol oʻlaroq xizmat qilishlari, boshimiz uzra urtoʻqmoq boʻlib turishiga ham hech qachon koʻnmaymiz! Boshqacha aytganda, qandaydir yetti yil ichida mazkur necha asrlik muammolarni baratarf etish borasida erishgan tarixiy va inqilobiy yutuq hamda marralarimiz kimlarningdir qistovi bilan emas, balki millatimizning yuksalish manfaatlariga koʻra amalga oshirildi va shunday davom etajak!
Jarayonni umumlashtirib tahlil etsak, ushbu oʻta qisqa muddat yana bir haqiqat – oʻzbekning qoʻlidan ancha-muncha ishlar kelishini, agar qattiq kirishsa va oqilona siyosat yuritsa, har qanday toʻsiqni bosib oʻta olishini ayonlashtirdi. Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishida tilga olingan sohalarni raqamlashtirish, “yashil” va innovatsion texnologiyalarning jadal kirib kelishi, butunlay yangicha va zamonaviy sanoat, energetika majmualari, avtomobil va temir yoʻllar, texnopark va IT parklar, “aqlli” va elektron boshqaruv tizimlari barpo etish singari jihatlar bugungi milliy iqtisodiyotimiz uchun tabiiylikka aylanib ulgurgani-yu, biroq ular oʻn yil burun orzu-havas ekani koʻzda tutilsa, “jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir” tenglamasi mohiyatini chuqurroq anglash imkonini tugʻdiradi. Yaʼni milliy iqtisodiyotning koʻlam va sifat darajasi maʼnaviy-maʼrifiy muhitning mazmunini belgilab beradi.
Demak, “Bugungi Oʻzbekiston kechagi Oʻzbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas” ekan, biz uchun hayot-mamot masalasi sanalmish yaxshi axloqni tarbiyalash ishini ham eskicha qarash va yondashuvlarda davom ettirishga haqqimiz yoʻq! Shu maʼnoda, kengashda “Maʼnaviyat va madaniyat sohasidagi ishlarimiz uchun metodik asos boʻlib xizmat qiladigan milliy gʻoyamizni rivojlantirish boʻyicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqishimiz lozim”ligi bejiz urgʻulanmadi. Negaki, ona suti ogʻzidan ketmasdanoq axborot texnologiyalarini oʻzlashtirishni eplayotgan, yashab turgan shahri, qishlogʻi havosining tozaligi haqida qaygʻura boshlagan, elektr avtoulov minib, uyini quyosh quvvati bilan yoritib, kechagina tushiga ham kirmagan ochiq byudjetning qalovini topib, bolasining kelajagi haqida qaygʻura boshlagan avlod bilan endi eskicha gaplashib boʻlmaydi.
Bogʻchaga qamrov yetti yil deganda 27 foizdan 74 foizga yetishini har qancha olqishlasak arziydi. Bu ishni manaman degan uncha-muncha davlat ham eplay olmasligini bemalol aytishimiz mumkin. Negaki, davlatimiz rahbarining qatʼiy va oqilona siyosati oʻlaroq erishilgan ushbu tarixiy marra ortida juda katta tashkiliy, huquqiy, iqtisodiy ishlar koʻlamiyu mashaqqati bor. Biroq yana bir, koʻpchilik eʼtiboridan panada qolayotgan jihat borki, eng ulkan yutugʻimiz ham aslida shudir: ota-onalar, buva-buvilarning kamida chorak kam yuz foizi bola-chaqalari haqida qaygʻurishni boshladilar. Demak, kelajagimiz haqida kuyunishni oʻrganayotgan ekanmiz, umummilliy darajadagi yaxshi xulq omilidan koʻz yummaslikka ham tayyormiz. Bu esa, oʻz oʻrnida, Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishining soʻnggida “...bugungi uchrashuv maʼnaviy hayotimizda yangi islohotlar davrini boshlab beradi”, deb bildirilgan ishonchning negizi boʻla oladi..
Ushbu poydevorning bosh gʻoyasi esa ming yillar ichra sinovdan oʻtib kelayotgan omil – yurtsevarlik va millatsevarlik boʻlib qolishiga hech bir shubha yoʻq. Zero, barcha ulugʻ ishlar xuddi shu kuchdan, zavol topishlarning hammasi aynan shu qudratning yoʻqqa chiqarilganidan boshlangan. Ilm-fan qanchalar ilgarilab ketmasin, iqtisodiyot naqadar yuksalmasin, yurtsevarlik va millatsevarlik qimmatining ohori hech qachon toʻkilmaydi. Shu maʼnoda, Sohibqiron bobomiz siyosiy faoliyati boshlangan palladagi oʻta muhim, biroq temurshunoslar tomonidan ilgʻanmay yoki atayin chetlab kelinayotgan bir jihatga diqqatni tortgan boʻlardik.
1360-yili tarixiy Moʻgʻuliston hukmdori Tugʻluq Temurxon qoʻshin tortib kelayotganini eshitgan barcha yirik siyosiy kuchlar tumtaraqay boʻlgan paytda hali yigirma beshga toʻlmagan Temurbekning Jayhun daryosi boʻyida turib, amakisi Hoji barlosga qarata aytgan mana bu soʻzlarini oʻzbekning har bir avlodi va bolasi hech qachon unutmasligi shart: “Agar biz Vatanni tashlab ketsak, ota yurtimiz begonalar qoʻliga tushajak”.
Aynan mazkur siyosiy qarash – el-yurt qaygʻusi oʻlaroq qoʻyilgan ilk botir va oqil qadam oʻn yil deganda vatanni kelgindilardan butkul tozalash va yana oʻttiz besh yil deganda buyuk saltanat qurish, Samarqandni dunyo markaziga aylantirish, Ikkinchi Uygʻonish davri poydevorini qoʻyish imkonini tugʻdirganini hech kim inkor eta olmaydi!
Agar chuqurroq oʻylab koʻrilsa, oʻzimiz va jahon xalqlari tarixidagi hamma ulugʻ ishlar vatan omilidan boshlangani, barcha qahramonliklar yurtni asrash yoʻlida yuz bergani ayonlashadi.
Shu maʼnoda, Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishidan yigirma kunlar oʻtgach Xavfsizlik kengashining galdagi yigʻilishi boʻlib oʻtgani va unda ham maʼnaviyatning oʻzak masalasi – harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi haqida soʻz ketgani tasodif emas. Vatan bor ekan, uni asrash, qoʻriqlash burchi hech qachon oʻlmaydi!
Demak, yuqorida tilga olinganidek, maʼnaviy hayotimizda yangi oʻzgarishlar davri boshlanayotgan ekan, harbiy-vatanparvarlik omili uning toji boʻlishi, yaʼni barchaga – ham oʻzimiz, ham tashqaridagilarga koʻrinib turishi lozim!
Ochigʻini tan olsak, oʻzimiz deganda va yurt himoyasini koʻzda tutganda, odatda ushbu muqaddas burchni koʻpincha harbiylar va erkaklar bilan bogʻlab kelamiz. Bizningcha, mustamlaka zamonidan qolgan bunday “meros”ga chek qoʻyish payti allaqachon keldi. 14-yanvar – Vatan himoyachilari kunini xotin-qizlarning er-yigitlarga nimadir sovgʻa qilishi marosimiga aylantirib yuborayotganimizni ham tushunish qiyin. Yurt, uning har bir qarichi, mulkini qoʻriqlash yoshi, jinsi, eʼtiqodi, maslagidan qatʼi nazar, butun millatning har kunlik, har daqiqalik muqaddas burchi va masʼuliyati boʻlmogʻi ham farz, ham qarzdir! 3000-yillik milliy davlatchiligimiz tarixida shunday boʻlib kelgan.
Tilimiz, koʻzimiz va, demak, tarixiy ongimiz koʻnikib ketgan Toʻmaris, aslida esa Tomir xotunni eronlik Kurushga qarshi urushgan malika oʻlaroq bilamiz. Biroq uning botirligi zamirida aslida erkak va ayollarning yurt uchun javobgarlikdagi tenglik omili bor. Buni oʻsha kezlarga oid, xotin-qizlarga tegishli qabrlardan qurol-yarogʻlar ham topilgani isbotlaydi. Agar oʻsha kezlar tushunchalariga koʻra, dunyodan oʻtganlarni ular tirikligida eng aziz va zarur sanalgan narsalari bilan koʻmish odati boʻlgani koʻzda tutilsa, kindik qoni toʻkilgan tuproq himoyasi burchi jonsiz momolarimizning arvohlarida ham yashagani oydinlashadi.
Oradan 2000-yil oʻtib ham, xususan, Amir Temur qoʻshinida nayza sanchish, qilich oʻynatish, yoydan oʻq uzishda mohir erkaklardan qolishmaydigan xotin-qizlar boʻlganiga doir guvohliklar esa jangovarlik ruhi oʻzbek ayollarini hech qachon tark etmaganiga yorqin tasdiqdir.
Davlatimiz rahbari vazirning yuragi men oʻzbekman deya faxrlanib, vatanparvarlarcha urishi borasida bekorga kuyunib soʻzlamadi. Biz bugun noziktaʼb, jismoniy urinishlarga yoʻqdek qabul qiladigan ijod va din ahlini ham koʻzda tutib aytadigan boʻlsak, oʻtmishda millatimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda men davlat amaldoriman, men ijodkorman, men imomman, deya chetga chiqishlar boʻlgan emas.
Mavqeidan qatʼi nazar, barcha amaldorlar, jumladan, hokimlar, vazirlar, gʻaznachidan bakovulgacha qoʻlda qurol bilan urush maydonlarida javlon urganiga oid misollar manbalarda yetarlicha topiladi. Eng muhimi, ular bolalikdan harb ishi – qilich chopish, yoydan oʻq uzishga oʻrgatilgan va bu borada oʻz ustlarida tinimsiz ishlagan.
Najmiddin Kubroning Chingizxon qoʻshiniga qarshi jangda kaftida bayroqni qattiq tutganicha jon berganini zoʻrgʻa aytamiz-ku, biroq din peshvolarimizga ibrat oʻlaroq urgʻulamaymiz. Turli yengil-yelpi bahonalar orqali Dukchi Eshon jasoratini ham yoʻqqa chiqardik. Holbuki, unga bahoni mustamlakachi harbiy prokurorning oʻzi berib qoʻygan edi: “Dukchi Eshon oʻlkada rus hukmronligini agʻdarish maqsadida qishloq va shahar aholisini qurol bilan bosh koʻtarishga otlantirdi”. Mana, bizning din peshvolarimiz qanday boʻlgan – millat, yurt uchun dorga tik boqqan!
Bosqinchilarga qarshi urushlarda olimlar, ijod, qalam ahli ham chetda turmagan. Bunga oid misollar yetarli. Ulardan biri oʻzbekning ulugʻi Mahmud Chagʻminiy bilan bogʻliq. Quyoshni oʻzidan nur tarqatuvchi sayyoralarning markazi deb hisoblash mumkinligi, atom va molekulalar haqida ilmiy qarashlarni ilgari surgan buyuk olimimiz ham 1221-yili Chingizxon qoʻshiniga qarshi kurashda shahid ketganini barchamiz, ayniqsa, ziyolilarimiz hech qachon esdan chiqarmasligi kerak. Oʻzlariga oʻrnak bilib, millatimiz va davlatimizga otilgan, hatto ogʻzaki oʻqlarga qarshi koʻkrak kerishga doim tayyor turishi shart!
Kelasi yil 160-yil toʻladigan Toshkent himoyasining guvohi boʻlgan tarixchining “Shahar ahlining yetti yoshidan yetmish yoshgacha erkak-xotin, yosh-qarisi xizmat kamarini bellariga bogʻlab, pishgan taomlarni boshlariga koʻtarib, qatiq, sut, sharbat, issiq non va shirin mevalarni savatlarga solib, yurt qoʻriqchilari turgan joylarga olib borib, iltijo, tavallo va dildorlik qilib, koʻzlaridan hasrat yoshlarini oqizib, koʻz yoshlari bilan ular yuzlaridagi changu gʻuborlarni yuvib, artib koʻzgudek tozalab, keltirgan narsalarini yeb bitirishlarini iltijo qildilar”, deb yozganini izohlash ortiqcha, albatta.
Jadidlarimiz-chi? Ularning oʻn toʻqqizinchi yuzyillik oxirlaridan yigirmanchi yuzyillik oʻttizinchi yillari soʻnggigacha – qirq yilni mustamlakachalik sharoitidagi gʻoyaviy-siyosiy maydonda tinimsiz kurashlarda oʻtkazganining ahamiyatiyu uqubatlarini hali ham tushunib yetmadik! Ulugʻ yozuvchi va shoir Choʻlponning “Qullik qoʻshigʻini tinglagʻon menmen... Hayvon qatorida sanalgʻon menmen” satrlari ortida millatimiz boshiga tushgan ne-ne savdolar faryodi borligini bugungi yoshlarimiz ongiga singdirishimiz ham farz, ham qarz!
Hurriyat tuygʻusi va davlatchilik bor ekan, vatanparvarlik ruhi va tarbiyasi masalasi, undagi jangovarlik, yurt uchun jondan kechish mavzusi hech qachon oʻlmaydi! Negaki, eng zamonaviy qurolni ham inson boshqaradi. Insonni esa irodasi!
Gʻarblik koʻpni koʻrgan bir donishmandning aytib berishicha, Vyetnam urushida yutqazilgani uchun oʻtgan asr yetmishinchi yillari ikkinchi yarmida AQSH yoshlarining harbiy xizmatga qiziqishi oʻta susayib ketgan-u, saksoninchi yillardan yana jonlana boshlagan. Buning sababini eshitib hayron qoldik: 1982-yili katta-kichik ekranlarga “Rembo” filmi chiqqan, aniqrogʻi, chiqarilgan! Yaʼni milliy qahramon paydo boʻlgan. Keyingi yillarda ushbu ruknda yana beshta kinoasar, bolalar uchun multserial ishlangani, qanchadan-qancha videooʻyinlar oʻylab topilgani ham bejiz emas.
Shu maʼnoda, Maʼnaviyat va maʼrifat kengashida “Tirik tarix” rukni ostida vatanimizning shonli oʻtmishiga bagʻishlangan 50 ta badiiy film yaratish masalasi oʻrtaga tashlanganini alohida urgʻulagan boʻlardik. Tarixda oʻtgan ulugʻ shaxslar va oʻtmishda yuz bergan buyuk voqealarning koʻlami borasida uncha-muncha millat va davlat bizning oldimizga tusholmaydi, desak xato gapirmagan boʻlamiz. Biroq yaqin-yaqingacha ularni ommalashtirish, ayniqsa, millionlar emas, milliardlar ongiga yetib borish kuch-qudratiga ega nodir va oʻtkir qurol – kino orqali ushbu ustunligimizni yuzaga chiqarolmay kelganimiz ham haqiqatdir.
Soʻnggi yillarga kelibgina bu borada ilk qadamlarni tashlash imkoni tugʻildi. Bugungi erkin hayotimiz uchun boshlarini kundaga qoʻygan jadid bobolarimizga bagʻishlangan kinoasarlar, jumladan, “Avloniy”, “Ibrat”, shuningdek, “Imom Termiziy”, “Islomxoʻja”, “Ilhaq”, “Mendirman Jaloliddin” singari filmlar dunyoga keldi. Shu tariqa sobiq shoʻro mafkurasi qon-qoniga singib ketgan, Stanislavskiy-Danchenko “tizimi”dan boshqasini tan olmaydigan sohaga ham yangilanish yellari kirib bordi. Toʻgʻri, ular mukammal emas. Boʻlishi ham mumkinmas. Negaki, bu borada bizda, yumshoqroq aytganda, tajribaning oʻzi yoʻq edi. Demak, yoʻl-yoʻlakay oʻrganishimizga toʻgʻri kelyapti.
Prezidentimizning korxona va muassasalarda oyning bir kunini “Teatr kuni” deb eʼlon qilib, xodimlarning teatrlarga borishini yoʻlga qoʻyish tashabbusi bejiz boʻlmaganini taʼkidlagan boʻlardik. Gap shundaki, biz ham institutimiz jamoasi bilan Milliy teatrga bordik. Ilmiy qiziqishlarimiz doirasida boʻlgan “Usmon Nosir” tomoshasini tanladik. Avvalo, sahnalarimizga qatagʻon qurbonlari mavzusi chiqqanining oʻzi katta bir voqeadir. Shu bilan birga, oʻsha kuni yaqqol koʻzga tashlangan bir jihatga toʻxtalmaslik mumkinmas, deb oʻylaymiz.
Usmon Nosirni qamoqqa olish sahnasidagi qiy-chuvlar, oʻzini oqlashlar, otaning yuragini changallab, oʻzidan ketib qolishiyu onaning faryodlari kishi yuragiga taʼsir qiladi, biroq ongi va feʼlini tarbiyalashga xizmat qilmaydi, deb ishonamiz. Buning oʻrniga Usmon Nosir “senlar bosqinchi, qonxoʻrsanlar, millatim dushmanlarisanlar”, otasi qaddini tik tutgan va oʻzini yoʻqotmagan holda “Usmon, sendek oʻgʻlim borligidan faxrlanaman, bir boshga bir oʻlim, yurt uchun oʻlmoq sharafdir”, onasi “mana bu jallodlar oldida tiz choʻkkaningda, oʻzbek yigiti shaʼniga dogʻ tushirganingda, bergan sutimdan rozi boʻlmasdim, bor, seni xudoga topshirdim”, desalar, tarbiyaviy ahamiyati butunlay oʻzgacha boʻlardi, nazarimda. Bu shaxsiy fikrim, albatta.
Masalaning aynan ushbu – gʻanim oldida bosh egmaslik, tahdidlardan qoʻrqmaslik, qiyinchiliklarga chidamlilik, har qanday sharoitda yuksak va ezgu maqsadlardan qaytmaslik, el-yurt birligiga xiyonat qilmaslik singari omillarga bekorga urgʻu bermayapmiz. Negaki, oʻtgan qisqa muddatda jamiyatimiz va davlatimiz borligʻining barcha hal qiluvchi yoʻnalishlarida tub oʻzgarishlar yuz berib boʻldi. Yuz beribgina qolmay, bizni boshqacha ishlash va yashashga undamoqda, dunyo miqyosidagi keskin raqobatga chorlamoqda. Demak, barchasi oʻzimizga bogʻliq boʻlmoqda. Buning uchun esa xalqimiz, ayniqsa, farzandlarimiz ongida vatanga muhabbat, yurtimiz kelajagiga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetish tuygʻusini kuchaytirish borasidagi gaplarni bu yorugʻ dunyoda yashab qolishimiz sharti oʻlaroq qabul qilishimiz ham farz, ham qarzdir.
Azamat ZIYO,
FA Tarix instituti direktori, akademik